Borishdan oldidan nimalarni bilish kerak
Langkavi — Malayziyadagi tropik iqlimli orol. Yil davomida havo harorati +30 °C atrofida bo‘ladi. Plyajda dam olish uchun eng yaxshi vaqt dekabrdan mart-aprel oyigacha. Bu paytda yog‘ingarchilik kam, dengiz esa tinch bo‘ladi. Shunga qaramay, orolga yilning istalgan paytida borish mumkin. Hatto yomg‘irli mavsumda ham ob-havo iliq bo‘ladi. Yomg‘ir ko‘p yog‘maydi va dam olishga xalaqit bermaydi.
Langkavi har kuni dengizda cho‘milish uchun mo‘ljallangan orol emas. Plyajlar bor, lekin meduzalar ko‘p, suv ham loyqaroq. Dam olish asosan sayr qilish, mazali ovqatlar, quyosh botishini tomosha qilish, ekskursiyalar bilan o‘tadi.

Langkavida yana bir qiziq jihat bor, bu yerda duty free, ya’ni boj olinmaydigan savdo tizimi ishlaydi. Parfyumeriya, kosmetika, spirtli ichimliklar, shokolad va ayrim texnikalar narxiga soliq qo‘shilmaydi.
Shirinliklarda foydasini sezish mumkin. Masalan, import shokolad plitkasi brendiga qarab taxminan 30 000–60 000 so‘mga turadi. Toshkentda shu shokolad 100 000 gacha yetishi mumkin. Parfyumeriya, kosmetika va spirtli ichimliklarni ham yaxshi narxda topsa bo‘ladi. Aksessuar va gadjetlar esa foydali narxda yo‘q ekan. Aniq model bo‘yicha narxlarni solishtirib ko‘rgan ma’qul.
Langkavining rasmiy valyutasi — Malayziya ringgiti, RM.
Misol uchun:
- 1 dollar ≈ 4 RM;
- 1 RM ≈ 3100 so‘m;
- 10 RM ≈ 31 000 so‘m.

Malayziyaga borish uchun viza kerakmi?
O‘zbekiston fuqarolari mamlakatda 30 kungacha vizasiz qolishlari mumkin. Xorijga chiqish pasporti kirish sanasidan boshlab kamida yana 6 oy amal qilishi kerak, aks holda viza berilmaydi.
Uchib kelishdan kamida uch kun oldin raqamli kelish kartasi MDACni to‘ldirish kerak. Anketada shaxsiy ma’lumotlar, tug‘ilgan sana, pasport raqami, fuqarolik, shuningdek, sayohatga oid ma’lumotlarni: mamlakatga kelish-ketish sanalari hamda mamlakatda yashash manzilini ko‘rsatish kerak. Anketa ingliz tilida to‘ldiriladi. Kartani printerda chiqarib o‘zingiz bilan olib yuring. Uni reysga ro‘yxatdan o‘tish va pasport nazoratida ko‘rsatishni so‘rashadi.

Borish-kelish qanchaga tushadi
Yangi yil oldidan Toshkentdan Langkaviga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yildi. Ikki kishiga borish-kelish chiptalari bizga taxminan 15 mln so‘mga tushdi.
Langkaviga reyslar odatda tranzit bo‘ladi. Masalan, Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur orqali. Bir tomonga bir kishi uchun o‘rtacha 4 million so‘m atrofida turadi. Aviachiptalarni tanlash va to‘lash uchun payme ilovasidagi payme travel xizmatidan foydalanish mumkin.

Orolda yashash uchun qulay joylar va mehmonxonalar narxlari
Yashash uchun eng qulay joy — Pantai Chenang. Bu yerda plyaj, kafe, bozorlar, do‘konlar va ekskursiya byurolari bor. Bu xarajatlarni kamaytiradi, chunki Langkavida jamoat transporti deyarli yo‘q. Sayyohlar taksi, ijaraga olingan bayk yoki avtomobilda yurishadi.
1–3 km yo‘l uchun taksi narxi o‘rtacha 10–15 RM, ya’ni ≈ 31 000–47 000 so‘m. Bayk ijarasi esa kuniga 25–40 RM atrofida, bu ≈ 78 000–124 000 so‘m.
Uch yulduzli mehmonxonani oldindan, shu joyning markazidan bron qildim. “Delyuks” xonada ikki kishi uchun 13 kecha, nonushtasiz jami 569 dollar bo‘ldi, taxminan 7 mln so‘m. Mehmonxonada basseyn yoki hovli yo‘q edi. Men uchun bu, plyus bo‘ldi. Foydalanmaydigan narsalarim uchun ortiqcha pul to‘lamadim.
Malayziyada turistlar uchun alohida soliq bor, bir kechaga 10 RM, taxminan 31 000 so‘m. Biz uni mehmonxonaga kirishda, har bir odam uchun alohida to‘ladik.

