Ryukzak va aksessuarlar
Ryukzak. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun keng, tasmali va ortopedik suyanchig‘i bo‘lgan ryukzakni tanlagan yaxshi. Chunki u shaklini yo‘qotmaydi va egiluvchan bo‘ladi. O‘rta va yuqori sinf o‘quvchilariga sifatli ergonomik ryukzak olgan yaxshi.
2–3 ta bo‘limi bor ryukzak tanlang. Kitoblar, daftarlar, yegulik va boshqa kerakli narsalarni alohida joylashtirish oson bo‘ladi. Tashqi cho‘ntaklar ham kerak. Suv va boshqa mayda narsalarni solish mumkin. Ryukzak materialiga e’tibor bering. Qalin, mustahkam va suv o‘tkazmaydigan bo‘lishi kerak. Orqa qismi to‘rli bo‘lgani yaxshi. Shunda havo o‘tadi va orqa terlamaydi. Choklari yopishtirilgan emas tikilgan bo‘lsin. Bo‘lmasam eng noqulay vaqtda ajralib ketishi mumkin.
Ryukzakning o‘zi og‘ir bo‘lmasin. Darsliklarsiz og‘irligi, birinchi sinf uchun 700 grammgacha, kattaroq bolalar uchun 1 kilogrammgacha bo‘lishi kerak. Ryukzak yelkadan baland va beldan pastda turmasin. Kelajakka mo‘ljal qilib kattarog‘idan olmang. Bolaga noqulay bo‘ladi.
Aksessuarlar. Aniq kerak bo‘ladi:
- Sport va almashtirib kiyiladigan oyoq kiyim uchun ikkita alohida qopcha oling. Paket ishlatmang, havo o‘tmaydi va nam oyoq kiyim dimlanib, yoqimsiz hid chiqaradi.
- Suv uchun butilka, hajmi 0,4–0,7 litr.
- Lanch-boks. Ovqat uchun qopqoqli idish oling.
Ryukzakda yorug‘likni qaytaruvchi elementlar bo‘lmasa, ularni alohida olgan yaxshi. Yomg‘irli kunlar uchun ryukzakka suv o‘tkazmaydigan g‘ilof oling. Shunda kitob va daftarlar ho‘l bo‘lmaydi.

Maktab formasi va oyoq kiyim
Forma. O‘zbekistonda barcha maktablar uchun bir xil forma yo‘q. Lekin, ko‘p maktablar o‘z qoidalariga qarab forma joriy qiladi. Masalan, maktab Vazirlar Mahkamasi tavsiya qilgan formani tanlashi mumkin. Boshida formani barcha uchun majburiy qilishmoqchi edi, lekin hozircha uni kiyish ixtiyoriy. Tavsiya etilgan formani maktabdan sotib olish yoki tiktirish mumkin.
Forma uchun to‘q rangli pastki qism va och rangli ustki qism qoidasi bor. O‘g‘il bolada ikkita to‘q rangli shim, uzun va kalta yengli oq ko‘ylaklardan kamida ikkita bo‘lishi kerak. Qizlar odatda shim o‘rniga yubka kiyishadi. Ularga maktab bluzkasi va kolgotkalar ham kerak.Maktab formasi juda tor va juda keng bo‘lmasin. Yubka tizzadan 5–15 sm pastroq, shim esa to‘pigi‘ni yopib turadigan uzunlikda bo‘lishi kerak.
Oyoq kiyim — ko‘chada kiyishga, maktabda almashtirib kiyishga oling. Jismoniy tarbiya uchun krossovka kerak.
Almashtirib kiyiladigan oyoq kiyimni tanlashda e’tiborli bo‘ling. Yaxshisi, tabiiy materialdan tayyorlangan modelni tanlang. Tagi sirpanmaydigan va egiluvchan bo‘lsin. Orqa qismi esa tovonni mahkam ushlab turishi kerak. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bog‘ichli emas, yopishqoq (lipuchka) oyoq kiyim qulayroq. Rang tanlashda esa qora, to‘q ko‘k, kulrang yoki jigarrang ranglarni tanlang.
Ko‘p maktablarda polda iz qoldirmaydigan och rangli tagcharmli oyoq kiyim talab qilinadi.
Jismoniy tarbiya uchun kiyim. Sport kostyumi, issiq ob-havo uchun tizzadan past turadigan shortiklar va ikkita oq futbolka kerak.

Daftar-qalam
Bu ro‘yxatdagi narsalar eng ko‘p ishlatiladi. Tez tugaydigan anjomlarni ko‘proq olgan yaxshi.
