Xaritalar
Sayohatda Maps.me yoki Organic Maps ilovalarini yuklash mumkin. Ular telefon quvvatini tejaydi, kichik piyoda yo‘llarni aniq ko‘rsatadi va internetsiz ishlaydi. Buning uchun kerakli mamlakat yoki hudud xaritasini yuklab oling.
Google Maps yoki Yandex Maps ilovalarida ham xaritalarni oldindan yuklab olsa bo‘ladi. Bu ilovalar mobil internet qimmat bo‘lsa yoki aloqa ishlamay qolsa, yordam beradi.

Parvozlar
Aviachipta sotib olish uchun turli reyslarni solishtirib beradigan ilovalar bor. Masalan, payme travel mini ilovasida xohlagan aviakompaniya chiptasini topasiz. Rejalar o‘zgarib qolsa, boshqa reys qidirish ham oson. Chipta uchun 15% gacha keshbek ham bor.
Flightradar24 yoki Planefinder ilovalari yordam berishi mumkin. Samolyot qayerda uchib ketayotganini jonli efirda ko‘rib turasiz. Uchish-qo‘nish holatini tekshirasiz va reys kechiksa, birinchilardan bo‘lib bilasiz.
O‘zbekistonga uchib kelayotgan yoki ketayotgan reyslarni UzAirports ilovasida ham kuzatsa bo‘ladi. 11 ta xalqaro aeroportda reys o‘zgarsa yoki kechiksa, ilova telefoningizga xabar yuboradi. Android va iOS uchun yuklab olish mumkin.

Transport
Chet elga ketayotganingizda u yerda qaysi taksi xizmatlari borligini bilib oling. Yangi ilova yuklamasdan, doimiy ishlatadiganingizdan foydalansa ham bo‘ladi. Masalan, Yandex Go O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, Gruziya, Serbiya va Turkiyada ishlaydi. Maxim orqali esa Ozarbayjon, Gruziya, Vyetnam, Malayziya, Indoneziya va Filippinda taksi chaqira olasiz.
Taksiga bank kartasi bilan to‘lamoqchi bo‘lsangiz, kartangizni ilovaga oldindan ulab qo‘ying. Kartadan to‘lab bo‘lmasa, o‘sha davlat valyutasida naqd pul tayyorlab qo‘ying.
Avtobus, metro yoki tramvayda yurish uchun Citymapper va Moovit ilovalari bor. Ularda qaysi avtobus yoki metroga chiqishni va manzilga qanchada yetib borishingizni ko‘rsangiz bo‘ladi. Ko‘p joyda yo‘l haqi va jadvalni ko‘rsatadigan ilovalar ham bor. Boradigan joyingizda faqat mahalliy ilovalar ishlasa, ularni oldindan yuklab oling.

Yuk saqlash joylari
Mehmonxonaga joylashishdan oldin yoki xonani topshirgach reysgacha hali vaqt qolsa, yuklar bilan yurmaslik uchun Bounce, LuggageHero va Nannybag ilovalari bor. Ular orqali yuklarni tashlab ketish uchun joy topib, oldindan band qilib qo‘ying. Ilova eng yaqin saqlash joylarini, narxlar va ish vaqtini ko‘rsatadi. Boradigan joyingizda bu ilovalar ishlash-ishlamasligini tekshirib oling.

Ekskursiyalar va ko‘ngilochar joylar
Safarda nimalar qilishni o‘sha yerning o‘zida hal qilmoqchi bo‘lsangiz, Klook, GetYourGuide va Viator ilovalaridan foydalaning. Ular orqali muzeylar va attraksionlar parkiga chipta olish, ekskursiyalar, transfer yoki bir kunlik sayohatlarni band qilish mumkin. Klook asosan Osiyo davlatlarida, qolgan ikkitasi esa ko‘proq G‘arb mamlakatlarida yaxshi ishlaydi.
Sayyohlar ko‘p joyda vaqt yo‘qotmaslik uchun joyni oldindan band qiling. Xarid qilishdan oldin narxlarni solishtiring. Ba’zan rasmiy saytda chiptalar arzonroq bo‘lib chiqadi.

UF-indeks
Plyajda dam olishga yoki issiq iqlimli davlatga ketayotgan bo‘lsangiz, ultrabinafsha nurlanish darajasini ko‘rsatadigan ilova o‘rnating. Ilova quyosh eng faol bo‘lgan soatlarni aniqlaydi. Bu quyoshdan himoyalovchi kremni o‘z vaqtida ishlatishga yoki sayrni xavfsizroq vaqtga ko‘chirishga yordam beradi.
Mashhur bepul ilovalardan — UVLens yoki SunSmart Global UV ilovalarini yuklab olsangiz bo‘ladi. Ulardan faqat sayohatda emas, balki O‘zbekistondagi yoz mavsumida ham foydalanish mumkin.
Ko‘p ob-havo ilovalarida UF-indeksi bor. O‘zbekistonda havo sifatini qayerdan bilish mumkinligi haqida alohida maqola yozganmiz.

O‘zbekiston TIV ilovasi
Chet elga sayohat qilishdan oldin Tashqi ishlar vazirligining Consular Services ilovasini yuklab oling. Uni Android va iOS uchun yuklab olish mumkin. Ilovada bormoqchi bo‘lgan davlatingizning viza qoidalari, muhim ma’lumotlar, O‘zbekiston elchixona va konsulxonalarining aloqa raqamlarni topasiz.
Ilova orqali ba’zi konsullik xizmatlaridan ham foydalanish mumkin. Masalan, sayohatda hujjatlaringizni yo‘qotib qo‘ysangiz, O‘zbekistonga qaytish uchun guvohnoma rasmiylashtirishingiz yoki konsullik qabulga yozilishingiz mumkin.


