Nega Vyetnam borishga arziydigan joy

Vyetnamga birinchi martda Xanoy shahriga 11 yil oldin borganman, xizmat safari bilan. Ko‘rgazmadan keyin reyslar orasida bo‘sh vaqt topildi va men dengizga uchishga qaror qildim. Tanlovim Siam ko‘rfazidagi eng katta orol — Fukuok bo‘ldi. O‘shanda Vetnamni kurort deb umuman tasavvur qilmagandim, lekin birinchi safardan keyin bu yerga yana qaytishni xohladim.

Vyetnamda eng asosiysi — xavfsizlik va xotirjamlik hissi. Tabiat go‘zal, odamlari samimiy. Safarlarim davomida meni aldashmoqchi yoki biror narsamni o‘g‘irlashmoqchi degan shubha bo‘lmagan.

Bir safar taksida taxminan 400 dollar va yana shu miqdordagi Vyetnam “dong”ini (jami 10 mln so‘m atrofida) tushirib qoldirganman. Haydovchi mehmonxona restorani oldida kun bo‘yi meni kutib turgan va kechqurun pullarni shaxsan o‘zimga qaytarib bergan.

Sanjar oilasi bilan Vyetnam qirg‘oqlarida

Qaysi vaqtda borish va Vyetnamning qaysi joyini tanlash kerak

Joyni tanlash yil fasliga bog‘liq. Qishda Fukuok oroliga borishni maslahat beraman. Bu vaqtda dengiz tinch va havo harorati yoqimli bo‘ladi. Materik qismida to‘lqinlar va suv o‘tlari bo‘lishi mumkin. Havo sovuq emas, lekin cho‘milishga biroz noqulay. Fukuokda esa umuman boshqacha. Bahor va yozda turistlar asosan Vetnamning materik qismidagi Danang va Nyachangga borishadi, chunki bu vaqtda u yerda ob-havo nisbatan yaxshiroq.

Xoshiminga dengiz uchun emas, sayr va “shoping” uchun boriladi. Kiyim-kechak va elektronika narxlari kurort zonalariga qaraganda ancha arzon. Shuning uchun sayyohlar bu yerda 1-2 kunga qolishadi.

Vyetnam Osiyoga birinchi marta sayohat qiladiganlar uchun juda mos yo‘nalish. Bu yerda logistika aniq, narxlar hamyonbop va xavfsizlik darajasi yuqori. Dam olish ko‘ngildagidek o‘tishi uchun yo‘nalishni oldindan rejalashtiring. Hamma narsaga ulgurishga harakat qilmang, bir necha kunni ekskursiyalarsiz, shunchaki dengiz bo‘yida dam olish uchun qoldiring. 

Sanjar Budda haykali yonida, Marmar tog‘lari, Danang

Vyetnam elektron vizasini qanday olish mumkin?

Qachon viza kerak emas? Agar faqat Fukuok orolida dam olsangiz va materik qismiga chiqmasangiz, viza shart emas. Orolda sayyohlar uchun maxsus vizasiz tizim bor.


Qachon viza kerak?
Vetnamning materik qismiga — Xanoy, Nyachang va boshqa sohilbo‘yi kurortlarga borish uchun viza shart.

Ko‘pincha sayyohlar yetib kelganda vaqt yo‘qotmaslik uchun elektron vizani oldindan rasmiylashtiradilar. Buni turagentlikda yoki Vetnam hukumatining rasmiy saytida mustaqil qilish ham mumkin. Bunda tug‘ilgan sana va boshqa shaxsiy ma’lumotlarni, sayohat haqidagi tafsilotlarni ko‘rsatish, shuningdek, fotosurat hamda pasport yoki ID-karta nusxasini yuklash kerak bo‘ladi. Ota-onasining pasportiga kiritilgan 14 yoshga to‘lmagan bolalarning ma’lumotlari ularning anketasiga yoziladi. Bir martalik viza narxi — 25 dollar yoki taxminan 300 000 so‘m.

Shuningdek, anketani yetib kelgandan keyin ham to‘ldirish mumkin, bu taxminan yarim soat vaqt oladi.

Vyetnamga elektron viza olish uchun anketadagi asosiy savollar

Parvoz va mehmonxona narxlari

Dam olish uchun turistlar ko‘pincha qirg‘oq bo‘yidagi yo‘nalishlar — Nyachang, Danang va Fukuokni tanlashadi. Dengiz mavsumi boshlangan paytda bu yo‘nalishlarga Toshkentdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslari yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Shuningdek, boshqa shaharlar, masalan, Tailand poytaxti Bangkokdagi aeroport orqali tranzit reyslar ham bor.

