Hech kimni kiritmaslik huquqiga egasiz

Uyingiz — bu sizning shaxsiy hududingizdir va hech kim u yerga roziligingizsiz kirishga haqli emas. Agar kimdir uyingizga noqonuniy ravishda kirsa, unga nisbatan jarima qo‘llanilishi mumkin: Oddiy fuqarolarga: BHMning 1/3 qismidan 1 baravarigacha (taxminan 137 000 – 412 000 so‘mgacha); Mansabdor shaxslarga: BHMning 3 baravarigacha (1 236 000 so‘mgacha).Agar uyga bostirib kirishda kuch ishlatilsa, bu jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi va besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Lekin ba’zi mansabdor shaxslarga ma’lum vaziyatlarda sizning roziligingizsiz shart emas.

Ichki ishlar organlari xodimlari

IIB xodimi uyingizga shunchaki kirib kela olmaydi. Oddiy holatlarda, masalan, qo‘shnilar shovqin ustidan shikoyat qilgan bo‘lsa, yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tekshirilayotgan bo‘lsa yoki xonadonda noqonuniy harakat bo‘layotgani haqida xabar tushgan bo‘lsa — xodim sizning roziligingizni olishi shart. Shuningdek, u faqat kunduzi, ertalabki soat 6:00 dan kechki 22:00 gacha kela oladi.

Qachon ruxsatsiz kira oladi? Faqat kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda. Masalan, xonadon ichidan yordam so‘rab baqirgan ovoz eshitilsa, jinoyat sodir etilayotgan bo‘lsa yoki odamlar hayotiga aniq xavf tug‘ilsa.

Qanday hujjatlar ko‘rsatilishi shart? Xodim guvohnomasini ko‘rsatishi, o‘zini tanishtirishi, kelish maqsadini tushuntirishi va kirish uchun asoslarni taqdim qilishi shart (masalan, jinoyat haqidagi qayd etilgan xabar). 

Agar IIB xodimlari xonadonni ko‘zdan kechirish uchun kelgan bo‘lsa, ularda albatta tergovchi qarori yoki sud ajrimi bo‘lishi lozim.

Agar xodimlarda qaror, guvohnoma yoki kirish uchun aniq asoslar bo‘lmasa, siz ularni kiritmaslikka haqlisiz. 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, ushbu xodimlarning uyingizga kirish vakolati bor ekanligini aniqlashtiring.

“Toshkentshahargaz” sobiq xodimi xizmat guvohnomasini qalbakilashtirib, odamlardan pul undirib kelgan. Bu holatlar tez-tez uchrab turadi, shuning uchun faqat guvohnomaning o‘zi yetarli emas: ma’lumotni rasmiy kontaktlar orqali qayta tekshirgan ma’qul. Manba: Bosh prokuratura huzuridagi department Telegram-kanali.

Avariya xizmatlari

Agar ustani o‘zingiz chaqirgan bo‘lsangiz, uni ichkariga kiritasiz. Ammo siz uyda yo‘q paytingizda qo‘shnilar xonadoningizdan gaz hidi chiqayotganini yoki suv toshayotganini sezishsa, ular avariya xizmatini chaqirishlari mumkin. Bunday holatda avariya xizmati xodimlari eshikni ochishga haqli. Lekin shu joyda ichki ishlar xodimi va mahalla vakili bo‘lishi shart. 

Qanday hujjatlar kerak? Xodimlar xizmat guvohnomasini ko‘rsatadi. Odatda ular “Avariya xizmati” yozuvi tushirilgan maxsus kiyimda bo‘lishadi, lekin forma ham kafolat yo‘q olmaydi. Ular firibgar emasligiga ishonch hosil qilish uchun guvohnoma talab qilishga haqlisiz.

Agar shubhangiz bo‘lsa, 112 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling. Bu gaz, suv va elektr ta’minoti murojaatlarni qabul qiluvchi yagona dispetcherlik xizmati. Ammo, avariya brigadasini boshqaruv kompaniyasi, XUJMSH yoki uyingiz biriktirilgan tuman avariya xizmati ham yuborgan bo‘lishi mumkin. Shu sababli, ma’lumotni bir vaqtning o‘zida ikki yo‘nalish bo‘yicha: 112 raqami hamda boshqaruv kompaniyangiz yoki mahalla idorasi kontaktlari orqali aniqlashtirgan ma’qul.

