Nega inqiroz paytida oltin narxi oshadi?
Oltinning o‘zi sizga har oy daromad keltirmaydi — bu omonat yoki depozit emas. Lekin uning narxi dunyo iqtisodiyotidagi vaziyatga bog‘liq.Agar iqtisodiyot barqaror bo‘lsa, oltin odatda bir maromda turadi, ba’zan hatto arzonlashadi. Lekin inqiroz boshlanganida hammasi o‘zgaradi: investorlar pullarini xavfsiz joyga o‘tkazish uchun oltinni sotib ola boshlaydi.
Natijada talab oshadi, va narx ko‘tariladi. Vaziyat tinchlangach esa aksincha, investorlar oltinni sotadi, va narx yana pasayadi. Ya’ni, oltin — bu “tinchlikda jim, inqirozda qimmat” turdagi sarmoya.
Nega taqinchoqlar bu sarmoya emas
Ko‘p odamlar oltin taqinchoqni foydali sarmoya deb o‘ylaydi. Aslida esa bu katta xato. Sababi oddiy: taqinchoq narxiga nafaqat oltinning o‘zi, balki zargarning mehnati va do‘kon ustamasi ham kiradi.
Shuning uchun taqinchoqdagi oltin gramm bank quymasidan ancha qimmatga tushadi. Ammo agar sizga birdaniga pul kerak bo‘lib qolsa, bu “sarmoya”ni faqat ishlatilgan mahsulot sifatida sotish mumkin bo‘ladi.
Masalan, 585 probali, 5 grammli oltin zanjir do‘konda 7 million so‘mdan qimmat turadi. Lombardda esa sizga atigi 4,6 million berishadi. Bozordan yaxshiroq narxda xaridor topish ham oson emas, har kimning didi boshqa, yangisi esa har doim chiroyliroq ko‘rinadi.
Ya’ni, taqinchoq bu bezak, sarmoya emas.
Oltinmi, valyutami — qaysi biri foydaliroq?
Ko‘pchilik pulni valyutada saqlaydi. Kurs ba’zan oshadi, shuning uchun bu ishonchli yo‘ldek tuyuladi. Lekin bu faqat qisqa muddatda ishlaydi, chunki uzoq yillarda dollar ham qadrsizlanadi.
Masalan, 1970-yillarning boshida 35 dollarga yaxshi kostyum olish mumkin edi. Bu narx oltinning bir unsiyasiga teng bo‘lgan. Endi esa 35 dollarga kostyum olishning iloji yo‘q, oltinning o‘sha bir unsiyasi esa 2025-yil oktyabrida 4 017 dollarga yetgan.
So‘nggi 20 yilda AQShda inflyatsiya taxminan 60% ni tashkil etdi. Demak, dollarni uzoq vaqt saqlash foydali emas. Shunday paytda oltin — pul qiymatini saqlash uchun ishonchliroq variant.
Qachon oltin sarmoyasi foyda keltiradi?
Oltindan tez foyda kutish kerak emas. Bu metall sekin, lekin barqaror o‘sadi. Ba’zida yillar davomida narx deyarli o‘zgarmaydi, yoki hatto pasayadi. Masalan, 2012-yildan keyin oltin narxi qariyb uch yil davomida tushib bordi. Lekin har bir pasayishdan keyin o‘sish bo‘ladi — shunday bozor tabiati.
Shuning uchun oltin — qisqa muddat uchun emas, kamida 5 yilga mo‘ljallangan sarmoya. U tez boyitmaydi, lekin vaqt o‘tgan sayin sizni sekin, ishonchli tarzda himoya qiladi.

Oltin qachon yana o‘sishini oldindan aytib bo‘lmaydi
Shodlik Nazarov
Avesta Investment Group katta moliyaviy tahlilchisi
Oltin uzoq muddatda odatda foyda keltiradi, lekin qisqa muddatda narxi kutilmaganda o‘zgarib turadi. Bu o‘zgarishlar ko‘p narsaga bog‘liq, masalan, foiz stavkalari, inflyatsiya, siyosiy vaziyat yoki AQSh dollarining kursiga.
Agar oltinni kamida 5–10 yilga saqlasangiz, u odatda inflyatsiyadan himoya qiladi. Lekin muammo shundaki — oltin qachon yana o‘sishni boshlashini oldindan bilib bo‘lmaydi.
Ba’zan buning uchun yillar, hatto o‘n yilliklar kerak bo‘ladi. So‘nggi 2–3 yilda narxlar tez oshdi, lekin bu asosan so‘nggi yillardagi noaniqliklar — urushlar, savdo mojarolari va siyosiy inqirozlar tufayli bo‘ldi. Ammo bu holat abadiy davom etmaydi. Vaqt o‘tib, vaziyat tinchlangach, investorlar odatda oltinni sotib, ishlab chiqarish yoki fond bozorlariga qaytishadi. Natijada oltin narxi pasayadi.
Shuning uchun, agar siz bugun oltin olmoqchi bo‘lsangiz, uni tez foyda uchun emas, uzoq muddatli sarmoya sifatida ko‘ring.
Oltin narxi qanchaga chiqishi mumkin?
Yirik investitsiya banklari yaqin yillarda oltin yanada qimmatlashishini kutyapti.
