Baland tog‘ ko‘llari

Qirg‘izistonning eng go‘zal ko‘llari baland tog‘larda, dengiz sathidan o‘rtacha 2 700–3 500 metr balandlikda joylashgan. Ular orasida Ko‘l-Tor, Ko‘l-Ukok, Son-Ko‘l, Ala-Ko‘l, Tulpar-Ko‘l, Kel-Suu va Chatir-Ko‘l bor. Bu joylarga yozda borgan yaxshi.

Toshkentdagi sayyohlik agentliklarida Qirg‘iziston ko‘llariga sayohat turlarini sotib olsa bo‘ladi. Ammo bunday takliflar Issiqko‘l turlariga qaraganda kamroq. Mos turni ijtimoiy tarmoqlardan, masalan, “Eng yaxshi vaqtda eng yaxshi joylarga” o‘xshash Telegram kanallaridan yoki Instagramdan topish mumkin.

Toshkentdan mashinada boriladigan 3 kunlik turlar o‘rtacha 300 dollar, ya’ni 3,5 mln so‘mdan ko‘proq turadi. Narxga yo‘lkira, ovqatlanish va yashash joyi kiradi. Ammo borish va qaytishda uch kundan ikki kunini yo‘lda o‘tkazasiz. Toshkentdan O‘shga samolyotda ham uchish mumkin. Yo‘l xarajatlarisiz ikki kunlik tur taxminan 2,2 mln so‘mga tushadi. Bir kishi uchun aviachipta borib-kelishga 1 mln so‘m atrofida bo‘ladi.

Kel-Suu ko‘li

Men Kel-Suu ko‘liga uyushtirilgan turni sotib olganman. Birinchi bo‘lib Toshkentdan O‘shga mikroavtobuslarda bordik. Chegaradan o‘tib, nonushta qildik. Nonushta sayohat narxiga kiritilmagan. Mahalliy gipermarketga kirib yo‘l uchun gazaklar oldik. Bu bir kishi uchun taxminan 150 000 so‘mga tushdi. Keyin Oq-Soy vodiysidagi o‘tov lageriga bordik. Yo‘lda yana bir nazorat-o‘tkazish punktidan o‘tish kerak ekan. Xitoy chegarasi yaqin bo‘lgani uchun maxsus ruxsatnoma ham so‘rashadi. Tur tashkilotchilari uni oldindan rasmiylashtiradi, xarajatini esa tur narxiga kiritishadi. Bir tomonga yo‘l taxminan 7–10 soat davom etadi.
‍
Ertalab ko‘l tomon yo‘lga chiqdik. U yerga piyoda yoki otda borish mumkin. Ot sayrining narxi taxminan 500 000 so‘m, lekin u tur narxiga kirmaydi.

Yo‘ldagi yeguliklarim. Mahalliy kafelarda nonushta qilish 17 000 so‘m atrofida bo‘ldi. Partner Neft shoxobchasidagi kafeda qahvani 21 000 so‘mga oldim

Ko‘llar atrofi asosan o‘tov lagerlariga to‘lgan. Bu yerning muhiti o‘zgacha, lekin qulayliklar kam. Lagerlarning ko‘pi faqat yozda ishlaydi. Sovuq tushishi bilan o‘tovlar yig‘ishtiriladi, jihozlarni ham olib ketishadi. Chunki baland tog‘ dovonlaridan o‘tadigan yo‘llarni qor bosadi.

Shunga qaramay, o‘tovlar ancha shinam. Ichida yumshoq ko‘rpa-to‘shaklar bor. Hatto yozda ham tashqarida harorat 0 °C gacha tushishi mumkin. O‘tovlar ko‘mir pechlar bilan isitiladi. Elektr toki generator yoki quyosh panellari orqali olinadi. Hojatxona va qo‘l yuvish joylari tashqarida bo‘ladi.

