Bolalar va keksalar parvarishi
O‘zini o‘zi band qilganlar oilaviy bolalar uyini ochishlari mumkin. Er-xotin besh nafargacha bolani o‘z tarbiyasiga olib, ularni o‘z oilasida katta qilishlari va bu uchun davlatdan har oy to‘lov olishlari mumkin.
- Xarajatlarni qoplash. 7 yoshgacha bo‘lgan har bir bola uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari — 2 060 000 so‘m, 8 yoshdan 18 yoshgacha 7 baravari — 2 884 000 so‘m.
- Parvarish uchun. Bitta bola uchun 1 ta MHTEKM — 1 271 000 so‘m. Nogironligi bo‘lgan bola uchun bu summa 1,5 MHTEKM — 1 906 500 so‘m.
- Nogironligi bo‘lgan bolani davolash uchun to‘lov — 1 BHM, ya’ni 412 000 so‘m.
Oilaviy bolalar uyi ochmoqchi bo‘lsangiz, tumaningiz yoki shahringizdagi ijtimoiy himoya bo‘limiga murojaat qilasiz. Tutingan ota-onalar uchun maxsus kursda o‘qish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish va ota-onalik huquqidan mahrum qilinmaganlik to‘g‘risida ma’lumotnomani olishlari kerak. Qolgan hujjatlarni idoralarning o‘zi to‘playdi.
Boshqa variant — enaga yoki parvarishlovchi bo‘lib ishlash. Vakansiyalarni OLX, Salexy platformalaridan, Telegramdagi yoki Facebookdagi guruhlardan topsa bo‘ladi. Ish topish haqida “Qo‘shimcha ish topish uchun 6 manba” maqolasida yozganmiz.
Uy ishlariga qarashish
Bu bir nechta xizmatlarni o‘zida birlashtirgan yo‘nalish. Bunga uy tozalash, kir yuvish, ovqat pishirish va xaridlar qilish kiradi. Yordamchilarni ishi ko‘p oilalar va uy ishlariga qiynaladigan qariyalar yollashadi.
Birinchi mijozlarni Telegram guruhlardan topish mumkin. Lekin yangi buyurtmalarni topishning eng yaxshi yo‘li — bu oldingi ishingizdan mamnun bo‘lgan mijozlardir.
Santexnika, elektr ishlari va maishiy texnika remonti
Bu sohada faqat oddiy odamlarga xizmat ko‘rsatish mumkin, tashkilotlarga emas. Santexnka va maishiy texnika ta’mirlovchilarga alohida ruxsatnoma shart emas. Lekin elektr ishchilari uchun elektr xavfsizligi bo‘yicha ruxsatnoma kerak bo‘ladi.
Bu ishda tezkorlik muhim. Krandan suv ketsa yoki kir mashina buzilsa, odam ustani uzoq tanlab o‘tirmaydi. Internetda ko‘pchilik tavsiya qilgan birinchi ustaga telefon qiladi. Shuning uchun doim aloqada bo‘lish va qo‘ng‘iroqlarga tez javob qaytarish kerak. Yana ko‘p qavatli uylardagi uy nazortchilari bilan kelishib olsa bo‘ladi. Odamlar ustalarni asosan ular orqali qidirishadi.
Savdo-sotiq
2026-yildan o‘zini o‘zi band qilganlarga marketpleys va boshqa onlayn servislarda mahsulot sotish va xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi. Uzum Market, Olcha yoki Ozonda do‘kon ochish mumkin. Ishni boshlash uchun yetkazib beruvchilarni topish, platforma talablari, komissiya va logistikani o‘rganish, tovar kartochkalarini yaratishni ham bilish kerak.
Lekin dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish yoki gazeta va jurnallarni chakana savdo qilish bilan endi o‘zini o‘zi band qilganlar shug‘ullana olmaydi. 2026-yildan boshlab buning uchun YTT o‘chish kerak.

Taksi va yetkazib berish
Haydovchilar MyTaxi, Yandex Go, Uklon va Maxim orqali mijoz topishlari mumkin. Lekin litsenziya bo‘lishi shart. Usiz ishlaganga 7 BHM, ya’ni 2 884 000 so‘m jarima bor.
Litsenziyani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2 kunda olsa bo‘ladi. Pasport, haydovchilik guvohnomasi va avtomobil texpasporti kerak. Tibbiy va texnik ko‘rikdan ham o‘tiladi. Portal orqali litsenziya olish 0,9 BHM, ya'ni 370 800 so‘m turadi. 1,8 BHM, ya’ni 741 600 so‘m yig‘im to‘lovi ham bor.
