Mushukni qayerdan olsa bo‘ladi
Tekinga. Ko‘chadan, pitomnikdan, tanishlar yoki ko‘ngillilardan olishingiz mumkin. E’lonlarni ijtimoiy tarmoqlarda yoki olx.uz’ga o‘xshagan saytlarda oson topasiz. Bu yo‘l bilan siz uning hayotini saqlab qolgan va mittivoyga boshpana bergan bo‘lasiz.
Mushukni pitomnikdan yoki ko‘ngillilardan olsangiz, u katta ehtimol bilan shifokor ko‘rigidan o‘tgan, parazitlarga qarshi dorilari berilgan, hatto emlanib, sterilizatsiya qilingan bo‘lishi mumkin. Mushuk qaysi muolajalardan o‘tganini albatta so‘rab oling. Ko‘chadan yoki qarovsiz joydan olingan mushuklarda esa har xil infeksiya va parazitlar bo‘lish xavfi yuqori bo‘ladi.
O‘zingizga mushuk topishingiz mumkin bo‘lgan joylar:
- “Kotomaniya”, Toshkentdagi kichik mushukxona.
- “Miliye koshki”, 300 ga yaqin mushuk boqiladigan yana bir boshpana
- Terra Vita, Samarqanddagi hayvonlarni vaqtincha saqlash markazi.
- “Dobriye ruchki”, Ekolog.uz nodavlat tashkilotining Guliston va Toshkentdagi xayriya loyihasi.


Pullik. Mushukni bozordan, OLX saytidan yoki yerosti o‘tish yo‘llaridan sotib olish mumkin. Ko‘pchilikka bu yo‘l ishonchliroq, sotib olingan mushuk tekinga beriladiganga qaraganda sog‘lomroq va yaxshiroqdek tuyuladi.
Lekin, bunday mushuklarning boshqalaridan deyarli farqi yo‘q. Ular sog‘lom yoki hayvonning sog‘lig‘iga umuman qaramaydigan, emlatib davolamaydigan odamlarning qo‘lida katta bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha bu sotuvchilar uchun biznes. Mushuklarni antisanitariya holatida, kataklarda saqlashadi va tug‘olmaydigan holga kelganda ko‘chaga tashlab yuborishadi. Ulardan jonivor sotib olib, siz hayvonlarni nazoratsiz ko‘paytirish amaliyotini qo‘llab-quvvatlab qo‘yishingiz mumkin.
Sotib olishning yana bir yo‘li — rasmiy pitomniklar. U yerda mutaxassislar barcha qoidalarga amal qiladi, jonivorlarning hujjatlarini yuritadi, sog‘lig‘i va xulq-atvorini nazorat qiladi. Bunday joylarda mushuklar kataklarda emas, erkin sharoitda yashaydi. Agar zotdor mushuk kerak bo‘lsa, yaxshi nom chiqargan rasmiy pitomniklarni qidiring:
- mijozlar fikrlarini o‘qing;
- pitomnik sayti va ijtimoiy tarmoqlarini kuzating — u yerda jonivorlarning ko‘rgazmalardagi ishtiroki va rasmlari bo‘lsa, bu katta plyus;
- yashash sharoitlarini tekshiring;
- mushukning kelib chiqishi va hujjatlarini tekshiring;
- oldi-sotdi shartnomasi tuzilishiga ahamiyat bering.
Bu joylar albatta rasmiy felinologiya tashkilotlariga, masalan, yevropaning WCF uyushmasiga a’zo bo‘lishi kerak. U yerdagi mushuklar ko‘rgazmalarda qatnashsa, demak, hammasi joyida. Pitomnikdan mushuk ro‘yxatdan o‘tganlik hujjatlarini so‘rasa bo‘ladi.
Yaxshi pitomniklar ham OLX yoki shunga o‘xshash saytlarga e’lon beradi. Odatda ularda jonivorning hujjatlari haqida ma’lumot bo‘ladi. Sotuvchi hujjatlarni, ota-onasini yoki yashash sharoitini ko‘rsatmasa, ehtiyot bo‘ling. U yerda mushuklar noqonuniy ko‘paytirilayotgan va narxi oshirib yuborilgan bo‘lishi mumkin.


