Viza

Tayvanga kirish uchun viza kerak. Xizmat safari uchun ish vizasi, sayohatga borsangiz, turistik viza kerak. O‘zbekistonda Tayvan vakolatxonasi yo‘q. Eng yaqin konsullik Moskvada joylashgan. Ammo elektron viza olish mumkin. Pasportni Rossiyaga yuborish yoki u yerga borish shart emas.

Arizani Tayvan Tashqi ishlar vazirligining saytida to‘ldirasiz. Javob QR kod ko‘rinishida bo‘ladi. Uni chop etib, chegarada ko‘rsatasiz. Turistik viza rasmiylashtirish narxi 50 $. Uchib borishdan oldin TWAC — Taiwan Arrival Card elektron shaklni ham to‘ldirishingiz kerak.

Turistik viza uchun kerakli hujjatlar:

1. Ariza topshirilgan kundan boshlab kamida olti oy amal qiladigan xorijga chiqish pasporti.
2. To‘ldirilgan anketa va oxirgi olti oy ichida olingan 3×4 smli ikkita fotosurat.
3. Borish va qaytish aviachiptalari.
4. Bank hisobraqamidan ko‘chirma.
5. Sayohat rejasi va mehmonxona bandlovini ham so‘rashlari mumkin.

Men boshqa turdagi viza bilan borganman. Shuning uchun safarim maqsadini tasdiqlovchi hujjatlar, kompaniyada ishlashim va xizmat safari bilan kelayotganim haqida xat ham kerak bo‘lgan.

Computex Taipei butun dunyoda qaysi kompyuterlar ishlatilishini belgilaydigan ko‘rgazma. Tayvan savdo markazining vakolatxonasi har yili tadbirkorlarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan savdo shartnomalarini tuzish uchun Tayvanga taklif qiladi. Kompaniya subsidiya olish uchun ariza topshirishi mumkin. Shunda xodimlarning aviachiptasi, vizasi yoki turar joy xarajatlaridan biri qoplab beriladi

Uchish xarajatlari

Toshkentdan Tayvan poytaxti Taypeyga uchadigan reyslar yo‘q. Shuning uchuni boshqa davlatlar orqali uchishga to‘g‘ri keladi. 2026-yilda men Shanxay orqali uchdim, qaytishda esa Kuala-Lumpur orqali keldim. Guanchjou, Pekin, Seul, Dubay yoki Istanbul orqali ham uchish mumkin. Transfer reyslar uchun kamida 5–6 soat vaqt qoldiring. Bo‘lmasa keyingi reysga kech qolasiz. Chiptalarni agregator saytlardan qidirdim.

Borish va qaytish chiptalarim taxminan 1 027$, ya’ni 12 mln so‘mga tushdi. Bu narxga 8 kg gacha bo‘lgan qo‘l yuki va har biri 32 kg gacha bo‘lgan ikkita chamadon ham kirgan. Chiptalar qimmat bo‘ldi, chunki xalqaro ko‘rgazmalar o‘tkaziladigan kunlarda yo‘lovchilar ko‘payadi. Boshqa vaqtlarda arzonroq variantlarni topish mumkin.

Tayvanga kuzda yoki qishda borgan ma’qul. Bu paytda havo harorati +20–25 °C atrofida bo‘ladi va yomg‘ir kam yog‘adi. May–iyunda ham har xil tadbirlar o‘tkaziladi, lekin bu vaqtda yomg‘ir mavsum boshlanadi.

Aviachiptalarni payme travel’da olish foydaliroq

payme travel'da mashhur aviakompaniyalarning chiptalarini tanlash, to‘lovni kechiktirish yoki bo‘lib to‘lash imkoniyatlari bor. Masalan, chiptani hozir band qilib, to‘lovni 10 kun ichida to‘lash yoki summani uchga bo‘lish mumkin. Birinchi to‘lov xariddan bir oy o‘tganidan keyin boshlanadi. Chipta 1,5 mln so‘m tursa, oylik to‘lov uch oyga 500 000 so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Chiptalarni qidirish

Osiyo aviakompaniyalarida uchish menga juda yoqadi. Hammasi zo‘r, ichimlik va yeguliklar ko‘p. Shanxayga yetib borgunimizcha olti soat uxladim. Ungacha xitoylik xolalar men uchun choy va tushlik olib qo‘yishgan ekan.

Taypey aeroportidan shaharga borish oson. Uber orqali taksi chaqirish, shatlga chiqish yoki mehmonxonadan kutib olishlarini so‘rash mumkin. Men Markaziy vokzalgacha boradigan shatlni tanladim. Chipta taxminan 5$, ya’ni 60 000 so‘m turdi va shu bilan 50$ atrofida tejadim. Aeroport shahar tashqarisida joylashgan, Taypey markazigacha yetib olish uchun bir soat vaqt ketadi. Vokzaldan mehmonxonagacha piyoda bordim.