Shunda bolangizni qalam yoki ruchkasi tugab qolishi haqida xavotir olmaysiz.
Bolangiz birinchi sinfga bormasa, barcha anjomlarini o‘zingiz sotib olishingiz kerak. Biz eng kerakli narsalar ro‘yxatini tuzdik.
Daftarlar — Boshlang‘ich sinflar uchun 12 yoki 18 varaqli katakli va chiziqli daftarlar kerak. Yuqori sinflar uchun 24, 48 va 96 varaqli katakli yoki chiziqli daftarlar olinadi. Ko‘pchilik standart katakli daftarni tanlaydi. Birinchi sinf o‘quvchilari ko‘pincha qiya chiziqli yozuv daftariga yozishadi. U bolalarga harflarni to‘g‘ri qiyalikda yozishni o‘rganishga yordam beradi.
O‘quv yili boshlanishidan oldin o‘qituvchilar nechta va qanday daftarlar kerakligini oldindan aytishadi. Ayniqsa boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari. Qaysi daftarlar kerakligini bilmasangiz, har bir turidan 20 tadan olib qo‘ying.
Yuqori sinf o‘quvchilariga har bir fan uchun bittadan ish daftari va yana 4–5 ta zaxira daftar oilinadi. Chet tili va ikkinchi til (rus yoki o‘zbek tili) uchun lug‘at daftari, musiqa daftari hamda fizika, kimyo va ayrim boshqa fanlar uchun ish daftarlari kerak bo‘lishi mumkin.

Daftarlar va kitoblar uchun muqovalar. Daftarlar uchun muqovani daftarlar soniga qarab oling. Yana 4-5 tasini zaxira qilib qo‘ygan ma’qul. Chunki yirtilib qolishi mumkin. Kitoblar uchun muqovalarni darsliklar berilgandan keyin oling. O‘lchamlari har xil bo‘lishi mumkin. Qalin va shaffof muqova olgan yaxshi. Shunda qaysi daftar yoki kitob ekani darrov bilasiz.
Daftarlar uchun papka. Ryukzak ichida tartib bo‘ladi, daftarlar bukilib, yirtilmaydi. Boshlang‘ich sinfga bitta, yuqori sinfga esa ikkita olgan yaxshi.
Boshlang‘ich sinfda kitob uchun podstavka. Imkon bo‘lsa, undan doim foydalanish kerak. Kitobni qulay holatda qo‘yishga yordam beradi.
Penal. Birinchi sinf o‘quvchisiga qattiq korpusli, ruchka va qalamlar uchun mahkamlagichlari yoki alohida bo‘limlari bo‘lganini oling. Bunday penal narsalarni tartibli saqlashga yordam beradi. O‘z joyi bo‘lgani uchun ruchka, qalam yoki o‘chirg‘ichni topishi oson. Qattiq korpus turli rangli qalamlarni sinib qolishdan himoya qiladi. 2–3-sinfdan yumshoq penalga o‘tsa bo‘ladi. U yengilroq va ichiga ko‘proq narsa sig‘adi.
Juda katta penal kerak emas. Ichida joy ko‘p bo‘lsa, keraksiz ruchkalar, qog‘ozchalar va har xil mayda narsalar bilan to‘lib ketadi.

Yozuv anjomlari va boshqa kerakli buyumlar. Sizga aniq kerak bo‘ladi:
- ko‘k siyohli sharikli ruchka — 10 ta. Matnni belgilash uchun yashil va qizil ruchkadan 2–3 tadan;
- oddiy qalamlar: T — qattiq, M — yumshoq, TM — o‘rtacha qattiqlikdagi. Har biridan 2 tadan;
- rangli qalamlar — kamida 12 xil rangli to‘plam;
- yumshoq o‘chirg‘ich — 2 ta;
- 20 sm li chizg‘ich — 2 ta, sirkul va transportir;
- qalam o‘tkirlagich — 2 ta. Idishchali modelini tanlang.
Yana flomasterlar, gel ruchkalar va ijodiy ishlar uchun markerlar ham kerak bo‘lishi mumkin.
Kundalik. Aslida kerak emas. Birinchi sinfda maktab beradi, keyin esa elektron kundalik bo‘ladi.
Rasm chizish uchun anjomlar. Quyidagilar kerak bo‘ladi:
- akvarel bo‘yoqlar uchun A4 va A3 formatdagi qog‘oz — har biridan 20 ta varaq;
- A4 formatdagi yupqa albomlar — 3–4 ta. Qalin albomdan ko‘ra olib yurish osonroq;
- akvarel bo‘yoqlar, guash va mumli bo‘rlar — kamida 12 ta rangli to‘plam;
- palitra;
- suv to‘kilmaydigan stakanchа;
- mo‘yqalamlar: 1 ta katta, 1 ta o‘rta va 3 ta kichkina.