FVV (favqulodda vaziyatlar vazirligi)

FVV xodimlari, agar hayot yoki mol-mulkka aniq tahdid bo‘lsa, uyingizga sizning ruxsatingizsiz kirishlari mumkin. Masalan: yong‘in boshlansa, quvur yorilsa, gaz sizib chiqsa yoki kimdir xonadonda qulflanib qolib, tashqariga chiqa olmasa.

Bu vaziyatlarda vaqt g‘animat bo‘lgani sababli, qutqaruvchilar rozilikni kutmasdan harakat qilishadi. Ishlar yakunlangach, ular albatta rasmiy dalolatnoma tuzishlari shart. Shu bilan birga, agar qutqaruvchilar noqonuniy harakat qilgan bo‘lsa, masalan, chaqiruv yolg‘on bo‘lib, uyga kirishga asos bo‘lmasa, siz ushbu dalolatnoma asosida zararni qoplashni talab qilishingiz mumkin. Agar haqiqiy xavf bo‘lib, uyga kirish oqlangan bo‘lsa, keltirilgan zarar qoplanmaydi, chunki FVV xodimlarining harakatlari qonuniy deb hisoblanadi.

Qanday hujjat ko‘rsatilishi shart? Odatda qutqaruvchilar maxsus transportda va formada kelishadi, lekin siz ulardan xizmat guvohnomasini so‘rashga haqlisiz. 

Agar qarshingizda haqiqatan ham FVV xodimlari ekaniga shubha qilsangiz, 1050 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib manzilingizga brigada yuborilganligini aniqlashtiring.

FVV xodimlarining maxsus xizmat formasi va farqlash belgilari bor, lekin ularning ko‘rinishi bo‘linma turiga va mavsumga qarab farq qilishi mumkin. Agar shubha tug‘ilsa: guvohnoma so‘rang va favqulodda xizmatga raqamiga qo‘ng‘iroq qiling. Manbalar: anhor.uz, norma.uz va jomboy.uz

Maxsus xizmat xodimlari

Maxsus xizmat xodimlari xonadonga ruxsatsiz faqat favqulodda vaziyatlarda kirishlari mumkin. Masalan, terrorchilik harakatining oldini olish, o‘ta xavfli jinoyatchini ushlash yoki garovdagilarni ozod qilish zarur bo‘lganda. Bu holatlarda ular ogohlantirmasdan harakat qilishlari va kuch ishlatishlari mumkin.

Qanday hujjat ko‘rsatilishi shart? Tezkor xodimlar xizmat guvohnomasini ko‘rsatishlari shart. Agar vaziyat o‘ta shoshilinch bo‘lsa, hujjatlar ichkariga kirib, operatsiya o‘tkazilgandan keyin ko‘rsatiladi. Yakunda ular dalolatnoma tuzadilar va voqea haqida sudga xabar beradilar.

Agar shubha tug‘ilsa, DXX (Davlat xavfsizlik xizmati)ning 1105 ishonch telefoniga yoki 102 IIB raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, haqiqatan ham operatsiya o‘tkazilgani va uni kim olib borganini aniqlashtiring. Ammo, xavf jiddiy bo‘lsa va operatsiya ayni vaqtda ketayotgan bo‘lsa — qarshilik ko‘rsatish taqiqlanadi. Bu hukumat vakillarining harakatlariga to‘sqinlik qilish deb baholanishi va buning uchun jarima yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Sud ijrochilari — MIB

Sud ijrochilari faqat sud qarori asosida kelishadi. Masalan, qarzdorlikni undirish, mulkni xatlash yoki qarzdorni uydan ko‘chirish uchun. Ular shunchaki, sababsiz uyingizga kelishmaydi.