Veterinar xarajatlari
Ketadigan pul mushukni qayerdan olganingizga qarab har xil bo‘ladi.
Veterinar ko‘rigi. Mushukni ko‘chadan, qo‘ldan yoki boshpanadan olsangiz, uni veterinarga ko‘rsating. Hatto boshpanada tekshirilgan bo‘lsa ham. Hayvonlar ko‘p joyda kasallik yuqishi juda oson. Pitomnikdan olingan mushukni ham veterinarga ko‘rsatib, sog‘lom ekaniga ishonch hosil qiling.
Veterinar mushukda parazitlar yoki kasallik bor-yo‘qligini tekshiradi. Lishayni aniqlash uchun junlari va terisini maxsus Vud lampasi bilan ko‘radi. Veterinar qabuli o‘rtacha 100 000 so‘mdan boshlanadi.
Yashirin infeksiyalarga tahlil. O‘ta xavfli hisoblangan mushuklar leykemiyasi va mushuklar immunodefitsiti viruslarini aniqlash muhim. Mushukni ko‘chadan, qo‘ldan yoki boshpanadan olsangiz va uyda boshqa mushugingiz bo‘lsa, bu tahlillarni albatta qildirish kerak. Yangi jonivor virus tashuvchisi bo‘lishi mumkin. O‘zida kasallik belgisi yo‘q, qiynalmaydi, lekin kasallikni boshqa mushuklarga yuqtirish xavfi juda yuqori. Ikkala kasallik ham o‘limga olib keladi. Virus yuqtirib olgan hayvonda kasallik og‘ir kechadi va u ko‘pincha nobud bo‘ladi.
Tahlil turlari ko‘p — ulardan aynan qaysi biri kerakligini veterinar aytadi. Ba’zida veterinar boshqa infeksiyalar uchun ham tahlillar topshirishni maslahat beradi.
Ko‘chadan yoki ishonchsiz joydan olingan mushuk boshqa hayvonlarga kasallik yuqtirishi mumkin. Uni ikki hafta karantinda saqlash kerak. Jonivor alohida xonada turishi va uydagi boshqa uy hayvonlari bilan ko‘rishmasligi kerak. Mushuk sog‘lom bo‘lib ko‘rinsa ham. Unga kasallik yaqinda orada yuqqan va belgilari hali ko‘rinmayotgan bo‘lishi mumkin. Uy hayvonlarini barcha tahlillar va karantindan keyin bir-biri bilan tanishtirish mumkin.
Parazitlardan tozalash. Mushukni veterinarga birinchi marta olib borganda parazitlardan tozalanadi. Shifokor ichki va tashqi parazitlar — qurtlar, burgalar va kanalarga qarshi dorilarni tanlab beradi. Mushuk ko‘chaga chiqmasa ham, parazitlar uyga oyoq-kiyim, sumka yoki boshqa hayvonlar orqali kirishi mumkin. Jonivor qayerdan olinganidan qat’i nazar, oldin dori berilmagan bo‘lsa, uni albatta parazitlardan tozalash kerak.
Tozalash narxi veterinar qaysi dorini tanlashiga bog‘liq. Masalan, ichki va tashqi parazitlarga qarshi birdek ta’sir qiladigan “NexGard Combo” dorisining bir dozasi o‘rtacha 150 000 so‘m.
Mushuk ko‘chadan olingan bo‘lsa, dorilangandan keyin bir necha kun o‘tib, maxsus shampun bilan cho‘miltirish kerak. Sog‘lom mushuklarni tez-tez yuvintirish shart emas. Ular o‘z junlarini o‘zlari tozalaydi. Tez-tez cho‘miltirish terini quritib yuboradi.

Vaksina. Parazitlar tozalangandan 10–14 kun o‘tib, birinchi emlashlar qilinadi. Bittasi virusli infeksiyalarga qarshi kompleks vaksina, ikkinchisi quturishga qarshi. Mushuk umuman ko‘chaga chiqmasa ham, uni baribir emlatish shart. Viruslarni uy egasi ko‘chadan olib kirishi yoki jonivorga veterinar klinikasining o‘zida yuqishi mumkin.
Kompleks vaksina 2-4 hafta tanaffus bilan ikki marta qilinadi. Quturishga qarshi vaksina esa bir marta.
Har bitta vaksina o‘rtacha 200 000 – 300 000 so‘m turadi.
Ro‘yxatdan o‘tkazish. Jonivor uchun veterinar pasporti ochish kerak. Unga barcha qilingan vaksinalar va boshqa muhim ma’lumotlar yoziladi. Mushukga chip ham qo‘ydirish kerak. 2026-yilning avgust oyidan hayvonlarni yagona bazaga kiritish uchun identifikatsiya raqami majburiy bo‘ladi. Mushuk yo‘qolib qolsa, chip uni topishga yordam beradi.
Sterilizatsiya. Bu operatsiya mushuk 4–6 oyligida, emlash va umumiy ko‘rikdan keyin qilinadi. Aniq vaqtini mushukning yetilishiga qarab veterinar belgilaydi. Erkak mushuklar ham, urg‘ochilari ham sterilizatsiya qilinadi.
Erkak mushukni sterilizatsiya qilish o‘rtacha 100 000 so‘m, urg‘ochiniki 300 000 – 400 000 so‘m atrofida. Narxlar klinikaga, jonivor vazniga, sog‘lig‘i va narkoz turiga qarab farq qiladi.
Mushuk boqish uchun kerakli narsalar
Tashish uchun konteyner. Busiz mushukni uyga olib kelib bo‘lmaydi. Uni qo‘lda tiqib ko‘tarib yurish xato. Vahimaga tushgan mushuk qochib ketishi mumkin. Uni qidirib topish muammo bo‘ladi.
Keyinchalik konteyner veterinar oldiga borish uchun kerak. Plastikdan yoki yumshoq materialdan qilingani ham to‘g‘ri keladi. O‘zingizga qulayini tanlang. Asosiysi, mushuk ichida siqilib qolmasdan bemalol joylashishi kerak.