Ovqat narxi qancha va nimalarni tatib ko‘rish kerak
Odatda nonushtani kechroq va kechki ovqatni esa ertaroq qilar edik. Soat 12:00 ga yaqin "branch" degan joyga chiqardik, kechki ovqat esa issiqlik pasaygan payt, 18:00 atrofida bo‘lardi. Nonushta uchun ko‘pincha mahalliy kafelar, "varung"larga borardik. U yerda omlet va tost, tovuqli guruch yoki souslar bilan beriladigan hindcha blinlar bor. Ichishga mango smuzi yoki tarvuz freshi olardik. Ikki kishi uchun nonushta 25–35 RM, ya'ni 78 000–109 000 so‘mga tushadi.
Kechki ovqatga ko‘pincha soat 17:00–18:00 dan ishlaydigan Cenang Beach Food Truck Area — kechki gastronomik ko‘chasiga borardik. Ikki kishi uchun go‘shtli ovqatlarni 20–30 RM ga yoki dengiz mahsulotlarini 30–40 RM ≈ 62 000–124 000 so‘mga sotib olish mumkin. Ovqatlar konteynerlarga qadoqlanadi. Bu o‘zingiz bilan olib ketib xonada xotirjam yeyish uchun juda qulay.

Yana bir odatimiz bu Mr.Smashed fastfud nuqtasidagi burgerlar bo‘ldi. Bu joy 18:00 da ochiladi va shu paytdayoq navbat paydo bo‘ladi. Ikkita burger va kartoshka fri 49 RM turadi, taxminan 152 000 so‘m. Hind va Tailand restoranlariga ham bordik, u yerda kechki ovqat qimmatroq — 50–100 RM, ya’ni 156 000–310 000 so‘m.
Quyosh botishining eng go‘zal manzarasi uchun The Cliff restoran-bariga bir-ikki marta bordik: u plyajning o‘zida emas, dengiz sathidan balandlikda joylashgan. Ikkita issiq taom, ichimlik va shirinlikdan iborat kechki ovqat 200–300 RM, 620 000–930 000 so‘mga tushadi.

Chenangda yana nimalar qilish mumkin
Kunduzi ekskursiyalar, spa, sayrlar va duty free do‘konlariga borish mumkin. Dengizda cho‘milsa ham bo‘ladi, lekin meduzalar borligi uchun suzish uchun gidrokostyum kerak. Uni plyaj yonida joylashgan ijaraga berish punktlaridan yoki ekskursiya byurolaridan olish mumkin. Narxi kuniga 30–60 RM, taxminan 93 000–186 000 so‘m.
Plyajda standart ko‘ngilochar to‘plamlar bor:
- paraseyling;
- “banan”da uchish;
- gidrotsikllarda sayohat.
Narx mavsumga bog‘liq, o‘rtacha — 100–250 RM, 310 000–775 000 so‘m.
Yana, Underwater World Langkawi okeanariumi bor. Kattalar uchun chipta 50 RM turadi, bu 155 000 so‘m atrofida. Aylanib chiqish bir soatdan ko‘proq vaqt oladi. Ichkarida akulalar, skat baliqlari, pingvinlar va suv osti tunneli bor.