Agar siz eshikni ochmasangiz, ijrochilar uni majburiy ravishda, ichki ishlar organlari xodimlari va xolislar ishtirokida ochishlari mumkin. Guvohlarsiz bunday qilish taqiqlangan.

Qanday hujjat ko‘rsatilishi shart? Sud ijrochilarida xizmat guvohnomasi va sud qarori bo‘lishi shart. Agar ushbu hujjatlardan birortasi sizda shubha uyg‘otsa, ma’lumotni aniqlashtirmaguningizcha ularni ichkariga kiritmaslikka haqlisiz.

Bunday vaziyatda darhol Majburiy ijro byurosining 1197 raqamli ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qiling. U yerda sizga haqiqatan ham manzilingizga ijrochilar yuborilgani va ularning uyingizga kirishga huquqi bor-yo‘qligini aniqlashtirishadi.

Tez tibbiy yordam xodimlari

Ba’zida xonadon ichidagi inson eshikni ocha olmaydigan holatlar yuz beradi — masalan, u tez yordam chaqirib, so‘ng hushini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda shifokorlar inson hayotini saqlab qolish uchun uyga ruxsatsiz kirish huquqiga ega. Lekin ular eshikni o‘zlari emas — ichki ishlar xodimi yoki qutqaruvchilar yordamida ochadilar.

Qanday hujjat ko‘rsatilishi shart? Odatda tez tibbiy yordam xodimlari “103” xizmati ramzlari tushirilgan tibbiy formada kelishadi. Siz ulardan o‘zlarini tanishtirishni hamda shifokor yoki feldsherlik guvohnomasini ko‘rsatishni so‘rashga haqlisiz, ayniqsa, qarshingizdagilar haqiqiy shifokor ekanligiga ishonchingiz komil bo‘lmasa.

Agar siz tez yordam chaqirmagan bo‘lsangiz-u, eshik ostonasida forma kiygan odamlar tursa, ular qayerdan kelganini aniqlashtirishdan tortinmang. 103 xizmatiga qo‘ng‘iroq qiling va manzilingiz bo‘yicha chaqiruv bo‘lgan-bo‘lmaganini biling. Agar chaqiruv bo‘lmagan bo‘lsa — eshikni ochmasligingiz mumkin.

Tez yordam brigadasi odatda maxsus jihozlangan mashinada keladi. Agar mashinada maxsus farqlash belgilari bo‘lmasa va xodimlarda hujjatlar bo‘lmasa, chaqiruvni 103 raqami orqali qayta tekshirgan ma’qul. Manba: norma.uz

Qisqacha: agar uyingizga ruxsatsiz kirmoqchi bo‘lishsa, nima qilish kerak?

Eshikni ochishga shoshilmang. Agar kimdir o‘zini xizmat xodimi deb tanishtirsa, ammo siz hech kimni kutmayotgan bo‘lsangiz, yopiq eshik ortidan gaplashing.

O‘zini tanishtirishni so‘rang. Ism-sharifi, qaysi bo‘limdan ekanligi va tashrif buyurishdan maqsadini so‘rang. Ma’lumotni aniqlashtirishingizni va biroz kutib turishini ayting. Bu mutlaqo normal holat.

Ma’lumotlarni tekshiring. Insonni eshik ortida kuttirib qo‘yish noqulay tuyulishi mumkin. Lekin bu oddiy xavfsizlik chorasi: haqiqiy xodimlar tekshiruvga xotirjam munosabatda bo‘lishadi va ma’lumotni aniqlashtirishingiz uchun vaqt berishadi. Agar sizni shoshiltirishsa yoki bosim o‘tkazishsa – ma’lumotlarni qayta tekshiring.

Xizmat telefonlari raqamlari:

Ushbu raqamlarga qo‘ng‘iroq qilib, kim kelganini ayting va manzilingizga haqiqatan ham xodim yuborilgani yoki yuborilmagani va sababini aniqlashtiring.

Eshikni faqat kim va nima maqsadda kelganiga to‘liq ishonch hosil qilganingizdan keyingina oching. Uyga notanish odamni kiritgandan ko‘ra, ma’lumotlarni tekshirish uchun ikki daqiqa vaqt sarflagan ma’qul.