Aviachiptalar narxi bir tomonga o‘rtacha 4 million so‘mdan boshlanadi — narxlar yil fasli, aviakompaniya, parvoz davomiyligi va tranzitlar soniga bog‘liq.

Vyetnamda istalgan narxda turar joy topish mumkin. Xalqaro premium darajadagi mehmonxonalar bir oila uchun 10 kunga taxminan 1600—1800 dollarga, ya’ni 19—22 million so‘mga tushadi. O‘rta darajadagi joylarni, nonushtasi bilan, bir kechaga 25 dollardan (taxminan 300 000 so‘m) xonalarni topish mumkin. Deyarli har bir mehmonxonada narx ichiga kiradigan basseyn va SPA salonlar bor. Odatda, birinchi kirish bepul bo‘ladi, keyingilari uchun alohida to‘lanadi. Menga u yerda massaj, hammom, piling va boshqa muolajalar bir kunga 150 dollarga — taxminan 1,8 mln so‘mga tushgan.

Mehmonxonadagi manzara

Turoperatorlar sayohatni “tayyor holda” hisoblaydi. Oilaviy — men, rafiqam va qizim uchun parvoz, mehmonxona va transfer bilan birga 10 kunlik sayohat o‘rtacha 3 500 dollar — taxminan 43 million so‘mga tushdi. Lyuks xonalar bilan sayohat 4 500 dollar — 54 million so‘mdan biroz ko‘proqqa aylandi.

Turagentlikdan foydalanish ko‘pincha chiptalarni mustaqil sotib olish va xuddi shu mehmonxonani band qilishdan ko‘ra arzonga tushadi. Mening maslahatim: agar umumiy transferli tur bilan uchayotgan bo‘lsangiz, “fast-track”, ya’ni aeroportda tezlashtirilgan o‘tish xizmatini sotib olishdan ma’no yo‘q. Baribir avtobus butun guruhni kutadi, hamma yuklarini olib bo‘lmaguncha kutishingizga to‘g‘ri keladi.

Aloqa uchun turistik SIM-kartalar sotib olgan ma’qul, ular mahalliy aeroportlarda sotiladi. Kuniga 5 GB internet limiti bo‘lgan 15 kunlik paket taxminan 300 000 dong, ya’ni 140 000 so‘m atrofida turadi. Shuningdek, 7 va 10 kunlik paketlar ham bor. Internet hamma joyda bor, lekin tezligi bo‘yicha, ayniqsa mehmonxonalarda, ko‘pincha O‘zbekistondagidan sekinroq ishlaydi.

Vyetnam sohillari

Tibbiy sug‘urta shartmi?

Vyetnamga sayohat qilish uchun tibbiy sug‘urta majburiy emas, lekin men uni oldindan rasmiylashtirishni tavsiya qilaman. Tur sotib olayotganda bazaviy sug‘urta polisi odatda narx ichiga kiradi. Agar kirmaydigan bo‘lsa, uni alohida sotib olgan ma’qul, shuningdek, kengaytirilgan polisni ham xarid qilish mumkin.

Sug‘urta narxi uning qoplama miqdori va tanlangan sug‘urta kompaniyasiga bog‘liq. Masalan, 35 000 dollargacha bo‘lgan tibbiy xarajatlarni qoplaydigan sug‘urta bir kishi uchun taxminan 120 000 so‘m turadi. Agar qoplama summasi kattaroq bo‘lsa, narx bir kishi uchun bir million so‘mgacha yetishi mumkin.

Yordam uchun mahalliy klinikalarga murojaat qilish mumkin, lekin sayyohlar xizmat ko‘rsatish darajasi yuqori bo‘lgan xalqaro shifoxonalarga borishadi. Ammo, u yerdagi narxlar ham ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Sug‘urta hatto jiddiy holatlarda tibbiy yordamga murojaat qilinganda ham katta xarajatlarning oldini olishga yordam beradi. Masalan, bir safar qizimni davolatganimiz uchun bizga 4000 dollar — deyarli 49 million so‘m hisob chiqarishgan, lekin sug‘urta polisi hamma xarajatlarni qoplagan.

Sanjarning qizi Fukuokdagi ko‘pincha “Disneyland” bilan solishtiriladigan “VinWonders Phu Quoc” bog‘ida

Mamlakat ichida harakatlanish

Turistlar uchun asosiy transport turi — Grab ilovasi orqali taksi xizmati. Safar narxi oldindan ko‘rinadi, savdolashishga hojat yo‘q. Biz shaharlararo yo‘nalishlarda ham bemalol taksida yurdik. Masalan, Danangdan Xoyangacha bo‘lgan masofa (taxminan 30 kilometr) odatda 15–20 dollarga tushar edi, tig‘iz paytda esa 40 dollargacha ko‘tarilishi mumkin.