O‘tov lagerlarida mehmonxonadagidek qulayliklar yo‘q, lekin manzara juda chiroyli

Ko‘llarga sayohat turlarini Qirg‘izistonning o‘zida, O‘sh yoki Bishkekdagi mahalliy tur operatorlardan sotib olish mumkin. Tanlov ko‘p, narxlar har xil. Masalan, Bishkekdan 90 km uzoqlikdagi Kegeti darasidagi Ko‘l-Torga bir kunlik sayohat taxminan 200 000 so‘m turadi. Otda Ala-Ko‘lga borish va yo‘lda issiq buloqlarga kirish bilan uch kunlik tur 2,2 mln so‘m atrofida bo‘ladi.

Son-Ko‘l va Tulpar-Ko‘lgacha mashinada borish mumkin, lekin yo‘lning oxirgi qismi uchun kattaroq mashina kerak. Ko‘l-Tor va Ala-Ko‘lga bo‘lgan yo‘lning oxiriga piyoda yoki otda borish mumkin. Tulpar-Ko‘l, Kel-Suu va Chatir-Ko‘lga borish uchun chegaraga kirish ruxsatnomasi olinadi. Uni mahalliy sayyohlik agentligi orqali taxminan 400 000 so‘mga olish mumkin. Arizani hududga borishdan kamida 14 kun oldin topshirish kerak.

Tog‘ ko‘llariga asosan piyoda, 4×4 kattaroq mashina yoki otda yetib borish mumkin

Trekking

Qirg‘izistonda trekking yo‘nalishlari ko‘p. Bir kunlik variantdan tortib, 3 500–4 000 metrlik dovonlardan o‘tadigan va bir hafta yoki undan ko‘proq bo‘ladigan tog‘ sayohatlari ham bor.

Sayohatning davomiyligi va qiyinligiga qarab o‘zingizga mos variantni tanlashingiz mumkin. Trekkingni ko‘llarga sayohat bilan birlashtirsa ham bo‘ladi. Masalan, Oq-Soy vodiysidagi o‘tov lageridan Kel-Suu ko‘ligacha bo‘lgan yo‘l bir tomonga taxminan 7 km. Bu yo‘nalish tajribali sayyohlar uchun mo‘ljallangan. Chunki 3 000 metrdan yuqori balandlikka ko‘tarilish ancha qiyin bo‘ladi. So‘qmoq tog‘ daryosi bo‘ylab tepaliklar va go‘zal yonbag‘irlardan o‘tadi. Yo‘l oxirida esa tik qoyalar orasidagi tor darada joylashgan ko‘lga yetib borasiz. Yo‘lda toshloq qismlar ham, kichik soylardan o‘tish joylari ham bor. Dam olish va rasmga tushish uchun vaqtni hisobga olsak, borib-kelishga 5–7 soat ketadi.

Qoyaga chiqishni yaxshi ko‘rsangiz, motorli qayiqda g‘orgacha boring. Keyin tik yonbag‘irdan ko‘tarilib, qoya tepasidagi yoriqni ko‘rishingiz mumkin. G‘orning o‘zi unchalik qiziqarli bo‘lmasa ham u yerdan ko‘lga ajoyib manzara ochiladi.

Kel-Suu yaqinidagi g‘or

Trekking uchun yana bir nechta yo‘nalish.

Аla-Аrcha. Ko‘p kunlik safarga chiqmasdan tog‘ trekkingini sinab ko‘rmoqchi bo‘lganlarga mos keladi. Milliy bog‘ Bishkekdan taxminan 40 km uzoqlikda joylashgan. Bu yerda vodiy bo‘ylab qisqa sayrni taxminan 160 000 so‘mga olish mumkin. Yana Oq-Soy sharsharasi va Ratsek kulbasigacha boradigan qiyinroq bir kunlik yo‘nalishga chiqsa bo‘ladi. Ikkinchi variant taxminan 1,4 mln so‘m turadi. Bunday sayohatda jismoniy holatga e’tibor bering. Chunki yo‘lning katta qismida tepaga ko‘tarilasiz.

