Yevroprotokol nima va u qachon olinadi
Odamlar yevroprotokolni YTHni YPX xodimlarisiz rasmiylashtirish usuli deb biladi. Hujjatning rasmiy nomi esa — yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnoma.
Haydovchilar YTHni o‘zlari rasmiylashtiradi. Voqea joyini rasmga olib, maxsus formani to‘ldirishadi. Keyin hujjatlarni sug‘urta kompaniyasiga topshirishadi.
Yevroprotokol qachon ishlaydi?
- YTHda faqat ikkita mashina ishtirok etgan bo‘lsa;
- piyodalar ishtirok etmagan bo‘lsa
- hech kim jarohat olmagan bo‘lsa;
- haydovchilar holat bo‘yicha fikrga kelgan bo‘lsa. Ya’ni kim jabrlanuvchi ekani aniq bo‘lsa;
- ikkala haydovchida ham OSAGO polisi va mashina hujjatlari bo‘lsa.
Bu shartlardan bittasi ham bajarilmasa, masalan, jabrlanganlar bo‘lsa yoki haydovchilar kelisha olmasa, YPX xodimlarini chaqiriladi.
Sug‘urta to‘lovi qancha
Yevroprotokol tuzilgandan keyin, jabrlanuvchi zararni aniqlash va ta’mirlash xarajatlarini baholatish uchun mustaqil ekspertni chaqiradi. Hodisada ayblanuvchi baholovchiga bormaydi, chunki unga kompensatsiya puli berilmaydi.
Sug‘urta kompaniyasi jabrlangan haydovchiga OSAGO bo‘yicha sug‘urta summasining 35% gacha to‘lab beradi. 2026-yilda sug‘urta 80 mln so‘m. Demak, sug‘urta kompaniyasi eng ko‘pi bilan 28 mln so‘m to‘lab beradi. Bu to‘lov limiti yevroprotokol rasmiylashtirilganda ham, YPX xodimlari chaqirilganda ham o‘zgarmaydi.
Zarar ko‘proq bo‘lsa, sug‘urta kompaniyasi faqat 28 mln so‘mgacha to‘laydi. Qolgan pul aybdordan sud orqali undiriladi. Mashina jiddiy shikastlangan bo‘lsa, YPXni chaqirgan ma’qul. Shunda ta’mirlash uchun yetmayotgan pulni undirish osonroq bo‘ladi.
Sug‘urta pulini qanday olish mumkin
Taxminan bir oy oldin uyim yonida YTHga uchradim. Joyimdan endi qo‘zg‘algandim, yonimdan mashina kelayotganini sezmay qolib, unga urilib ketdim. YTH jiddiy emas edi, lekin bu safar nima qilish kerakligini bilardim. Shuning uchun hammasini joyida hal qilishga va pul berishga shoshilmadim.
Nima qilish kerak?
YTHni qayd eting. Ikkala mashinaning zarar ko‘rgan joylarini har tomondan rasm va video oling. YTH joyini ham, mashinalarning yo‘ldagi holatini ham rasmga tushiring.
Yevroprotokol tuzing. Buni mutaxassis bilan yoki o‘zingiz qilishingiz mumkin. Faqat hujjatlarni YTH joyining o‘zida to‘ldiring. Har bir haydovchida protokolning bittadan nusxasi qolishi kerak.
YTHga uchraganimda atrofga odamlar yig‘ildi. Ulardan biri yevroprotokol rasmiylashtiradigan mutaxassisning raqamini berdi. U odamning o‘zi ham YTHga uchraganida shu mutaxassis yordam bergan ekan. Mutaxassis kelib, zararni qayd qildi va kerakli hujjatlarni to‘ldirdi. Xizmati 1 300 000 so‘m bo‘ldi.
Bunday mutaxassislarni internetda, olx.uz saytidan yoki Telegram kanallardan topish mumkin.
Yevroprotokolni o‘zingiz to‘ldirishingiz uchun shablonni yuklab oling. Uni har ehtimolga qarshi mashinada olib yuring. YTH paytida blanka qidirishga vaqt bo‘lmaydi. Hujjatning birinchi ikki beti, faqat ko‘k sharikli ruchkada to‘ldiriladi. ikkala nusxa bir xil bo‘lishi kerak. Hujjat o‘zbek tilida to‘ldiriladi.