Litsenziyasiz faqat kuryerlik qilish mumkin. Bu uchun Uzum Tezkor, Maxim yoki Yandex Delivery xizmatlariga ulanasiz. Buyurtmalarni piyoda, velosipedda yoki oddiy yengil mashinada yetkazish mumkin. Yuk mashinasida yuk tashish uchun esa YATT ochish kerak.
Kompyuterlarni ta’mirlash va programma o‘rnatish
Texnik mutaxassislar uchun doim ish topiladigan yo‘nalish. Ko‘pchilik buzilgan kompyuterlarni o‘zi to‘g‘rilay olmaydi.
Mijoz aytgan joyga borish, kompyuterni o‘zingizga olib kelib sozlash yoki AnyDesk orqali onlayn ishlash mumkin. Kichik shaharchada yashasangiz ham, Toshkentda ish topa olasiz.
Onlayn ish
O‘zini o‘zi band qilganlar uchun onlayn yo‘nalishlar:
- Ijtimoiy tarmoqlarni yuritadiganlar. Masalan, internet-marketologlar, SMM-mutaxassislari, targetologlar, kontekst reklama mutaxassislari va boshqalar. Kopirayter, korrektor va kontent-menejerlar esa YATT ochishi kerak.
- Dizayn, foto va video bilan ishlaydigan mutaxassislar. Masalan, veb-dizaynerlar, 3D-dizaynerlar, videomontajchilar, ovoz rejissyorlari va boshqalar. Lekin fotograf va videooperatorlar o‘zini band qilib ishlay olmaydi. Ular YATT sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.
- Dasturchilar, QA-testerlar, veb-analitiklar, SEO-mutaxassislar.
- Onlayn maslahatchilar. Masalan, trenerlar va moliyaviy maslahatchilar.
Ishni O‘zbekistondan, ingliz tilini bilsangiz esa chet eldan ham bemalol topsa bo‘ladi. Vakansiyalarga Upwork, Freelancer, Fiverr, PeoplePerHour, goLance, Side Hustles, We Work Remotely, Remote.co, Remote OK, Working Nomads va boshqa platformalarda ariza topshirish mumkin.
Xorijdan pul qabul qilish oson. O‘zini band qilib onlayn ishlaydiganlar bank hisoblariga to‘g‘ridan to‘g‘ri chet el valyutasida pul olishlari mumkin.
Hunarmandchilik
O‘zini o‘zi band qilganlarga taqinchoqlar, tandir, ro‘zg‘or buyumlari, gips yoki ganchdan mahsulotlar tayyorlash, savat to‘qish va rassomlik ruxsat berilgan. Ruxsat berilgan ishlar ichida hunarmandchilikning turli yo‘nalishlari bor. O‘zingizga to‘g‘ri keladiganini tanlasangiz bo‘ladi.
Mijozlarni Instagram, Facebook va YouTube orqali topish, mahsulotlarni marketpleyslar va hunarmandchilik yarmarkalarida sotish mumkin. Masalan, Art Time loyihasi tez-tez yarmarkalar uyushtiradi. Tashkilotchilarga yozib, ishtirok etish shartlarini bilishingiz mumkin.

Qishloq xo‘jaligi
O‘zini o‘zi band qilganlarga sut mahsulotlarini qayta ishlash, sotish, tovuq boqish, ko‘chat, sabzavot va ko‘katlar yetishtirishga ruxsat etilgan.
Jismoniy shaxslar va fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish ham mumkin. Yer va rekultivatsiya ishlari bilan shug‘ullanish, hayvonlarni parvarishlash, chorvani boqish va junini qirqish, hosil yig‘ishtirishga o‘xshash ishlar bilan shug‘ullansa bo‘ladi. Ko‘pincha ish mahalla va tanishlar orqali topiladi. OLX va Telegram chatlardagi e’lonlarni qidirsangiz ham bo‘ladi.
O‘zini o‘zi band qilishdan chiqarilgan faoliyat turlari
2026-yil 1-yanvardan boshlab o‘zini o‘zi band qilish ro‘yxatidan 32 ta yo‘nalish olib tashlandi. O‘zini o‘zi band qilganlik maqomi endi repetitorlar, sartaroshlar, manikyur va pedikyur ustalari, kosmetologlar, rieltorlar, gidlar, metallolom va boshqa ikkilamchi xomashyo yig‘uvchilar, mebel ta’mirlash va yig‘ish ustalari, umumiy qurilish ishlari, avtomobillarni mayda ta’mirlash, tikuvchilik, shirinliklar, tuzlamalar va ichimliklar tayyorlash bilan shug‘ullanuvchilar uchun amal qilmaydi. Ushbu yo‘nalishlarda ishlash uchun YATT sifatida ro‘yxatdan o‘tish kerak.