Suv va ovqat idishlari. Metall yoki keramik idishlar yaxshiroq. Ular oson yuviladi, hidlanmaydi va chidamli. Plastik idishlar arzonroq. Lekin tez tirnalib, ichida mikroblar ko‘payishni boshlaydi. Idishlar uchun o‘rtacha 100 000 so‘m sarflaysiz.
Lotok. Katta mushuk olsangiz, eski egalaridan qanaqasiga o‘rganganini bilib oling — ochiq yoki yopiq. Yopiq lotoklar qulay va hidni chiqarmaydi. Lekin ular qimmatroq va barcha mushuklarga ham yoqavermaydi.

Tirnoq o‘tkirlagich. Mushuk tirnoqlarini kaltalatib turishi kerak. Buni uydagi mebel yoki oboylarda qilmasligi uchun unga maxsus tirnoq o‘tkirlagich olib bering. Ular vertikal yoki gorizontal shaklda, har xil materiallardan, karton, kovrolin yoki arqondan tayyorlanadi.
Mushugingiz tepaga cho‘zilib, tirnoqlarini mebel yoki devorga ishqalayotgan bo‘lsa, unga vertikal o‘tkirlagich to‘g‘ri keladi. Gilamlarda yoki yotgan joyida oyoqlarini oldinga cho‘zib tirnog‘ini o‘tkirlasa, gorizontal turini oling.

Uxlash uchun joy. Maxsus yotoq sotib olish shart emas. Mushuklar ko‘pincha oddiy quti, savat yoki pled ustida uxlashni yaxshi ko‘rishadi. Muhimi, tinchgina dam oladigan, hech kim tegmaydigan joy bo‘lsa bo‘ldi.
Parvarish vositalari. Asosan, taroq. Junining uzunligiga qarab, mushukni oyiga 1 tadan 4 martagacha tarasa bo‘ladi. Qancha ko‘p tarasa, shuncha yaxshi. Bu mushuk o‘zini yalaganda jun yutib yuborib, keyin qusishi xavfini kamaytiradi. Uzun junli mushuklarda esa junlar bir-biriga yopishib, tugun bo‘lib qolishining oldini oladi.
Universal variant — silikonli yoki juda qattiq bo‘lmagan taroq. U to‘kilgan junlarni yaxshi tozalaydi va terini jarohatlamaydi. Uzun junli mushuklarda tugun bo‘lib qolgan joylarini tozalash uchun qo‘shimcha taroqlar kerak. Lekin tugun keskich va furminatorlarni sotib olish kerak emas. Ular to‘kilgan junlarni tozalash o‘rniga sog‘lomlarini qirqib tashlaydi.
Mushuklarning tishlarini ham tozalash kerak. Bu uchun maxsus tish pastasi va shchyotka sotib olasiz. Odamlarniki to‘g‘ri kelmaydi. Tishlarda muammo bo‘lmasa, haftasiga 1–2 marta tozalab turish yetadi.


O‘yinchoqlar. Ular stressni kamaytirishga, egasi bilan aloqa o‘rnatishga va energiyani chiqarishga yordam beradi. Koptok, arqon va sichqoncha shaklidagi o‘yinchoqlar to‘g‘ri keladi. Mushuk bilan har kuni kamida 10–15 daqiqa o‘ynash kerak. O‘yinchoq sifatli bo‘lmasa, mushuk uni tishlab sindirishi va mayda bo‘laklarini yutib yuborishi mumkin. Chet eldagi do‘konlarda o‘yinchoqlarning turi ko‘p , qanday xarid qilish haqida “O‘zbekistonda turib, chet el do‘konlaridan buyurtma berish bo‘yicha qo‘llanma”da yozganmiz.
Oynalarga himoya to‘rlari 1- yoki 2-qavatda yashasangiz ham kerak. Mushuklar pastroqdan yiqilsa, hech narsa qilmaydi degan gap noto‘g‘ri. Bunda ular ko‘pincha jiddiy jarohat olishadi. Bundan tashqari, jonivor pastga tushib, qochib ketishi, yo‘qolishi yoki nobud bo‘lishi mumkin.
Oddiy moskit to‘rlari mushukni ushlab qolmaydi. U to‘rni yirtishi yoki og‘irligi bilan buzib yuborishi mumkin. Xavfsizlik uchun, ko‘p ochiladigan derazalarga maxsus to‘rlardan qo‘ydiring. Bo‘lmasa, oynalarni nazoratsiz ochiq qoldirish juda xavfli.
Kataklari 2,5×2,5 sm o‘lchamdagi metall to‘rlar to‘g‘ri tanlov. O‘rnatish uchun oyna romini teshish shart emas. Bitta derazaga metall to‘rlar o‘rnatish narxi 250 000 so‘m turadi.
Mushuk uchun ilk xarajatlar — 2 250 000 so‘mdan boshlanadi