Aeroportdan shatlga chiqish uchun chipta

Yashash joyi, transport va aloqa

Mehmonxonalar. Xalqaro ko‘rgazmalar va yirik tadbirlar vaqtida Taypeyda mehmonxonalar narxi oshadi. Bo‘sh xonalar tez tugaydi. Metroga yaqin bo‘lgan uch yulduzli kichik mehmonxonani zo‘rg‘a topdim. Bu masalada menga tayvanlik hamkasblarim yordam berishdi. Oxiri Yomi Hotel'ni tanladim. Nonushtasiz, yetti kecha uchun 465$, ya’ni taxminan 5,5 mln so‘m to‘ladim.

Mehmonxonaga faqat uxlash va uchrashuvlardan keyin dam olish uchun qaytaman deb o‘ylagandim. Ammo kiyimlarni yuvish kerak bo‘lib qoldi. Bu esa xona narxiga kirmas ekan. Shu sababli kiyimlarimni 3–4 marta alohida pul to‘lab yuvdim. Bir marta kir yuvish 60 Tayvan dollariga (taxminan 22 000 so‘m) tushdi. Quritish ham shuncha turarkan.

Transport. Tayvanda jamoat transporti yaxshi rivojlangan. Taksida uchun bir tomonga 350 000 so‘mdan oshiq ketkazmaslik uchun metrodan foydalandim. Metro narxlari Toshkentdagiga yaqin. Ikki-uch bekat yurish taxminan 2 500 so‘m, uzoqroq masofaga borish esa 25 000 so‘mgacha turadi. 24, 48, 72 soatlik va bir oylik cheksiz yo‘l chiptalarini sotib olish mumkin. Men EasyCard kartasini oldim. Kartani metro bekatlaridagi kassalarda yoki yaqin atrofdagi 7-Eleven do‘konlarida to‘ldirsa bo‘ladi. Karta 100 Tayvan dollari, ya’ni taxminan 37 000 so‘m turadi.

Shahar orasidagi tezyurar poyezd va boshqa transportlarni hisobga olganda, yo‘lga jami 260 dollar, ya’ni taxminan 3,1 mln so‘m sarfladim.

Taypeyda metroda yurish juda qulay

SIM karta. Taypey aeroportida mahalliy raqam, 5G aloqa va 30 GB internet bo‘lgan eSIM sotib oldim. Bu ancha qimmatga tushdi. 8 kun uchun 36$, ya’ni taxminan 430 000 so‘m ketdi. Mahalliy telefon raqami hamkasblarim bilan bog‘lanish va Uber'da ro‘yxatdan o‘tish uchun kerak edi. O‘zbekistonning Uztelecom eSIM kartasi Tayvanda ishlamadi.

Tayvan eSIM'ini Klook ilovasi yoki boshqa saytlardan arzonroqqa olish mumkin. Ammo bunday kartalarda kunlik internet limiti bo‘ladi. Mening kartamda esa bunday cheklov yo‘q edi. Tayvanda aloqa hech qayerda uzilmadi. Metroda ham, baland tog‘larda ham, tezyurar poyezdda ham internet yaxshi ishladi.

Tayvan ko‘chalari tozaligi va yo‘llardagi tartib bilan esimda qoldi

Ovqatlanish

Dengiz mahsulotlarini yaxshi ko‘rsangiz, Tayvan sizga aniq yoqadi. Dengiz sohilga mashinada uch soatda yetib borish mumkin. Shu sababli oddiy kafelarda ham yangi baliq va sakkizoyoqlar bor. McDonald's, KFC, Burger King va Starbucks'ga o‘xshagan xalqaro tarmoqlar ham ishlaydi.

Ovqat uchun kuniga 100$ atrofida, ya’ni taxminan 1,2 mln so‘m sarflardim. Jami xarajatim 400$ (taxminan 4,8 mln so‘m) bo‘ldi. Tushlikni ko‘pincha xizmat uchrashuvlarida qilardim. Bizga mollyuskalar, ustritsalar, barbekyu va boshqa ovqatlarni berishardi. Agar u yerda ovqatlanmasam, tovuq yoki mol go‘shti solingan boul xarid qilardim. 350 grammlik bir porsiya taxminan 140 000 so‘m turardi.

Mol go‘shtli sho‘rvalar va tuxumli rollarni ham tatib ko‘rishni tavsiya qilaman. Choy va uch xil ovqati bor tushlik o‘rtacha 10–12$, ya’ni taxminan 140 000 so‘m bo‘lardi. Bolo Bao deb ataladigan ananasli bulochkalarni ham tatib ko‘ring. Bu Tayvan oshxonasining o‘ziga xos ovqatlaridan biri. Bittasi taxminan 30 000 so‘m turadi.

Bir necha marta Burger King'da ovqatlandim. Ovqatlari menga yoqmadi, lekin 45 000–60 000 so‘mlik katta Pepsi Zero stakanlarini ko‘rib, hech bo‘lmasa ichimliklarini olsam bo‘larkan deb o‘yladim.

Ko‘p pulim qahvaga ketdi. Starbucks'dan katta qahvalarni o‘zim bilan olardim. Rostini aytsam raf qahvasini Toshkentda yaxshiroq tayyorlashadi. Ammo marjumak choyi va puer choyi juda yoqdi. Do‘konlardan sovuq choylar ham sotib oldim.