Masalan: Goldman Sachs tahlilchilariga ko‘ra, 2026-yil dekabriga kelib bir unsiya oltin narxi 4900 dollarga yetishi mumkin. UBS bu raqamni 3900 dollar atrofida bo‘ladi, desa, J.P. Morgan mutaxassislari oltin 2026-yilning ikkinchi choragida 4000 dollar atrofida barqarorlashadi, deb hisoblaydi.
Lekin bunday bashoratlarni aniq fakt deb qabul qilish to‘g‘ri emas. Oltin bozori juda o‘zgaruvchan, unga siyosat, inflyatsiya, dollarning kuchayishi yoki urushlar kabi omillar ta’sir qiladi. Shuning uchun bu raqamlarni “ishonchli prognoz” emas, balki yo‘nalish sifatida ko‘rgan ma’qul.
Oltinga qanday sarmoya kiritish mumkin?
Oltin quyma (slitok) sotib olish. Ular 999,9 probali sof oltindan yasaladi. Sotib olish uchun faqat bankka murojaat qilinadi, ular tegishli litsenziyaga ega bo‘lishi kerak. Quymalar odatda 5, 10, 20 yoki 50 gramm bo‘ladi. Xarid paytida pasport va shartnoma kerak bo‘ladi. Qaysi bankda quyma borligini Markaziy bank saytida tekshirish mumkin.
Oltinni uyda saqlash xavfli: o‘g‘irlik, yong‘in yoki hatto kichik tirnalish ham narxni pasaytiradi. Masalan, agar quyma tushib ketib, chizilsa, bank uni to‘liq narxda qayta sotib olmaydi. Avval ekspertiza o‘tkaziladi va narx hatto ikki baravar arzonlashishi mumkin. Shu sababli oltinni bank hujrasida saqlash xavfsizroq.
Masalan, bitta quyma uchun kichik hujra (125 mm) oyiga taxminan 100 ming so‘m turadi.
Investitsion tangalar. Ularni ham banklardan olish mumkin. Uyda saqlash oson, lekin ular ham tez tugaydi — soni cheklangan. Masalan, 2024-yil sentyabrda 15 grammli tanga 16,6 mln so‘m, 31 grammli tanga esa 34,4 mln so‘m turgan.
Tangalar narxi oltin kursiga bog‘liq: narx oshsa — tanga ham qimmatlashadi, pasaysa — arzonlashadi. Joriy narxlarni Markaziy bank saytida yoki Telegram kanali orqali kuzatish mumkin.
Sotish ham oson: bank tangani yoki quyma oltinni o‘sha kunning narxida qayta sotib oladi. Ayni paytda O‘zbekistonda boshqa variantlar ham bor, masalan, oltin qazib oluvchi kompaniyalarning aksiyalarini sotib olish.
Qaysi biri foydaliroq: quyma oltinmi yoki tanga?
Shodlik Nazarov, Avesta Investment Group katta moliyaviy tahlilchisi
Agar katta miqdorda sarmoya kiritmoqchi bo‘lsangiz va uni uzoq muddatga saqlashni rejalashtirsangiz, quyma oltin ma’qul. U odatda tanga oltindan biroz arzonroq bo‘ladi, chunki unda ishlab chiqarish, logistika yoki bankning ustama narxi kamroq.
Ammo investitsion tangalar, ya’ni cheklangan miqdorda chiqarilgan oltin tangalar bozorda tezroq sotiladi. Ularni kolleksiya uchun oluvchilar ham ko‘p, shuning uchun narxi qo‘shimcha ravishda oshishi mumkin. Ya’ni agar siz uchun tez sotish va pulni qayta ishlatish muhim bo‘lsa, tanga qulayroq variant. Agar esa siz uzoq muddatli va tinch sarmoya qidirayotgan bo‘lsangiz — quyma oltin eng yaxshi tanlov..
Oltin sotsangiz, soliq to‘laysizmi?
O‘zbekistonda oltin quyma, tanga yoki taqinchoq sotib olayotganda QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) to‘lanmaydi. Lekin agar siz uni keyinchalik qimmatga sotib foyda ko‘rsangiz, o‘sha foydaning 12 foizi miqdorida daromad solig‘i (NDFL) to‘lashingiz kerak bo‘ladi. Masalan, siz 5 mln so‘mga oltin olgansiz, keyin uni 6 mln so‘mga sotdingiz. Demak, 1 mln so‘m foyda topdingiz, shundan 12 foiz — ya’ni 120 ming so‘m soliq to‘laysiz.
Shuning uchun har doim xarid hujjatlarini saqlab qo‘yish kerak. Ular soliqni to‘g‘ri hisoblashga yordam beradi. Agar oltinni o‘sha narxda yoki arzonroqqa sotsangiz, foyda bo‘lmagani uchun soliq ham to‘lanmaydi.
Oltindan boshqa variantlar ham bormi?
Uyda so‘mni yostiq ostida saqlash — eng ishonchsiz usul. Chunki inflyatsiya har oy sarmoyangizning qariyb 1 foizini “yeydi”. Bir yil ichida bu 10 foiz yo‘qotish degani. Agar oltin sizga qiziq tuyulmasa, eng oddiy va xavfsiz yo‘l — bank omonati. Masalan, TBC Bankda yiliga 22% stavkali muddatli omonat ochish mumkin, bu rasmiy inflyatsiyadan (9%) yuqori.
Eng muhimi, 200 million so‘mgacha bo‘lgan omonatlar davlat kafolatida, ya’ni agar favqulodda holat bo‘lsa, sizga Bank omonatlarini kafolatlash fondi orqali pulingiz qaytariladi.



