1-qadam. Anketani to‘ldirib konsullik yig‘imini to‘lang
Anketa GOV.uk immigratsiya xizmatining rasmiy saytida ingliz tilida to‘ldiriladi. Oilaviy hujjat topshirsangiz, har bir shaxs uchun alohida anketa kerak, bolalar uchun ham.
Boshida tizim savollar tilini tanlashni so‘raydi. Ingliz, rus va boshqa tillar bor, o‘zbek tili yo‘q. Lekin, baribir ingliz tilida javob berish kerak. Keyin viza turini tanlaysiz, turistik viza uchun bu “Visit or transit visa”.

So‘ng, hujjatlarni topshirib, viza markazida biometrikadan o‘tadigan mamlakatni ko‘rsating — O‘zbekiston. Bu bosqichdan keyin hujjat topshirish mamlakatini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Keyin tizim ro‘yxatdan o‘tishni so‘raydi. Email kiriting, parol yarating, telefon raqamingizni qo‘shing va siz bilan qanday bog‘lanishlarini tanlang: qo‘ng‘iroq, SMS yoki ikkalasi ham.
Anketada ariza beruvchi haqida asosiy ma’lumotlarni kiritish uchun maydonlar bo‘ladi. FISH, oilaviy holat va yashash manzili yozasiz. Shuningdek, yashash manzilingizda qancha vaqt yashayotganingizni, uy ijarada yoki o‘zingizniki ekanini, xorijga chiqish pasporti raqamini, berilgan sanasi va amal qilish muddatini, tug‘ilgan sana va joyingizni, ish yoki o‘qish joyingizni, ish beruvchining nomi, manzili va telefon raqamini ko‘rsatish kerak. Bundan tashqari, lavozimingizni ko‘rsatib, vazifalaringizni qisqacha yozib bering.
Moliyaviy holatingiz haqida ham savollar bo‘ladi. Masalan, daromad va uning manbalari, oylik xarajatlar summasi hamda safar vaqtida qancha pul sarflashingiz haqida. Safarga bog‘liq savollar ham bor: sanalar va maqsad. Dam olishga borish uchun, “Tourism”ni tanlashingiz kerak. Sizdan rejalaringiz haqida — nimalarni ko‘rishni va qayerga borishingizni batafsil yozib berishingizni so‘rashadi.

Ota-onangiz va Buyuk Britaniyadagi qarindoshlaringiz – agar bo‘lsa, mamlakatdagi yashash manzili, avvalgi safarlar, immigratsiya tarixi, jinoiy yoki ma’muriy ishlar hamda boshqa huquqbuzarliklar haqidagi ma’lumotlarni ham kiritish kerak. Davlat o‘rganlaridagi ish va harbiy xizmat haqida savollar ham bo‘ladi. Savollarga rost javob berish kerak. Anketadagi ma’lumotlar hujjatlardagi bilan bir xil bo‘lishi shart.

Oxirida pasport va boshqa hujjatlarni, masalan daromadni tasdiqlovchi ma’lumotlarni taqdim etishga rozilik berishingiz kerak. Mamlakatga kirish shartlariga ham rozi bo‘lasiz va arizani nomingizdan yoki farzandingiz nomidan topshirayotganingizni tanlaysiz.
Keyin vizaning amal qilish muddatini tanlaysiz. Konsullik yig‘imi aynan shu muddatga qarab belgilanadi:
— 6 oy 175 dollar;
— 2 yil 653 dollar;
— 5 yil 1166 dollar;
— 10 yil 1456 dollar.
Narxlar o‘zgarib turadi. Ularni migratsiya xizmati saytida ko‘rish mumkin. To‘lov vaqtida hisob-kitob mahalliy valyutada bo‘ladi, summa bank kursi bo‘yicha so‘mga konvertatsiya qilinadi.

Anketadagi barcha maydonlar to‘ldirilgach, tizim viza yig‘imini kiritishni taklif qiladi. To‘lovdan oldin ma’lumotlarni yana tekshirib chiqing. Keyin ularni o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Anketani to‘ldirishga 60 daqiqa ketadi. Jarayon davomida ma’lumotlarni muntazam saqlab turing. Taxminan 20 daqiqa faollik bo‘lmasa, tizim saqlanmagan ma’lumotlarni o‘chirib yuborishi mumkin. Anketani bir o‘tirishda to‘ldirish shart emas. Boshlab qo‘yib, keyin davom etsangiz ham bo‘ladi. Tayyorini esa yuklab oling, keyin kerak bo‘ladi.
