Quruvchini tekshiring
Davlat organlari saytlari. O‘zbekistonda qurilish loyihalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun “Shaffof qurilish” platformasi bor. Qurilish kompaniyalari aholidan pul olishidan oldin loyihalarini shu platformada ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak. Platformada quruvchilar reytingini ham ko‘rish mumkin. Qurilish boshlashdan oldin bu ro‘yxatdan o‘tish majburiy. Faqat ikki qavatgacha bo‘lgan xususiy uylar uchun bunday talab yo‘q.
Qurilish kompaniyalari 6 ta guruhga birlashtirilgan 71 ta ko‘rsatkich asosida baholanadi. Baholashda kompaniyaning moliyaviy ma’lumotlari, soliqlarni vaqtida to‘lashi, ish tajribasi, qurilish bo‘yicha ma’lumotga ega xodimlari soni, maxsus texnikalari va boshqalar hisobga olinadi.
Kompaniyalariga A dan D gacha bo‘lgan reyting ballari beriladi. Har bir ball ichida ham alohida darajalar bor. Masalan, BBB reytingi berilgan quruvchi B reytingli kompaniyadan ishonchliroq bo‘ladi.

2026-yil oktyabr oyida Uy-joy nomli maxsus platforma ishga tushishi kerak. Unda qurilish kompaniyalari va ular bilan tuzilgan shartnomalar haqidagi ma’lumotlar yig‘iladi. Kompaniya bilan tuziladigan shartnomaning ishonchliligini ham tekshirish mumkin.
Quruvchining rasmiy sayti. Saytlarda kvartira reklamalari juda ko‘p. Ammo ular orasidan foydali ma’lumotlarni ham topsa bo‘ladi. Masalan, har xil loyihalar, qurilayotgan va bitgan uylarni topish mumkin.

Mijozlar fikrlari. Odamlar asosan qurilish kompaniyasi haqida emas, qurilgan uylar haqida yozishadi. Tayyor uyda yashayotganlar qurilish sifati, qulayliklar va kamchiliklarni ko‘rsatishlari mumkin. Shuning uchun avval kompaniya qachondan beri ishlayotgani va shu paytgacha qaysi uylarni qurganini bilib oling. Bular qurilish kompaniyasining saytida bo‘ladi.
Keyin Google yoki Yandex xaritalaridan shu uylarni topib, ular haqidagi izohlarni o‘qib chiqing.
Ko‘chmas mulk sotib olishga yordam beradigan yoki uy-joy bozori haqida ma’lumot to‘playdigan saytlarda ham izohlar bo‘ladi. Masalan, Toshkentdagi yangi qurilishlar haqida ma’lumot jamlaydigan yagona portal bor. Undan kerakli uy yoki turar joy majmuasini topib, odamlar qoldirgan fikrlarni o‘qishingiz mumkin.

Qurilish joyiga boring. Gap faqat quruvchi kompaniyaning ofisiga borish haqida emas. Qurilish maydoniga ham borib, ishlar qanday ketayotganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring. Ishchilar bilan ham gaplashing. Ular ikki oydan beri maosh olmagan va ishni tashlab ketish haqida o‘ylayotgan bo‘lishi mumkin.
Qurilish ishlarini baholash uchun mutaxassis bo‘lish shart emas. Buni o‘zingiz ham qila olasiz.
Hujjatlarni tahlil qiling
Uy qurayotgan kompaniyada quyidagilar bo‘lishi shart:
1. Qurilish uchun ajratilgan yer uchastkasi.
2. Uy qiymatining kamida 20 foizi miqdorida o‘z puli yoki bankning kredit ajratilgani haqidagi kafolat xati.
3. Loyiha-smeta hujjatlari va ekspertizaning ijobiy xulosasi.
4. Texnik nazorat, mualliflik nazorati va davlat nazorati bo‘yicha shartnomalar.
5. Kvartira xaridorlaridan tushadigan pullar uchun alohida hisobraqam.
“Shaffof qurilish” platformasida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalarning faoliyati qonuniy hisoblanadi. Siz qiziqayotgan uy haqidagi ma’lumotlarni Qurilish vazirligining xaritasidan ham topish mumkin. Uy nomini qidiruvga kiriting yoki qurilish maydonida joylashtirilgan QR kodni skanerlang.

Kompaniyaga hali ishonmasangiz, qo‘shimcha hujjatlarni, masalan, yer huquqni tasdiqlovchi hujjatlar va davlat ekspertizasi xulosasini so‘rang. Ammo buni qilish shart emas. Kompaniya reyestrga kiritilgan bo‘lsa, uning asosiy hujjatlari joyida bo‘ladi.