Ko‘l-Tor ko‘liga trekking. Bu Kegeti darasidan dengiz sathidan 2 700 metr balandlikdagi feruza rang ko‘lgacha boradigan bir kunlik yo‘nalish. Masofa 8 km, balandlik farqi 900 metr. Daragacha transfer va gid xizmati taxminan 200 000 so‘m bo‘ladi.

2 700 metr balandlikdagi Ko‘l-Tor suvi sutrang va moviy-yashil tusda tovlanadi. Manba: KG Country

Ala-Ko‘l – Altin-Arashan. Bu Qirg‘izistondagi eng mashhur trekking yo‘nalishlaridan biri. Tog‘ o‘rmonlari va daralar orasidan o‘tib, baland tog‘larda joylashgan Ala-Ko‘lga yetib borasiz. Keyin 3 900 metr balandlikdagi dovondan o‘tib, Altin-Arashan qo‘riqxonasi vodiysiga tushasiz. U yerda issiq buloqlarda dam olish mumkin. Yo‘nalish taxminan 3–4 kun davom etadi. Sayohat bir kishi uchun taxminan 350 dollar, ya’ni 4 mln so‘m turadi.

Boshqa yo‘nalishlar ham bor. Masalan, O‘shdan manzarali Oloy tog‘lari orqali Sari-Mog‘olga uch kunlik piyoda sayohatga chiqish mumkin. Narxi bir kishi uchun 250 dollar, taxminan 3 mln so‘mdan boshlanadi.

Tajribangiz bo‘lsa, tog‘ga o‘zingiz ham chiqishingiz mumkin. Yangilar gid bilan borgani yaxshi. So‘qmoqlarda yo‘nalishni ko‘rsatadigan belgilar bo‘lmasligi mumkin. Ob-havo ham tez o‘zgaradi, dovonlarda esa yozda ham qor bo‘lib turadi.

Chang‘i kurortlari

Qirg‘izistonda darajasi va sharoitlari har xil bo‘lgan chang‘i bazalari bor.

Qorako‘l — Issiqko‘lning sharqida joylashgan kurort. Bu yerda har xil chang‘i yo‘laklari, baza hududidagi mehmonxonalar, shalelar, jihozlar ijarasi va kechki chang‘i uchish imkoniyati bor.

Skipass seshanbadan payshanbagacha 1 500 som (202 000 so‘m), boshqa kunlari 1 800 som (242 000 so‘m). Yangi yil bayrami davrida qimmatroq bo‘ladi. Bazadagi ikki kishilik xona bir kecha uchun 4 000 somdan (550 000 so‘mdan) boshlanadi. Narxlar o‘zgarishi mumkin.

Qаshqa-Suu. Bishkekda turib, bir kunga chang‘i uchishga bormoqchi bo‘lganlar uchun qulay variant. Bu yerda kanat yo‘li, mehmonxona va sauna bor. Baza poytaxt markazidan taxminan 35 km uzoqlikda joylashgan. Shuning uchun kurortning o‘zida tunash shart emas. Mashinada borish yoki transfer buyurtma qilish mumkin.

O‘tgan mavsumda dam olish kunlari uchun bir kunlik abonement 1 800 som (242 000 so‘m), ikki kishilik xona esa 5 000 som (670 000 so‘m) turgan.

Qorako‘l chang‘i bazasi Tyanshan yonbag‘irlarida, dengiz sathidan 2 300 metr balandlikda, ulug‘vor ignabargli o‘rmonlar orasida joylashgan. Manba: baza sayti

‍Too Ashu. Bu Qorako‘lga qaraganda yovvoyi tabiatga yaqinroq va balandroqda joylashgan chang‘i bazasi. U Too-Ashuu dovonining janubiy yonbag‘rida, Bishkek–O‘sh trassasi yonida, Bishkekdan taxminan 130–135 km uzoqlikda joylashgan. Yo‘lga 2–2,5 soat ketadi. Chang‘i uchish hududi 3 000 metrgacha balandlikkacha chiqqan, shuning uchun bu yerda tabiiy qor ko‘p. Mavsum ham nisbatan uzoq, taxminan noyabrdan mart–aprelgacha davom etadi. O‘tgan mavsumda bir kunlik skipass 1 500 som (203 000 so‘m) bo‘lgan.