Fukuokda orolning asosiy turistik zonalarini bog‘laydigan qulay “Vin Bus” avtobuslari bor. 2026-yil yanvarigacha ular hamma uchun bepul edi, ammo hozir to‘liq yo‘l haqi taxminan 2 dollar. Ba’zi mehmonxonalarning mijozlari uchun bepul yurish imkoniyati hali ham bor. Buni administratsiyadan aniqlashtirish va maxsus QR-kodni olish kerak.

Xoyana eski shahar hududidagi restoran

Qayerda ovqatlangan ma’qul

Turistlar uchun mehmonxonadagi “all inclusive” formati har doim ham o‘zini oqlamaydi. Mehmonxonada bu ancha qulay, lekin shaharda taomlar ancha mazaliroq. Biz faqat shaharda ovqatlanishga qaror qildik. Mahalliy aholi ko‘p bo‘lgan joylarga borishni tavsiya qilaman.

Vyetnam oshxonasi — sayohatning asosiy afzalliklaridan biri. Sayyohlar ko‘pincha “Fo sho‘rvasi”ning har xil turlarini, lag‘mon, spring-rollar va dengiz mahsulotlarini tanlashadi. Kofe bir dollardan arzon, taxminan 12 000 so‘m turadi, bir kosa sho‘rva ikki baravar qimmatroq. 20 dollarga (taxminan 243 000 so‘m) ikki kishi ichimliklar bilan birga ovqatlanishi mumkin. Tajribamga ko‘ra, ko‘cha taomlari ancha xavfsiz va Balidan farqli o‘laroq, menda bu yerda ovqat bilan muammolar bo‘lmadi. Ilonning qovurilgan yuragiga o‘xshagan noyob taomlar ham bor, lekin men tavakkal qilmadim.

Ko‘chalarda yangi uzilgan mevalar: kokos, mango, durian va boshqalar sotiladi. Masalan, kokos 5000 so‘mdan kam turadi. Kokos suvini ichib ko‘rishingiz uchun uni yoningizda ochib berishadi.

Vyetman restoranlarida Fo sho‘rvasi va dengiz mahsulotlari

Nimalarni ko‘rish kerak

Danang hududida sayyohlar ko‘pincha “Oltin qo‘llar” ko‘prigi joylashgan Bana Hills tog‘li kurortiga, Marmar tog‘lariga, Vetnamdagi eng baland Ayol Budda haykaliga hamda qadimiy Xoyan va Xyue shaharlariga borishadi. Xyueda mol go‘shtidan tayyorlanadigan eng mazali Fo sho‘rvasi pishiriladi, uni bu yerda “Qirolcha Fo” deb atashadi. Mamlakat shimolida bir necha kunlik kruizlar tashkil etiladigan Xalong ko‘rfazi bor. U yerga Xanoy orqali borish mumkin.

Fukuokda esa turistlar odatda safari-park, dor yo‘li, murch plantatsiyalari va marvarid yetishtirish fermalarini tanlashadi, yana har kuni o‘tkaziladigan salyutlar shousini ham tomosha qilish mumkin.

Fukuokdagi Safari-park

Ekskursiyalarni mehmonxonaning o‘zida sotib olish mumkin, bu variant, odatda, qimmatroqqa tushadi. Shaharlarda rus tilida xizmat ko‘rsatuvchi turistik agentliklar ishlaydi. U yerda xuddi shu yo‘nalishlar arzonroq narxda bor. Qo‘shimcha xizmatlar bo‘yicha kelishib olish ham mumkin.

Ko‘p joylarda ingliz tilini tushunishadi, yozuvlarda ingliz tili bor. Ingliz tili kam uchraydigan joylarda men onlayn-tarjimonni ishlatdim.

Marmar tog‘laridagi Budda haykallari

Qancha pul olish kerak

Xarajatlar dam olishga bog‘liq. Bir oila uchun 10 kunga, ehtiyojlarni cheklamay, kamida 1000 dollar atrofida — taxminan 12 million so‘m yetadi. Ekskursiyalar, SPA va xaridlar bilan byudjet 3000 dollargacha — 36 million so‘mgacha borishi mumkin.

Valyutaning eng foydali kurslarini zargarlik do‘konlari va turistik agentliklarida topish mumkin. Mehmonxona va banklarda shartlar yomonroq. Aeroportda pul almashtirishni tavsiya qilmayman.

Vyetnamda ko‘pincha naqd pul ishlatiladi. Kartalarni mehmonxonalarda, savdo markazlarida va yirik restoranlarda qabul qilinadi. O‘zbekistonda kartalari bilan muammo bo‘lmaydi.