Pulingizni hisoblang
Ipoteka rasmiylashtirishda boshlang‘ich to‘lov bor. Bu summa uy narxining kamida 15-30 foizigacha bo‘ladi. Masalan, 800 mln so‘mlik uy uchun 120–240 mln so‘m atrofida pul kerak. Bu summani kredit yopib bermaydi. Boshlang‘ich to‘lov qancha yuqori bo‘lsa, umumiy ustama to‘lov shuncha kamayadi.
Qo‘shimcha xarajatlarga, masalan, notarius, davlat boji, uyni baholatish, sug‘urta, bank xizmatlari va ko‘chib o‘tishga uy narxining 10 foizini ajrating. Uyni remonti uchun ham pul kerak.
Pulingiz yetmasa, boshlang‘ich to‘lovga yana qarz olgandan ko‘ra, pul yig‘gan yaxshi. Ipoteka uchun davlat subsidiyasiga topshirish ham mumkin. Bunda to‘lovning bir qismini davlat qoplab beradi. Bu haqida “Ipoteka subsidiyasi kimga va qanday tartibda beriladi” maqolasida yozganmiz.
To‘lov imkoniyatingizni tekshiring
Oylik to‘lovga asosiy qarz, foiz va ba’zi bank komissiyalari kiradi. Keyinchalik qarzga kirib ketmaslik uchun har oy qancha berishga imkoningiz borligini aniq hisoblang.
Qancha pul ketishini bilish uchun ipoteka kalkulyatoridan foydalaning. Uy narxi, boshlang‘ich to‘lov va foiz stavkasini kiritsangiz, kalkulyator oylik to‘lov, kreditning umumiy summasi va ortiqcha to‘lovni hisoblab beradi.
Bank siz kutgandan ham ko‘proq pul berishi mumkin. Lekin keyinchalik qiynalib qolmaslik uchun o‘zingiz to‘lay oladigan summani oling. Ipotekadan tashqari yashashga, sog‘liq, yeb-ichish, transport va ro‘zg‘orga ham pul qolishi kerak. Sinab ko‘rish uchun bir tajriba qiling: 3 oy davomida to‘lov summasini alohida yig‘ib, ipotekangiz bordek yashab ko‘ring. Shunda bunday byudjet sizga mos kelish-kelmasligini ko‘rasiz.
Kredit yuklamasini hisoblang
Oylik kredit to‘lovlari rasmiy daromadning 50 foizidan oshmasligi kerak. Masalan, oyiga 6 million so‘m topsangiz, kredit to‘lovlariga ko‘pi bilan 3 million so‘mgacha ajratishingiz mumkin.
Bank to‘lov qobiliyatingizni baholayotganda kreditlaringizdan tashqari, kafil yoki birgalikda qarzdor bo‘lgan shartnomalaringizni ham inobatga oladi. Lekin, ipoteka olganda o‘zingiz bilan birga boshqa qarzdorni ham kiritishingiz mumkin. Turmush o‘rtoq avtomatik ravishda birgalikda qarz oluvchi hisoblanadi. U yaxshi daromad olsa va boshqa kreditlari bo‘lmasa, bank arizani ma’qullashi osonroq bo‘lishi mumkin. Chunki bank to‘lov qobiliyatini baholaganda ikkala tomonning daromadini birga hisoblaydi.
Ipotekagacha boshqa kreditlarni yopgan yaxshi. Shunda bankning rozi bo‘lishi osonlashadi. O‘zingiz ham bir nechta kreditni to‘lash harakatida qiynalmaysiz.
O‘zingizga mos uyni tanlang
Foydalanishga topshirilganiga uch yildan oshmagan uylar birlamchi uylarga kiradi. Bunday uylar uchun ipoteka stavkalari yillik 17 foizdan dan boshlanadi. Foydalanishga topshirilganiga uch yildan oshgan uylar esa ikkilamchi uy-joy hisoblanadi. Bunday uylar uchun stavkalar 23 foizdan dan boshlanadi.
Ba’zi quruvchi kompaniyalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri banklar bilan ishlaydi va ipoteka bo‘yicha imtiyozli shartlarni taklif qiladi. Bunda yangi qurilgan uydan kvartira sotib olish foydaliroq bo‘ladi. Lekin yangi qurilgan uyga tez ko‘chib kira olmaysiz. Quruvchi uyni topshirishi va ta’mirlash ishlarini tugatishi kerak. Ijarada yashayotgan bo‘lsangiz, bu vaqt ichida bo‘yningizga ikki barobar yuk tushadi.
Bankni to‘g‘ri tanlang
Banklarda ipoteka shartlari har xil. Foiz stavkalari, ma’qullash muddatlari, kreditni muddatidan oldin jarimalarsiz yopish imkoniyati va sug‘urtalash talablarini solishtiring. Mulkka egalik huquqini yo‘qotishdan himoya qiluvchi sug‘urta hamma joyda ham talab qilinmaydi, lekin ikkilamchi uy-joy uchun majburiy bo‘lishi mumkin.
Ipoteka olish uchun kerak bo‘ladigan hujjatlar ham bankka qarab farq qiladi. Bitta bank ish stajingizni, boshqasi esa oxirgi 12 oylik daromadingiz haqida ma’lumotnomani so‘rashi mumkin. Ayrim banklar ipoteka kreditlarini daromadni tasdiqlamasdan ajratadi. Bu qonuniy, lekin to‘lov qobiliyatingizni baribir isbotlashingizga to‘g‘ri keladi. Masalan, bank hisob raqamida yetarlicha pul aylanmalarini ko‘rsatish yoki yuqoriroq boshlang‘ich to‘lovni kiritish talab etiladi. Ariza topshirishdan oldin shu jihatlarga aniqlik kiriting.Siz bankning ish haqi loyihasi ishtirokchisi bo‘lsangiz yoki bank hamkorlarida sug‘urtani rasmiylashtirsangiz, stavkalar pastroq bo‘lishi mumkin. Pulingizni tejash uchun buni oldindan bilib oling.
Moliyaviy yostiqcha haqida unutmang
Ipoteka bir necha yilga olinadi. Shu vaqt ichida hayotingizda ko‘p narsa o‘zgarishi, masalan yangi ishga o‘tishingiz, farzandli bo‘lishingiz yoki o‘z biznesingizni boshlashingiz mumkin. Sizda kamida uch oy yashashga yetadigan pul zaxirasi bo‘lsa, bu siz uchun moliyaviy yostiqcha bo‘ladi. U o‘zgarishlarni stresslarsiz o‘tkazishga yordam beradi. Daromadingiz vaqtincha pasaysa ham, siz ipoteka bo‘yicha to‘lovlarni va kundalik xarajatlarni qoplashga qiynalmaysiz.
Moliyaviy yostiqchani yig‘ish uchun har oy daromadingizning 5–10 foizini alohida hisobraqam yoki omonatga olib qo‘ying. TBC Bank’da yillik 20 foizgacha stavkali omonat oching. Hisoblangan foizlarni hisobraqamda qoldirsangiz, pullar tezroq yig‘iladi. Har oy bir million so‘mdan chetga olib qo‘ysangiz, yil oxirida sizda 12 mln so‘m yig‘iladi. Lekin pullarni omonatga qo‘ysangiz, xuddi shu vaqt ichida 13 mln so‘mdan ko‘proq yig‘ish mumkin. Shunda kutilmagan xarajatlar chiqsa ham, to‘lovlarni kechiktirib yubormaysiz.