“Оrlovka” chang‘i bazasi. Bu yerda oson va qiyinroq trassalar, jihozlar ijarasi, instruktorlar, mehmonxonalar, kottejlar va sauna bor. O‘tgan mavsumda bir kunlik skipass ish kunlari 1 300 som (175 000 so‘m), dam olish kunlari 1 700 som (230 000 so‘m) bo‘lgan. Ikki kishilik standart xona narxi bir kecha uchun 2 200 somdan (300 000 so‘mdan) boshlangan.

“Orlovka” chang‘i bazasi oilaviy dam olish uchun hamyonbop variant. Manba: baza sayti

Qirg‘izistonga qanday borish mumkin

O‘zbekiston fuqarolariga Qirg‘izistonga borish uchun viza kerak emas. Xorijga chiqish pasporti yoki ID-kartaning o‘zi yetadi. Safar boshlanadigan joy tanlangan yo‘nalishga bog‘liq.

Tyanshan tog‘laridagi mashhur tog‘ ko‘llari, Issiqko‘l atrofidagi sayohat yo‘nalishlari va shimoldagi tog‘li hududlarga bormoqchi bo‘lsangiz, Bishkekdan yo‘lga chiqing. Mamlakat tog‘lari bilan ilk bor tanishmoqch bo‘lganlar uchun ham Bishkek qulay. Bu yerda bir kunlik ekskursiya, 2–4 kunlik guruhli tur yoki qiyinroq trekking yo‘nalishlarini topish oson. Janubiy hududlar va Pomir-Oloy tog‘lari uchun O‘shni tanlash mumkin.

Toshkent–Bishkek yo‘nalishida Uzbekistan Airways, Centrum Air va Aero Nomad kompaniyalari uchadi. Uchish vaqti taxminan 1,5 soat. Chipta narxi bir tomonga 750 000 so‘mdan boshlanadi. Centrum Air Toshkent–O‘sh yo‘nalishida chorshanba va shanba kunlari parvoz qiladi. Parvoz bir soat davom etadi. Chipta narxi 440 000 so‘mdan, bagaj bilan 500 000 so‘mdan boshlanadi.

Qulay reysni payme travel orqali topish mumkin. Aviakompaniyalar takliflarini solishtirib, chipta xarididan keyin 15% gacha keshbek olish mumkin. payme orqali to‘lovni kechiktirish yoki bo‘lib to‘lash imkoniyati ham bor. Masalan, chiptani hozir band qilib, to‘lovni 10 kun ichida to‘lash yoki summani uchga bo‘lish mumkin. Birinchi to‘lov xariddan bir oy o‘tganidan keyin boshlanadi. Chipta 1,5 mln so‘m tursa, oylik to‘lov uch oyga 500 000 so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Samolyotdan tashqari, avtobusda ham borish mumkin. Bu arzonroq, lekin ko‘proq vaqt oladi. “Toshkent” avtovokzalidan Bishkekka har kuni avtobuslar qatnaydi. Chipta narxi 350 000 so‘m. Yo‘lga taxminan 10 soat ketadi. Chegaradan o‘tish ham ancha vaqt oladi. O‘sh Toshkentga ancha yaqin, taxminan 400 km. Mashinada borish variantini ham ko‘rib chiqish mumkin.

Yana qayerga borish mumkin:

  1. Issiq o‘lkalarda dam olish uchun Vyetnam yoki Malayziyaga boring.
  2. Uzoq yo‘ldan qo‘rqmasangiz Xitoyga uching.
  3. Yana variantlar kerak bo‘lsa, vizasiz kirish mumkin bo‘lgan davlatlarning to‘liq ro‘yxati bilan tanishing.