YaTT uchun qaysi faoliyat turlari mos keladi

Qonun bo‘yicha ruxsat etilgan 93 ta faoliyat turi bor. Eng mashhurlari:


Faqat shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yo‘nalishlaringizni tanlang. Hammasini birdaniga qo‘shish ba’zan chalkashlik keltirib chiqaradi. Ayrim faoliyatlar uchun alohida ruxsatnoma, litsenziya yoki qo‘shimcha talablar bo‘lishi mumkin. Biznesingiz keyinroq kengaysa, faoliyat turini keyin ham qo‘shish mumkin.

Agar sizga mos yo‘nalish bo‘lmasa, biznesni boshqa shaklda, masalan MChJ sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.

Ba’zi faoliyatlar uchun litsenziya kerak, masalan ta’lim va turizm xizmatlari. Lekin ekskursiyalarni litsenziyasiz ham o‘tkazish mumkin.

Qaysi soliqlarni to‘lash kerak

2026 yil 1 yanvardan boshlab YaTT uchun asosiy mezon bitta — yillik aylanma, ya’ni tovar yoki xizmatlardan tushgan umumiy tushum.

Yil davomida tushum 1 mlrd so‘mdan kam bo‘lsa, soliq aylanmadan 1 foiz bo‘ladi. Masalan, yil yakunida 600 mln so‘m daromaddan to‘lanadigan soliq 6 mln so‘mni tashkil etadi.

Agar tushum 1 mlrd so‘mdan oshsa, bu umumiy tizim hisoblanadi. Bu holatda ikki xil soliq to‘lanadi: foyda solig‘i va QQS. 

Foyda solig‘ining asosiy stavkasi 15 foiz, lekin ayrim faoliyat turlarida u past yoki yuqoriroq bo‘lishi mumkin. Masalan, YaTT mahsulot yoki xizmatlarni sayt, ilova yoki marketpleys orqali onlayn sotsa va umumiy tizimda ishlasa, foyda solig‘i stavkasi 10 foiz bo‘ladi.

QQS stavkasi 12 foiz. Odatda tadbirkorlar bu soliqni mahsulot yoki xizmat narxiga qo‘shadi. Biz uni xarid paytida to‘laymiz, YaTT esa keyin bu summani byudjetga o‘tkazadi. Dehqon va fermerlar 2026 yil 1 yanvardan o‘z faoliyati uchun QQS to‘lamaydi.

Shuni unutmang, umumiy tizimga o‘tish chegaradan oshgan kundan boshlab kuchga kiradi. Masalan, agar 17 avgust kuni yil boshidan beri aylanma 1 mlrd so‘mdan oshsa, aynan shu kundan YaTT umumiy tizimda ishlay boshlagan hisoblanadi.

O‘tish uchun my3.soliq.uz platformasi orqali ariza topshirish yoki soliq inspeksiyasiga murojaat qilish kerak. Agar buni qilmasangiz, soliq organlari keyin qo‘shimcha soliq va penya hisoblashi mumkin.

Anastasiya Ryasnova
soliq va buxgalteriya bo‘yicha ekspert
Kimlarda soliq imtiyozlari bor

Ba’zi hollarda tadbirkorlar soliqlardan qisman ozod etiladi.

Masalan, aylanmadan soliqni ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari ishini yo‘lga qo‘yganlar, keksalar yoki bemorlarga parvarish ko‘rsatadiganlar, nogironligi bo‘lgan insonlar uchun mahsulot ishlab chiqaruvchilar, byudjet tashkilotlari uchun sanatoriy-kurort xizmatlarini ko‘rsatuvchilar to‘lamaydi. To‘liq ro‘yxat O‘zbekiston Soliq kodeksining 243-moddasida keltirilgan.

2023 yilda Qoraqalpog‘istonda jismoniy va yuridik shaxslar uchun soliq stavkalarini 50 foizga kamaytirish bo‘yicha farmon ham imzolangan.

Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari ham resurs soliqlarini to‘lamaydi. Masalan, Afg‘oniston chegarasida joylashgan “Termiz” zonasi. Lekin bu imtiyoz har bir sotuvchiga emas, investitsiya hajmiga qarab beriladi.

Boshqa soliqlar. Aylanmadan qat’iy nazar, barcha YaTTlar har oy ijtimoiy soliq to‘laydi — 1 BHM. 2026 yil yanvar holatiga bu 412 000 so‘m.

Agar YaTTning yer uchastkasi, ko‘chmas mulki yoki boshqa mol-mulki bo‘lsa, u yer, mol-mulk va boshqa resurs soliqlarini ham to‘laydi. Bu soliqlar miqdori obyekt turi va maydoniga qarab alohida hisoblanadi.

Agar YaTT xodim yollasa, ular uchun ham ijtimoiy soliq to‘laydi. Bu summani xodimlar maoshidan ushlab qolish mumkin emas, chunki ish haqidan faqat xodimning o‘zi to‘lashi shart bo‘lgan soliqlar va badallar ushlab qolinadi.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun kerakli hujjatlar

YaTT ochish uchun sizga kerak bo‘ladi:

  1. Pasport.
  2. JShShIR.
  3. Elektron raqamli imzo. Uni my.gov.uz orqali olish mumkin. Qanday olish haqida boshqa maqolada batafsil yozganmiz.
  4. Agar arizani Davlat xizmatlari markazida topshirsangiz, boj to‘langanligi haqidagi kvitansiya.
  5. Chet el fuqarolari qo‘shimcha ravishda yashash joyi bo‘yicha vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etadi.


Hujjatlarni onlayn yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali topshirish mumkin.

YaTTni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish

Arizani new.birdarcha.uz saytida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi orqali topshirish mumkin. Onlayn rasmiylashtirganda boj 10 foizga arzon bo‘ladi — 370 800 so‘m, ya’ni 0,9 BHM. Qaror odatda 30 daqiqa ichida chiqadi.

Shu portal orqali bo‘lajak YaTT nomini ham band qilib qo‘yish mumkin, lekin nom tanlashda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-moddasi talablarini hisobga olish kerak. Bu mavjud savdo belgilarini himoya qilish uchun joriy qilingan. Xizmat bepul.

new.birdarcha.uz orqali tanlagan nomingiz bo‘sh yoki bo‘sh emasligini tekshirib ko‘ring.

YaTTni Davlat xizmatlari markazida ro‘yxatdan o‘tkazish 

Hujjatlar to‘plami bilan tumaningizdagi Davlat xizmatlari markaziga boring. Ariza topshirishda to‘liq boj — 1 BHM, ya’ni 412 000 so‘m to‘lanadi. Elektron imzoni yozib olish uchun bo‘sh fleshka kerak bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tkazish qarori yarim soat ichida chiqadi.

Natijada sizga Yakka tartibdagi tadbirkorlar yagona davlat reyestridan yozuv varaqasi beriladi. Bu hujjat ro‘yxatdan o‘tilganini tasdiqlaydi.

Biznesingiz uchun hisob raqamini uch daqiqada oching

Bankdagi hisob raqami YaTT uchun asosiy moliyaviy vosita hisoblanadi. Uni TBC Bank orqali bankka bormasdan va navbatlarda turmasdan ochish mumkin. Bank saytida ariza qoldiring, menejerlar siz bilan bog‘lanib, ulanishni yo‘lga qo‘yadi.

Hisob raqamini ochish