Kichkina bolalarga kiyimlari iflos bo‘lmasligi uchun fartuk olgan yaxshi. Darslar uchun bolaga nam va quruq salfetkalar ham olish kerak. Bo‘yoqlar, albom va boshqa anjomlarni solish uchun papka ham kerak.
Mehnat darslari uchun kerakli anjomlar. Bu darslar uchun rangli, yaltiroq va oddiy qog‘oz, 2 ta rangli karton to‘plami, PVA yelimi, yelim-qalam, plastilin, plastilin uchun taxtacha va uchi yumaloq qaychi kerak. Plastilin tanlayotganda qo‘lga yopishmaydiganini oling. Barchasini solib yurish uchun alohida papka ham kerak.
O‘quv burchagi
Bola maktabga chiqqanda unga dars qilishi uchun qulay joy tayyorlash kerak. Bemalol dars qiladi va kerakli narsalarning hammasi yonida bo‘ladi. Quyidagi narsalar kerak bo‘lishi mumkin.
Yozuv stoli — mustahkam, bolaning bo‘yiga mos va o‘lchami kamida 100–120 × 60 sm bo‘lishi kerak. Balandligi sozlanadigan stol olsa bo‘ladi. Uni bolaning bo‘yiga qarab moslaysiz.
Ergonomik kreslo — balandligi sozlanadigan, belni ushlaydigan va mustahkam ustuni bo‘lishi kerak. Bolaning oyoqlari polga tegmasa, oyoq qo‘yish uchun tirgak olish kerak. Bola o‘tirganda oyoqlari polga yoki tirgakka to‘liq tegib tursin. Tizzalari esa taxminan 90° bukilgan bo‘lsin.
Stol chirog‘i — uyga vazifani qilganda yorug‘likni yo‘naltirib, sozlash mumkin bo‘lishi kerak.
Darslik va kitoblar uchun javonlar yoki shkaf. Kanselyariya va mayda narsalarni qulay joylashtirib, tartibli saqlash uchun organayzerlar oling.
Hamma narsani birdaniga sotib olmang. Birinchi bo‘lib stol, qulay kreslo va yaxshi stol chirog‘ini oling. Javonlar, organayzerlar va boshqa narsalarni keyinroq olsa bo‘ladi. Avval nima yetishmayotganini bilib oling.
Noutbuk uchun podstavka — ekranni ko‘z bilan bir balandlikka chiqaradi, bo‘yinni kamroq
charchatadi va noutbukning yaxshiroq sovishiga yordam beradi.
Elektronika
Kalkulyator — telefonda bor, lekin ba’zi maktablarda darsda gadjetlardan foydalanishga ruxsat yo‘q.
Smartfon — bolangizda hali telefon bo‘lmasa, aloqada bo‘lish uchun uni olib berishni o‘ylab ko‘rishingiz mumkin. Maxsus ilovalar orqali farzandingizning qayerdaligini ko‘rsangiz bo‘ladi.
Planshet 3–4-sinfdan keyin bo‘ladi. Masalan, elektron darsliklarni o‘qish, chet tilini o‘rganish mumkin. Lekin kompyuterning o‘rnini to‘liq bosmaydi.
Noutbuk yoki shaxsiy kompyuter. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga odatda uydagi kompyuter yoki noutbukning o‘zi yetadi. Shaxsiy qurilma taxminan 8-sinfdan boshlab kerak bo‘ladi. Unda uzun matnlarni yozish, hujjatlar, jadvallar va taqdimotlar bilan ishlash oson. Minimal talablar: operativ xotira kamida 8 GB, yaxshisi 16 GB. SSD – 512 GB, Full HD ekran, veb-kamera va mikrofon, hamda Windows 11 yoki macOS’ning so‘nggi versiyasi.
Kompyuter uchun sichqoncha va klaviatura oling.
Fleshka — 32–64 GB. Taqdimotlar, loyihalar, referatlar va boshqa o‘quv fayllarini saqlash hamda bir qurilmadan boshqasiga o‘tkazish uchun kerak.
Tejamoqchi bo‘lsangiz, foydalanilgan mebel yoki texnikani olx.uzdan topish mumkin. Yoki kerakli narsani xorijdan buyurtma qilsa bo‘ladi. Buni qanday qilish haqida “O‘zbekistonda turib, chet el do‘konlaridan buyurtma berish bo‘yicha qo‘llanma” maqolamizda yozganmiz.