Doimiy xarajatlar
Ovqat. Eng katta xarajat aynan shu. Ovqatlantirishni 3 xil yo‘li bor: quruq, konserva yoki o‘zingiz tayyorlaydigan ovqatlar.
Tayyor ovqatlarning ichida barcha foydali moddalar bor. Quruq yoki konservalardan birini tanlab, doim o‘shani bersa bo‘ladi. Mushukchalar uchun kattalarniki emas, aynan yoshiga mos ovqat olish kerak.
Faqat brendga qaramasdan, tarkibini ham ko‘rish kerak. Chunki bitta firmaning o‘zida har xil sifatdagi ovqatlar bo‘ladi.
- Tarkibi aniq yozilgan, nimalar borligi va ularning foizlarigacha batafsil ko‘rsatiladi.
- Go‘sht miqdori o‘simliklardan ko‘p bo‘ladi va qaysi hayvon go‘shti ekani berkitilmaydi.
- Go‘shtdan olingan oqsil 30% dan kam emas. Ba'zi ishlab chiqaruvchilar oqsil o‘rniga soya proteini yoki makkajo‘xori glyutenini qo‘shishadi. Lekin u mushuk uchun unchalik foydali emas.
- Ovqatda tovuq, kurka, baliq yog‘i yoki omega-3 ga boy zig‘ir moyi bo‘lishi kerak.
Bu talablarga asosan super-premium klassdagi va xolistik ovqatlar javob beradi.
Agar mushuk quruq ovqat bilan boqilsa, bir oyda o‘rtacha 1,5–2 kg ketadi. Bu taxminan 150 000 - 250 000 so‘m degani. Konservalarni tanlasangiz, xarajatlar ko‘proq bo‘ladi.

Lotok uchun qum. Katta mushuklar qum tanlashi mumkin, chunki bittasiga o‘rganib qolsa, boshqasini xohlamaydi.
Mushukchalar uchun esa dumaloq bo‘lib qotib qoladigan qumdan boshlasangiz bo‘ladi. Uni tozalash oson. Ko‘p mushuklar hidsiz va mayda donali qumlarni yaxshi ko‘rishadi.
Qancha qum ketishi lotokning hajmi va qanchalik tez tozalab turishingizga bog‘liq. Mushuklar kuniga 2–3 marta hojatga boradi. 5–7 litrlik paket unga 1 haftaga yetadi. Oyiga esa 3-4 ta xarid qilish kerak. Agar bitta paket narxi 25;000 so‘m atrofida bo‘lsa, oylik xarajat 100 000 so‘mga aylanadi.
Parazitlardan tozalash. Birinchi muolajadan keyingi tozalashlar jadvalini veterinar bilan tuzish kerak. Odatda, ko‘chada yuradigan mushuklarni har oyda bir marta, uydan chiqmaydigan, go‘sht yoki baliq yemaydiganlarini uch oyda bir marta tozalasa bo‘ladi.
Qayta emlash. U yilda bir marta qilinadi. Mushuklar kompleks vaksina va quturishga qarshi qayta vaksina oladilar. Ikkalasi ham bir dozadan qilinadi. Mushuklaringizni parazitlardan jadval bo‘yicha tozalab tursangiz, qayta emlashdan oldin buni maxsus qilish shart emas.
Emlashdan oldin mushukni veterinar ko‘rikdan o‘tkazadi. U bilan mushukning sog‘lig‘ini muhokama qilib olish mumkin. 7 yoshdan oshgan mushuklarni yoki sog‘lig‘ida muammosi bor jonivorlarni shifokorga yilda bir martadan ko‘proq ko‘rsatish kerak. Ko‘rik jadvalini veterinar tuzadi.
Qo‘shimcha xarajatlar. O‘yinchoqlar, tirnoq o‘tkirlagichlar va boshqa narsalarni almashtirish uchun qilinadigan doimiy xarajatlardir. Mushuk kasal bo‘lib qolsa uni davolash uchun ham pul ketadi.
Mushuk uchun xarajatlar yiliga 4 200 000 so‘mdan boshlanadi