Kechga yaqin Chenang butunlay o‘zgaradi. Quyoshning ufq ortiga yashirinishini tomosha qilish uchun barcha dengiz bo‘yiga yig‘iladi. Bu, asosiy bepul tomosha.
Quyosh botganidan keyin plyajda muntazam olovli shoular bo‘lib o‘tadi. Artistlar qum ustida chiqish qilishadi, atroflariga esa yumshoq kreslolar qo‘yiladi. Kirish bepul, lekin o‘tirib tomosha qilish uchun nimadir buyurtma qilish kerak:
- alkogolsiz ichimlik — 20 RM, ≈ 62 000 so‘m;
- kalyan — 40 RM, ≈ 124 000 so‘m.
Xohishga qarab artistlarga pul qoldirish mumkin. Shouni bir-ikki marta ko‘rish qiziq, chunki dastur odatda o‘zgarmaydi. Yana tinchroq variant ham bor — Liquid Valley. Bu do‘kon-bar, balkonidan quyosh botishini tomosha qilsa bo‘ladi. Ichishga nimadir olib, shu yerda o‘tirish ham mumkin. Spirtli ichimliklar bu yerda plyajning birinchi qatoridagi barlarga qaraganda taxminan bir yarim baravar arzon — 30 RM dan boshlanadi, ya’ni 93 000 so‘m.
Yangi yil oqshomi uchun maxsus dasturlarni olmadik. Kechki ovqat qilib, yarim tunga yaqin salyutlarni tomosha qilish uchun qirg‘oqqa chiqdik. Mehmonxona yoki qahvaxonada bayram qilish 195–350 RM, 0,6–1,1 mln so‘mga tushardi.

Ekskursiyaga qayerga borish kerak
Langkaviga. Ekskursiya byurolari hamma joyda bor. Mehmonxonalarda, ko‘chalarda va plyajda. Narxlar 20–25% ga farq qiladi, xarid qilishdan oldin variantlarni solishtirib ko‘rgan ma’qul.
Oroldagi asosiy sayohatimiz Kilim Geoforest Park — qo‘riqxona va YUNESKO obyektiga borish bo‘ldi. Ekskursiyaga chiptani ko‘chadagi byurodan oldim. Bir kishi uchun 200 RM ≈ 620 000 so‘m. Mehmonxonada chipta uchun 250 RM, 775 000 so‘m so‘rashdi. Narxga transfer va kechki ovqat kiritilgandi.
Ekskursiya motorli qayiqda tor mangra kanallari bo‘ylab sayohat qilishdan iborat. Yo‘l davomida g‘orlar va chiroyli joylarda to‘xtashadi, kechga yaqin esa ochiq dengiz tomonga chiqishadi. Bu yerdan quyosh botishini tomosha qilish mumkin.

Qo‘shni Tailandga borish. Men, ajoyib plyajlari bor Tailandning Ko Lipe oroliga borishni oldindan rejalashtirgan edim.
O‘zbekiston fuqarolari Tailandda 60 kungacha vizasiz qolishlari mumkin. Kelishdan kamida uch kun oldin raqamli kelish kartasi — TDACni to‘ldirish kerak. U, Malayziyaga kirish kartasiga o‘xshaydi. Kelish vaqtida milliy bog‘ga kirish uchun yig‘im to‘lash kerak, kishi boshiga taxminan 6 dollar ≈ 73 000 so‘m. Pasport nazoratida naqd pul bilan to‘lanadi.
Ko Lipedan Langkaviga qaytishda kirish qayta rasmiylashtiriladi, ya’ni Malayziyaning MDAC kelish kartasini oldindan qayta to‘ldirish kerak.

Telaga Harbor Marina portidan parom yoki qayiqda Tailand oroliga yetib olishadi. Taxminan 1,5 soatli yo‘l. Chiptalarni O‘zbekistonda onlayn sotib olganman, narxi bir kishi uchun 45 dollar, ≈ 548 000 so‘m. Yashash joyi ham oldindan bron qilingan. Ikki kishilik bungalo (kichik, bir qavatli uy) va nonushta bir kechaga 130 $, 1,6 mln so‘mga tushdi.
Ko Lipe — maydoni taxminan 6 kilometr bo‘lgan ixcham orol. Odamlar piyoda yurishadi, transport kerak emas. Asosiy plyajlar: Pattaya, Sunrise va Sunset — bir-biridan 10-15 daqiqalik masofada joylashgan.

Qancha pul olish kerak
16 kunlik sayohatimiz byudjeti, Tailandga borish bilan birga — 3 500 dollar, 43 mln so‘mga tushdi. Shundan taxminan 1 185 dollar, 14,5 mln so‘mni ovqat, ekskursiyalar, va duty-free do‘konlariga sarfladik.
Bank kartalari deyarli barcha joyda ishlaydi, lekin naqd pul tungi bozorlar, ko‘cha ovqatlari va kichik xaridlar uchun kerak. Dollarni mahalliy valyutaga almashtirish kerak. Eng yaxshi kurs turistlar ko‘p yuradigan hududlardagi ayirboshlash shoxobchalarida bo‘ladi, aeroportda esa kurs ancha past.