  1. Starbucks'da o‘rtacha yoki katta muzli qahva — 12–18$, ya’ni taxminan 215 000 so‘mgacha turadi.
  2. 7-Eleven do‘konida sotiladigan limonli yoki rezavorli choy, 450 ml — 2–5$, ya’ni 60 000 so‘mgacha turadi. Ta’mlari juda ko‘p.
  3. Boba-choy yoki Zhen Nai — eng mazalisi FIFTYLAN'da. 500 mlli katta stakani o‘rtacha 6–10$, ya’ni 120 000 so‘mgacha turadi.

Maslahatim, o‘zingiz bilan vilka olib yuring. Kafelarda lag‘mon uchun vilka berishmas ekan. Salomlashayotganda ham yengil ta’zim qiling. Bu mahalliy aholida yaxshi taassurot qoldiradi.

Taypeyda 7-Eleven do‘konidagi barcha boul va choy turlarini tatib ko‘rgandekman

Borishga arziydigan joylar

Har ikki safarimda birinchi bo‘lib 101 qavatli Taipei-101 osmono‘par binosiga bordim. 89-qavatda kuzatuv maydonchasi bor. U yerdan butun poytaxtning manzarasi ochiladi. Binoning ichida qahvaxona va suvenirlar do‘koni ishlaydi. Pastki qavatlarda Nike, Adidas va boshqa mashhur brendlarning butiklari va do‘konlari joylashgan.

Liftga ham e’tibor bering. U 89-qavatga 37,7 soniyada ko‘tariladi. Bu dunyodagi eng tezkor liftlardan biri. Taipei-101'ga kirish chiptasi 540 Tayvan dollari, ya’ni taxminan 200 000 so‘m turdi.

Taypeydan Gaosyun shahrigacha bordim


Tayvanning janubiy chekkasida Gaosyun shahri bor ekan. U yerga tezyurar poyezdda yetib oldim. Meni xitoy tili o‘qituvchim kutib oldi va Janubiy Xitoy dengizi sohilini ko‘rsatdi. Bu dengiz Tinch okeaniga tutashadi. Taypeydan Gaosyungacha atigi ikki soatlik yo‘l bo‘lsa-da, bu safarga butun kunim ketdi.

Tezyurar poyezdning borish-qaytish chiptalari 100$, ya’ni taxminan 1,2 mln so‘m turdi. Chipta bilan muzqaymoq va barbekyu uchun chegirma vaucherlari ham berildi, lekin ulardan foydalanishga ulgurmadim.

Xitoy tili o‘qituvchim bilan kamida bir soat dengizga tikilib turgandik. Manzaradan maza qilgandim. Men uchun bu yilning eng yaxshi tongi bo‘lgandi

Yana Tszyufen va Shifen shaharchalariga bormoqchi edim. U yerda tog‘ sharsharalari va “Ruhlar olami” animesidagi sehrli shaharga o‘xshash qadimiy binolar bor. Bu joylarga tur taxminan 242 000 so‘m turadi. Ammo shattl ertalab soat 9 da jo‘nardi. Ish konferensiyalaridan keyin erta turishga kuchim yetmasdi.

Taypeyning o‘zida ham ko‘plab go‘zal joylar bor. Chan Kayshi yodgorligi, Raohe ko‘chasidagi tungi bozor, shahar hayvonot bog‘i va Milliy saroy muzeyi. Barcha chiptalarni Klook orqali sotib olishni tavsiya qilaman. Kassalarda narxlar qimmatroq bo‘ladi. Saytda Visa to‘lov tizimidagi kartalar, masalan, Visa TBC Salom orqali to‘lash mumkin.

Tayvanda yaxshi shopping qilsa bo‘ladi. O‘zimga va do‘stlarimga ancha narsa oldim. Ayniqsa, Uniqlo va Kinokuniya do‘konlarida ko‘p pul sarfladim. Birinchisi, ko‘pchilikka tanish kiyim brendi, ikkinchisi esa kitob va kanselyariya sotiladigan yapon do‘konlari tarmog‘i. Uyga kiyimlar, choy, ish uchun kundalik daftarlar va sovg‘alar olib keldim. Xaridlarga taxminan 1 000$, ya’ni 12 mln so‘m ketdi.

Osiyoda davlatlaridan shu narsalarsiz qaytib bo‘lmaydi

Xarajatlar

Aviachiptalar pulini keyin menga qaytarishgan bo‘lsa ham, ular bilan Tayvanda jami 3 300$, taxminan 39,5 mln so‘m sarfladim. Qaytishda, Kuala-Lumpurda ham xarajat qildim. 10 soatga mehmonxona oldim, taksi va kechki ovqatga pul ketdi. Deyarli hamma joyda karta orqali to‘ladim. TBC Salom Visa kartasi bilan hech qayerda muammo bo‘lmadi.

Naqd pul novvoyxona yoki choy sotiladigan joylarda kerak bo‘ladi. Kartadan naqd pulni komissiya bilan 7-Eleven do‘konlaridagi bankomatlardan yechib olish mumkin. Mehmonxonada esa pulni mahalliy valyutaga almashtirsa bo‘ladi.

8 kunlik xarajatlarim