Ulushdor, ya’ni xaridorning qonuniy huquqlari:
1. Qurilish maydonidagi ishlar bilan tanishish.
2. Qshartnoma majburiyatlari bajarilishi haqida yozma ma’lumot olish.
3. Qurilish ishlarini texnik jihatdan tekshirtirish va ajratilgan pulning maqsadli ishlatilishini nazorat qilish uchun kompaniyalar yoki xususiy mutaxassislarni jalb etish.
Ruxsatnomalarsiz boshlangan uylar vaqtida bitmasligi mumkin. Masalan, 2025-yil iyul oyida Toshkent hokimligi shaharda 59 ta noqonuniy qurilish to‘xtatilganini bildirgan. Bu obyektlarning hammasi turar joy binolari bo‘lgan. Quruvchilar ishni loyiha hujjatlarsiz, davlat ekspertizasining ijobiy xulosasisiz va boshqa kerakli ruxsatlarsiz olib borishgan.
Kvartirani band qiling va xaridni rasmiylashtiring
Yangi kvartirani hali “kotlovan” paytida ham, foydalanishga topshirilgandan keyin ham olsa bo‘ladi. Hali poydevori qo‘yilmagan yoki qurilishi endi boshlangan uylardagi kvartiralar arzonroq sotiladi. Ammo bu uylarni ham ishonchli deyish qiyin. Qurilayotgan uy o‘z vaqtida bitmasligi mumkin.
Qurilayotgan uydan kvartira sotib olish uchun bir nechta bosqichlardan o‘tish kerak.
Kvartirani band qiling. Buni quruvchi kompaniyaning ofisida qilasiz. Pulni berish uchun bankka ham borishga tayyor turing.
Kvartirani band qilganingizda, quruvchi uni siz uchun vaqtincha ajratib qo‘yadi. Ya’ni shu muddat ichida kvartira boshqalarga sotilmaydi. Ammo bu hali oldi-sotdi bitimi amalga oshadi degani emas. O‘zbekistonda quruvchilar kvartirani odatda 5–10 kunga band qilib qo‘yishadi.
Qonunchilikda kvartirani band qilish narxi yo‘q. Ayrim quruvchilar kvartira narxining ma’lum foizini oladi. Bu odatda 3 foizdan oshmaydi. Boshqalari aniq summani belgilaydi. Ko‘pincha oldi-sotdi shartnomasi tuzilganda, band qilish uchun to‘langan pul kvartira narxidan chegirib tashlanadi. Band qilish narxini qurilish kompaniyasiga qo‘ng‘iroq qilib yoki ofisiga borib bilib olasiz.
Kvartirani olmasangiz, band uchun to‘lagan pulingizning bir qismini qaytarib olishingiz mumkin. Ba’zi kompaniyalar esa pulni umuman qaytarmaydi. Muammolar kelib chiqmasligi uchun band qilish bo‘yicha alohida shartnoma tuzing. Unda to‘lov miqdori, qaytarish shartlari va kvartiraning narxi aniq belgilanishi kerak. Bu quruvchining keyinchalik narxni oshirib yuborishining oldini oladi.
Ulushdor shartnomasini tuzing. Bu tomonlarning majburiyatlarini belgilovchi hujjat. Quruvchi kompaniya uyni bitkazib, kvartirani sizga topshiradi. Siz esa kelishilgan pulni to‘laysiz.
Shartnomada muhim shartlari ko‘rsatiladi:
- qurilish muddati;
- kvartira kalitini olish va mulk huquqini rasmiylashtirish sanalari;
- kvartirani kech topshirilsa, jarima miqdori;
- kvartiraning narxi va to‘lov shartlari;
- kvartiraning kafolat muddati.
Bular shartnomada ko‘rsatiladigan asosiy shartlar. Ularni to‘ldirsa ham bo‘ladi. Masalan, kvartiraning maydoni dastlabki rejadagidan farq qilsa, nima qilish kerakligi yoziladi. Ortiqcha kvadrat metrlar uchun quruvchiga qo‘shimcha pul to‘lash kerakligi yoki maydon kichikroq chiqsa, to‘langan pulning bir qismi qaytarilishi ham belgilanadi.
Ulushdor shartnomasi namunasini Legal Tech platformasida ko‘rishingiz mumkin.