Narkologiya markaziga boring. Ikkala haydovchi ham alkogol bo‘yicha tahlil topshirishlari kerak. Bu YTHni rasmiylashtirish jarayonning majburiy qismi. Uni 4 soat ichida qilish kerak. Biz Yunusobod 19-mavze, 18A manzilidagi Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga bordik. Tahlil uchun 127 000 so‘mdan to‘ladik.
Mustaqil baholovchiga boring. Buni faqat jabrlangan haydovchi qiladi. Mening holatimda YTHga men sababchi bo‘lganim uchun baholovchiga ikkinchi haydovchi bordi. Mutaxassis mashinadagi zararni ko‘rib chiqdi va ta’mirlash uchun qancha pul ketishi ko‘rsatilgan xulosani berdi. Baholovchi xizmati odatda 500 000 so‘m atrofida turadi.


Sug‘urta kompaniyasiga boring. YTHdan keyin sug‘urta kompaniyasiga 3 ish kuni ichida borish kerak. Muddati o‘tib ketsa, sug‘urta puli berilmasligi mumkin. To‘ldirilgan yevroprotokol, tibbiy ko‘rik natijalari, baholovchi xulosasi, rasm va videomateriallarni olib boring.
Men aybdor bo‘lganim uchun hamma hujjatlarni o‘zimning sug‘urta kompaniyamga olib bordik. Sug‘urta xodimi YTH qanday sodir bo‘lganini surishtirib, hamma materiallarni ko‘rib chiqdi. Hujjatlarni jabrlanuvchining sug‘urtachisiga ham topshirsa bo‘ladi. Ular ma’lumotlarni aybdorning sug‘urta kompaniyasiga o‘zlari yuborishadi.
Hujjatlarni topshirganingizdan keyin sug‘urta kompaniyasi 15 kun ichida sug‘urta puli berilishini tasdiqlashi yoki rad etishi kerak. To‘lov tasdiqlansa, pul 5 kun ichida hisobingizga o‘tkaziladi.
Sug‘urta kompaniyam “O‘zagrosug‘urta” zarar ko‘rgan haydovchiga 20 mln so‘m sug‘urta puli to‘ladi. Men uning mashinasi uchun pul to‘lamadim. Faqat mashinamni ta’mirlash xarajatlarini qopladim.
Yangi OSAGO polisini rasmiylashtiring. YTHdan keyin yangi OSAGO polisi olish kerak. Eski polisingizning amal qilish muddati hali tugamagan bo‘lsa ham, u boshqa o‘tmaydi.

YTHga uchraganda yevroprotokolni rasmiylashtirish haqida qisqacha
Vahima tushmang va voqea joyida og‘zaki kelishmang. Tezroq ketgingiz kelsa ham, oldin hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtiring.
Yevroprotokol tuzish mumkinligini tekshiring. Buning uchun faqat 2 ta mashina to‘qnashgan, hech kim jarohatlanmagan va ikkala haydovchi ham yetkazilgan zararga rozi bo‘lgan bo‘lishi kerak.
Kerakli hujjatlarni tayyorlang. Yevroprotokolni o‘zingiz to‘ldiring yoki mutaxassisni chaqiring. Alkogol bo‘yicha tahlil topshiring. Zarar ko‘rgan haydovchi mashinasini mustaqil baholovchiga o‘zi ko‘rsatadi.
Uch kun ichida sug‘urta kompaniyasiga boring. YTHga boshqa haydovchi sababchi bo‘lsa, uning sug‘urta kompaniyasi sizga yetgan zararni qoplaydi. Agar siz sababchi bo‘lsangiz, sizning sug‘urta kompaniyangiz zarar ko‘rgan haydovchiga pul to‘laydi.