2-qadam. Hujjatlarni topshirish uchun viza markaziga yoziling
Anketani yuborib, viza yig‘imini to‘laganingizdan keyin, tizim avtomatik ravishda viza markaziga yo‘naltiradi. Agar bunday bo‘lmasa, VFS Global shaxsiy kabinetiga kirishingiz kerak. Tizimga kirish uchun GWF bilan boshlanadigan anketa raqami va ko‘rsatilgan email manzili kerak bo‘ladi. Agar suhbat uchun bo‘sh vaqt bo‘lmasi, vaqti-vaqti bilan kirib kalendarni tekshirib turing. Keyinroq yangi joylar chiqishi mumkin. Shaxsiy kabinetda qabulni boshqa vaqtga ko‘chirsa bo‘ladi.
Anketa to‘ldirilgan kundan boshlab 240 kun ichida viza markaziga yozilish kerak. Agar bu muddat ichida yozilish imkoni bo‘lmasa, qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilib, vaziyatni tushuntiring.
Viza markazida biometrik ma’lumotlar topshirasiz, barmoq izlaringiz olinadi va suratga tushasiz. Agar oilaviy hujjat topshirsangiz, har bir kishi o‘sha kunga alohida vaqtga yozilishi kerak. Lekin, barchangiz bir vaqtga kelishingiz ham mumkin.

Suhbatga yozilgandan keyin va viza markaziga borishdan oldin servis yig‘imini to‘lash kerak. Bu, 76,5 funt sterling yoki taxminan 1 241 000 so‘m. To‘lov hujjatlarni qabul qilish, tekshirish va biometrik ma’lumotlarni topshirish xizmatlari uchun olinadi. Oldindan to‘lov qilmasangiz viza markazidagi navbat sabab kechikishlar bo‘lishi yoki qabulni ko‘chirishga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Qabul vaqtini ko‘chirish kerak bo‘lsa, buni bepul qilsa bo‘ladi. Agar qabulga ulgurmasangiz, 5 kun ichida anketani qayta to‘ldirmay va viza to‘lovisiz yozilish mumkin, lekin qo‘shimcha to‘lov bor — 20 funt, taxminan 324 000 so‘m.
3-qadam. Hujjatlarni yig‘ing
Hujjatlarni tayyorlang. Viza olish uchun kerak bo‘lgan asosiy hujjatlar ro‘yxati:
- Amal qilayotgan xorijga chiqish pasporti. Uning muddati butun safar davomida amal qilishi kerak.
- Agar bo‘lsa, eski xorijga chiqish pasportlari. Ularni safarlar va vizalar tarixini ko‘rsatish uchun ilova qilish mumkin.
- Safarga yetarli pulingiz borligini tasdiqlovchi hujjatlar. Masalan, ishxonadan lavozim va maosh ko‘rsatilgan ma’lumotnoma, hamda so‘nggi 3–6 oy bo‘yicha bank hisobingizdan ko‘chirma. Ma’lum bir summa bo‘yicha talab yo‘q, asosiysi, safar uchun pulingiz yetarli ekanini ko‘rsatish. Agar safar uchun to‘lovni boshqa odam qilsa, uning pulga oid hujjatlari va homiylik xati kerak.
- Agar mehmonga ketayotgan bo‘lsangiz, taklifnoma kerak. Uni erkin shaklda yozish mumkin. Xatda, kim taklif qilayotgani, safar muddati, yashash joyingiz va xarajatlarning bir qismini qabul qiluvchi tomon o‘z zimmasiga olishi yoki olmasligi ko‘rsatiladi.
- O‘zbekistonga aloqangiz borligi va safardan so‘ng qaytishingizni tasdiqlovchi hujjatlar. Bunga ish yoki o‘qish joyidan ma’lumotnoma, shuningdek biznes, oila yoki mulkka oid hujjatlar kirishi mumkin.
- Agar bolangiz bilan borsangiz, uning hujjatlari, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi kerak. Agar bola ota-onadan biri bilan sayohat qilsa, ikkinchisining ruxsati kerak.