Kvartira uchun pul to‘lang. To‘lov quruvchi kompaniyaning hisob raqamiga o‘tkaziladi. Ipotekaga olinayotgan uy uchun pul ikki qismga bo‘lib to‘lanadi. Siz boshlang‘ich to‘lovni to‘laysiz, bank esa kredit hisobidan qolgan pulni o‘tkazadi. Ipoteka haqida “Ipotekaga uy olishdan oldin nimalarni bilish kerak” maqolasida yozganmiz.
2026-yildan boshlab O‘zbekistonda qurilayotgan uylardan kvartira sotib olish bo‘yicha bitimlar faqat eskrou hisobi orqali bo‘lishi kerak edi. 2026-yildan boshlab O‘zbekistonda qurilayotgan uylardan kvartira sotib olish bo‘yicha bitimlar faqat eskrou hisobi orqali amalga oshirilishi kerak edi. Eskrou — bu xaridorning puli qurilish tugaguncha saqlanadigan maxsus bank hisobi. Ammo bu tizim hali ishlayotgani yoʻq. Chunki bunday to‘lovlar hali qonun bilan belgilanmagan. Hozir “Koʻp kvartirali uylarni va boshqa koʻchmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu qonun qabul qilingach, yangi qurilgan uylardan kvartira sotib olish tartibida ham o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Yangi tartib majburiy bo‘lganda, xaridorlar avval pulni eskrou hisobiga o‘tkazadi, keyin shartnomani notarius tasdiqlaydi.
Hozircha to‘lov tartibi o‘zgarmagan. Xaridor pulni quruvchi kompaniyaning rekvizitlari orqali bank kassasiga kiritadi. Keyin quruvchi kompaniya ulushli qurilish shartnomasini Qurilish vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazadi.
Uy topshirilishini kuting va kadastr pasportini oling. Quruvchi kompaniya uy topshirilishidan oldin siz bilan bog‘lanib, qurilish yakunlanayotganini va hujjatlarni olish mumkinligini aytadi. Bu jarayonni quruvchilar “uy kadastrga chiqdi” deyishadi. Sizga beriladigan hujjatlar:
1. Kvartirani topshirish dalolatnomasi. Avval kvartirani yaxshilab tekshirib chiqing, shundan keyingina dalolatnomani imzolang.
2. Uy-joyning texnik pasporti va kadastr pasporti.
Mulk huquqingizni rasmiylashtiring. Buni notarius yoki Davlat xizmatlari markaziga borib qiling. Yana bir yo‘l — my.gov.uz’ga onlayn ariza berish. Onlayn xizmat uchun to‘lov kvartiraning maydoniga bog‘liq. Bu 1,25 BHMdan boshlanadi, ya’ni 550 000 so‘mga tushadi. Ipotekaga olingan kvartira nomingizga o‘tkaziladi, lekin kredit to‘liq yopilmaguncha bank garovida turadi.
Uy vaqtida topshirilmasa, nima qilish kerak?
Quruvchi kompaniya uyni topshirish muddatini faqat roziligingiz bilan uzaytirishi mumkin. Buning uchun ulushli ishtirok etish shartnomasiga qo‘shimcha kelishuv tuzilishi kerak.
Quruvchi kompaniya uyni belgilangan muddatlarda topshirmagan bo‘lsa, siz “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun asosida shartnomani bekor qilish, pulingizni qaytarish va ko‘rilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga egasiz. Quruvchi kompaniya o‘z majburiyatlarini bajarmagani uchun sizga penya ham to‘lashi kerak. Uning miqdori shartnomada belgilanadi. Quruvchi kompaniya talablaringizni bajarishdan bosh tortsa, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga shikoyat yuboring. Qo‘mita quruvchiga nisbatan choralar ko‘rishi, pulingizni qaytarishga ko‘maklashishi va masalani sudga oshirilishida yordam beradi.
Quruvchi kompaniyaning moliyaviy ahvoli yomonlashib, u o‘z majburiyatlarini bajara olmasa, qurilish obyekti boshqa kompaniyaga berilishi mumkin. Bu kompaniya avvalgi quruvchining barcha majburiyatlarini o‘ziga oladi. Sud qarori asosida xaridorlarining ko‘rgan zarari bankrot bo‘lgan quruvchining boshqa mol-mulki hisobidan qoplanadi.
Eskrou hisobi tizimi ishga tushgach, quruvchi kompaniya uy qurilishini belgilangan muddatdan keyin olti oy ichida yakunlamasa, xaridor shartnomani bekor qilishi va pulini bankdan qaytarib olishi mumkin.
.webp)