Qancha pul beriladi

Subsidiya puli — 30 million so‘m. Bu summa qat’iy belgilangan, ya’ni oylik daromadingiz, boshlang‘ich to‘lov yoki kredit summangizga bog‘liq emas. Eng muhimi — subsidiya faqat yangi qurilgan, kadastrdan o‘tgan uylar uchun beriladi.

Agar siz subsidiya olib, shartnomani imzolagan bo‘lsangiz, bu pul siz ipoteka kreditini olgan bankdagi hisob raqamingizga tushadi. Subsidiya oladiganlar soni 30 ming kishi bilan cheklangan.

2026-yilda arizalar qabuli 16-martdan boshlandi va yil oxirigacha davom etadi.

Qaysi uylar uchun subsidiya beriladi

Subsidiya faqat kadastr ro‘yxatiga kiritilgan yangi uylarga beriladi. 

Lekin bu yerda bitta muammo bor. Bunday uylardagi kvartiralar ko‘pincha qurilish boshidayoq sotilib ketadi. Kadastrga kirgan paytda qoladigan variantlar esa qimmat bo‘lishi mumkin — masalan, maydoni katta bo‘lgani uchun.

Bunday holatda subsidiya boshlang‘ich to‘lovning katta qismini yopmaydi. Bundan tashqari, bank beradigan kredit summasiga ham limit bor. Toshkent uchun 480 mln so‘mgacha, viloyatlar uchun 380 mln so‘mgacha.

Natijada xaridorlarga narxi hamyonbop va subsidiya shartlariga mos keladigan uy topish qiyin. 

Subsidiyasini kim olishi mumkin

Ariza beruvchilarga qo‘yiladigan asosiy talablar.

Yosh. Ipoteka subsidiyasini 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi olishi mumkin.

Daromad. Toshkent aholisi uchun minimal rasmiy daromad — 2,7 MHTEKM, taxminan 3 mln 431 ming so‘m. Maksimal daromad — 9,2 MHTEKM, taxminan 11 mln 693 ming so‘m. Qoraqalpog‘iston va boshqa viloyatlar uchun bu summa 3 mln 431 ming so‘mdan 10 mln 168 ming so‘mgacha. Hisoblashda oxirgi 12 oygacha bo‘lgan o‘rtacha daromad olinadi. Faqat oylik emas, fermerlik yoki o‘zini o‘zi band qilishdan keladigan daromad ham hisobga olinadi.

Agar umumiy daromad belgilangan limitdan yuqori bo‘lsa, subsidiya berilmaydi. Agar kam bo‘lsa, bir uyda yashaydigan yaqin qarindoshlar — masalan, turmush o‘rtog‘i yoki ota-onaning daromadini ham qo‘shish mumkin. Lekin ariza topshirayotgan odamning umuman daromadi bo‘lmasa, qarindoshlarining daromadi hisobga olinmaydi.

Boshqa ipoteka imtiyozlari bo‘lmasligi kerak. Subsidiya bir oilaga faqat bir marta beriladi. Agar siz yoki turmush o‘rtog‘ingiz oldin subsidiya olgan bo‘lsa, ariza rad etiladi. Boshqa ipoteka imtiyozlaridan foydalangan yoki arzon uy-joy dasturi orqali kvartira olganlarga ham subsidiya berilmaydi.

Nomida uy bo‘lmasligi kerak. Ariza topshirayotgan odam va uning turmush o‘rtog‘i nomida O‘zbekiston bo‘ylab uy-joy bo‘lmasligi kerak.

Yaxshi kredit tarixi ham muhim. Buni ipoteka beradigan bank tekshiradi.

Arizalar qanday baholanadi

Davlat ipoteka subsidiyasiga kim haqli ekanini ball tizimi asosida baholaydi. Har bir nomzod ijtimoiy holatiga qarab ball oladi. Qanchalik ehtiyoj yuqori bo‘lsa, shuncha ko‘p ball beriladi.

Masalan, ariza topshirayotgan odamning o‘z uy-joyi bo‘lmasa, unga 20 ball beriladi. Daromadi Toshkent uchun 8 MHTEKdan, Qoraqalpog‘iston va boshqa viloyatlar uchun esa 7 MHTEKdan kam bo‘lganlarga yana 10 ball qo‘shiladi. Chet elda ishlab, Labor-Migration dasturida ro‘yxatdan o‘tganlar 10 ball oladi. Nogironligi bor odamlarga 5 ball beriladi. Lekin buning uchun odam “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” tizimida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak.

Shifokorlar va olis hududlarda ishlayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislarga, 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarga, yolg‘iz onalarga, ajrashgan ayollar va bevalarga ham 5 balldan qo‘shiladi.

Subsidiya olish uchun kamida 30 ball to‘plash kerak. Ball berishning to‘liq mezonlari hukumat qarorida ko‘rsatilgan.

Nima uchun ball beriladi

Subsidiyaga ariza topshirish tartibi

Onlayn. Yagona davlat xizmatlari portali yoki MyGov mobil ilovasi orqali.

Davlat xizmatlari markazlarida — agar o‘zingiz borib topshirsangiz, eng yaqin markaz manzilini gov.uz saytidan topasiz.

Arizangizni 5 ish kun ichida ko‘rib chiqishadi.

Hujjatlar

Ariza topshirish uchun quyidagi hujjatlar kerak:

  1. Pasport yoki ID-karta
  2. Nikoh yoki ajrim guvohnomasi (agar bo‘lsa)
  3. Farzandlaringizning tug‘ilganlik guvohnomalari va ID-kartalari (agar bo‘lsa)
  4. Sotib olayotgan uyning kadastr hujjati
  5. Doimiy yashash joyingiz haqida hujjat — uy daftari yoki kvartira kartochkasi nusxasi
  6. Daromadlaringiz haqida ma’lumot

Yana boshqa hujjatlar so‘ralmasligi kerak — bu qonun bilan belgilangan. Agar arizani onlayn topshirsangiz, shaxsiy hujjatlar tizimda avtomatik yuklanadi. 

Daromadni qanday tasdiqlash mumkin?

Arizangizga javobni Davlat xizmatlari portali orqali ko‘rishingiz mumkin. Agar subsidiya ma’qullansa, undan 12 oy ichida foydalanish kerak. Ulgurmasangiz, keyingi safar yana ariza topshirish mumkin.

Nega rad javobi beriladi

Asosiy sabablar:

Agar noto‘g‘ri yoki xatolik bilan ariza topshirgan bo‘lsangiz, qaytadan urinib ko‘rish mumkin.

Muddati o‘tib ketgan yoki kvota tugagan bo‘lsa, keyingi yilda yana ariza topshiring.