- Agar Buyuk Britaniyada qolish muddati 6 oy yoki undan ko‘p bo‘lsa, sil kasalligiga test topshirilganligi haqida ma’lumotnoma talab qilinadi. Bunday testni faqat Britaniya tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan klinikalarda topshirish mumkin
Hujjat topshirish uchun mehmonxona bronlari va aviachiptalarni oldindan to‘lash kerak emas. Chiptalar faqat tranzit safar paytida, keyingi yo‘nalishni ko‘rsatish uchun so‘ralishi mumkin. Tibbiy sug‘urta esa majburiy emas.
Har bir ariza topshiruvchiga noqonuniy migrant sifatida qarashadi. Shuning uchun hujjatlar yordamida uyga qaytishingizni va u yerda noqonuniy ishlamasligingizni ko‘rsatish kerak. Barcha ma’lumotlar bir-biriga mos kelishi muhim. Masalan, anketa va ishxonadan olingan ma’lumotnomada maosh miqdrori har xil ko‘rsatilgan. Bu holat qo‘shimcha savollarni keltirib chiqaradi.
Hujjatlarni tarjima qiling Agar hujjatlar ingliz yoki uels tilida bo‘lmasa, yoniga tarjima qo‘shish kerak. Tarjimani o‘zingiz qilishingiz yoki tarjima markazida tayyorlatsangiz bo‘ladi. Tarjimada sana, tarjimonning ismi-sharifi va aloqa ma’lumotlari yozilishi shart. O‘zingiz tarjima qilsangiz, o‘zingizni ko‘rsatishingiz kerak. Notariusdan tasdiqlash shart emas, tarjima qilgan odamning imzosi yetadi.
Tarjimaning to‘g‘riligini tasdiqlovchi yozuv kerak, ya’ni u to‘g‘ri va asl nusxaga to‘liq mos ekanligi haqida jumla yoziladi, masalan: I confirm that this is a true and accurate translation of the original document.
Hujjatlarni viza markaziga yuboring. Ularni VFS Global saytidagi shaxsiy kabinet orqali, qabulga yozilgandan keyin va biometrikani topshirishdan oldin yuklanadi. Agar o‘zingiz yuklashni istamasangiz, hujjatlarni o‘zingiz bilan olib kelib, xodimlardan yordam so‘rashingiz mumkin. Lekin, bu qo‘shimcha pullik xizmat. Yuklanadigan hujjatlar, siz olib keladigan nusxalardir. Ular aniq, yaxshi ko‘rinadigan, imkon qadar rangli va A4 formatda bo‘lishi kerak.
4-qadam. Viza markazida biometrik ma’lumotlarni topshiring
Belgilangan kun va vaqtda viza markaziga keling. O‘zbekistonda ular ikkita: Toshkentda — Abdulla Qodiriy ko‘chasi 1-uy, 7-qavat, va Samarqandda — Bobur Mirzo ko‘chasi 46.
Viza markaziga kirish uchun biometrika xatidagi yoki kabinetdagi QR-kod, pasport yoki ID-karta kerak. Bo‘lmasa ichkariga kiritishmaydi.
O‘zingiz bilan xorijga chiqish pasporti, qabulga yozilganlikni tasdiqlovchi hujjatning nusxasini olib keling — u pochtangizga kelgan, unda tashrif haqida batafsil ma’lumot bor. Yana, viza topshirish uchun chop etilgan anketani olib kelish kerak. Agar hujjatlarni oldindan shaxsiy kabinetga yuklamagan bo‘lsangiz, skan qilish uchun nusxalari bilan to‘liq hujjatlar to‘plamini olib keling.

Joyida sizni suratga tushirib, barmoq izlaringizni olishadi. Jarayon ko‘pi bilan 5 daqiqa davom etadi. 5 yoshgacha bolalardan barmoq izi olinmaydi, faqat suratga tushirishadi.
Oxirida xorijga chiqish pasporti vizani yopishtirish uchun olib qolinadi. Uni markazda qoldirmasangiz ham bo‘ladi. Ariza ma’qullangandan keyin olib kelish mumkin, lekin bu qo‘shimcha pullik xizmat.
5-qadam. Qarorni kuting va vizani oling
Shaxsni tasdiqlab, hamma hujjatlarni topshirganingizdan keyin vizaga berilgan arizani 3 haftagacha ko‘rib chiqishadi. Agar qo‘shimcha tekshiruv yoki ma’lumotlar kerak bo‘lsa, vaqt cho‘zilishi mumkin.
Biometriyadan keyin ariza holatini shaxsiy kabinet orqali tekshirish mumkin. Hammasi tayyor bo‘lsa, sizga SMS yoki email orqali xabar keladi. Vizasi bor xorijga chiqish pasporti viza markazidan olinadi. Buning uchun yana QR-kodi va shaxsni tasdiqlovchi hujjat, pasport yoki ID-karta kerak. Agar xorijga chiqish pasportini topshirmagan bo‘lsangiz, vizani kiritish uchun uni o‘zingiz bilan olib kelishni unutmang.
Buyuk Britaniyaga turistik viza narxi
Asosiy xarajat: viza yig‘imi, kamida 175 dollar, taxminan 2 mln so‘m. Yana bir majburiy to‘lov viza markazidagi xizmat haqi: 76,5 funt sterling, taxminan 1,2 mln so‘m.
Agar fikringizdan qaytsangiz va hali biometrik ma’lumot topshirmagan bo‘lsangiz, vizaga to‘langan yig‘imni qaytarib olish mumkin. Viza markaziga borgandan keyin pul qaytarilmaydi.
Bundan tashqari, hisobga olish kerak bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlar ham bor:
- hujjatlarni tarjimon orqali tarjima qildirsangiz, narxi har bir sahifa uchun 35 000 so‘mdan boshlanadi.
- hujjatlarni o‘zingiz yuklashni xohlamasangiz, viza markazida ularni pulga skanerlab yuklab berishadi. Masalan, Toshkentda bu xizmat taxminan 800 000 so‘m bo‘ladi.
- agar boshqa shahardan kelsangiz, viza markazigacha bo‘lgan yo‘l xarajatlari.
Jami: barcha qo‘shimcha xarajatlar bilan birga taxminan 3 500 000 so‘m.
Britaniya vizasi berilmasa, nima qilish kerak?
Qaror xatini kuting. Unda rad etish sababi ko‘rsatiladi. Xuddi shu hujjatlar bilan darrov yana ariza bermang, oldin muammo nimada ekanini tushunib oling. Sabablar har xil bo‘ladi. Masalan, daromadni tasdiqlovchi hujjat bo‘lmadi, anketa bilan hujjatlardagi ma’lumotlarda farq bor yoki safar xarajatlarini kim to‘lashi tushunarsiz bo‘ldi.
Istalgan vaqtda qayta ariza topshirish mumkin. Asosiysi, hech qanday o‘zgartirish kiritmay eski anketa va hujjatlar to‘plamini yana yubormaslik. Oldin nima sababdan rad etilganini tushunib oling, keyin esa tuzatib, qayta ariza bering. Masalan, yetishmayotgan moliyaviy hujjatlarni qo‘shing, pul qayerdan kelganini tushuntiring, anketadagi xatolarni to‘g‘rilang yoki O‘zbekistonga qaytishingiz haqida isbot keltiring.
Qaror yozilgan xatda qayta ko‘rib chiqishni so‘rashingiz yoki apellyatsiya berishingiz mumkinmi-yo‘qligi ham ko‘rsatiladi. Oddiy turistik vizada bunday imkoniyat har doim ham bo‘lavermaydi. Agar bunday imkoniyat bo‘lsa, xatda keyingi qadamlar va muddatlar tushuntiriladi.
Britaniya vizasini olish tartibi
- Rasmiy saytda anketani to‘ldiring. Ma’lumotlarda xatolar yo‘qligini tekshiring, aks holda vizani rad etishlari mumkin.
- Viza markaziga suhbat uchun yoziling. O‘zbekistonda ular ikkita: Toshkentda va Samarqandda.
- Kerakli hujjatlarni yig‘ing va suhbatdan oldin ularni viza markazi sayti orqali yuklang.
- Belgilangan kunda viza markaziga boring va biometrik ma’lumotlarni topshiring. Kechikmang va o‘zingiz bilan viza anketasining chop etilgan nusxasi, yozuvni tasdiqlaydigan xat hamda xorijga chiqish pasportini olib boring.
- Viza bo‘yicha qarorni kuting va xorijga chiqish pasportingizni olib keting. Odatda kutish muddati taxminan uch hafta.
