O‘zgartirilgan sayt manzili

Firibgarlar ko‘pincha taniqli saytlarning manzillariga ortiqcha harf yoki belgilar qo‘shishadi. Masalan, tire yoki @ belgisini. Ular nuqtadan keyingi manzilni (domen) ham o‘zgartirishi mumkin. Masalan, payme.uz o‘rniga payme.com. O‘xshash belgilar — masalan, O o‘rniga 0 yoki l o‘rniga I ishlatishi, ularning o‘rnini almashtirishi yoki bitta-ikkita harfni tushirib qoldirishi mumkin. Manzil odatdagidan ozgina farq qilsa ham — tavakkal qilmang. 

Agar ekran kichik bo‘lsa, 0 va O belgilarini adashtirish juda oson 

Noodatiy ko‘rinishdagi sayt

Soxta sahifalar ko‘rinishi ko‘pincha haqiqiysidan ko‘chiriladi. Lekin u sifatsiz va pala-partish ko‘rinadi.

Shriftlar, logotiplar, matndagi xatolar va g‘alati iboralarga e’tibor bering. Saytdagi rasmlarga ham ahamiyat bering. Xodimlarning suratlari neyrotarmoqlar yordamida yasalgan yoki boshqa portallardan o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkin.

“Halol” sertifikati bilan passiv daromad va’da qilayotgan sayt. Betartib ishlangan — katta chekinishlar, ko‘plab xatolar va to‘liq tarjima qilinmagan

Soxta funksional

Soxta saytning ko‘pincha bir-ikkita sahifasi bo‘ladi. Firibgarlar asl portalning to‘liq nusxasini yaratishga vaqt sarflamaydilar. Odatda, bunday saytda faqat ma’lumotlarni kiritish, to‘lov qilish yoki biror faylni yuklab olish mumkin.

Saytning qolgan bo‘limlari bo‘lmaydi: agar siz kompaniya haqidagi ma’lumotlar sahifasiga yoki, masalan, blogga o‘tishga harakat qilsangiz, tizim sizni bosh sahifaga qaytarib yuboradi.

Shubhali va’dalar yoki qo‘rqitish 

Firibgarlar ko‘pincha hech qanday xarajatlarsiz oson pul topishni va’da qilishadi. Yoki aksincha — bank kartasi yoki hisob raqami bloklanishi, jarima yoki IIB bilan qo‘rqitishadi. Barchasi siz tezroq karta raqamingizni qoldirishingiz, parol yoki SMS-kodni kiritishingiz uchun qilinadi. 

Kechiktirilgan reyslar uchun hech qanday xarajat va harakatsiz tezkor kompensatsiya va’da qilishadi. Aslida kompensatsiya olish uchun faqatgina chiptani sotgan tomonga murojaat qilish kerak

Shubhali to‘lov usullari

Xavfsiz onlayn-xaridlar uchun 3-D Secure, Visa Security Payment yoki Mastercard SecureCode bor. Saytda to‘lov qilish vaqtida tizim sizni to‘lov xizmati sahifasiga o‘tkazadi. U yerda ma’lumotlar maxsus protokollar bilan himoyalangan. To‘lov shakliga karta raqami, CVV/CVC himoya kodi va ba’zan chekni olish uchun elektron pochta manzili kiritiladi. Pul faqat telefon raqamingizga yuborilgan olti raqamli kodni kiritib, to‘lovni tasdiqlaganingizdan keyin yechiladi. Shunda bank xaridni aynan siz qilayotganingizga ishonch hosil qiladi.

Amazon kabi xorijiy saytlarda qo‘shimcha ravishda uy manzili ham so‘ralishi mumkin. Bu talab ham firibgarlikdan himoyalanish bilan bog‘liq. Ko‘rsatilgan ma’lumotlar bankdagi ma’lumotlaringiz bilan mos kelishi kerak.

Agar CVV/CVC kodini kiritish shakli faqat sayt sahifasida joylashgan bo‘lsa va brauzer satridagi manzil bank yoki to‘lov xizmati manziliga o‘zgarmasa,  ehtiyot bo‘ling. Bu sxema orqali karta ma’lumotlari o‘g‘irlanishi mumkin. Ba’zida firibgarlar ortiqcha ma’lumotlar — kartaning PIN-kodi yoki bankdagi shaxsiy kabinet parolini so‘rashadi. Onlayn-do‘konlarda to‘lov qilish uchun bu ma’lumotlar kerak emas. Karta yoki telefon raqami orqali pul o‘tkazishni yoki kriptovalyutada to‘lashni ham so‘rashadi. Bu shunchaki pulni o‘g‘irlash usuli bo‘lishi mumkin.

3-D Secure orqali to‘lov qilishda, to‘lov xizmati shaklini to‘ldirgandan keyin, telefonga keladigan oltita raqamli kodni kiritish kerak

Xavfsiz bo‘lmagan ulanish

Ishonchli saytlar ma’lumot almashish uchun HTTPS protokolidan foydalanadi. Ya’ni, barcha ma’lumotlar shifrlanadi va ularni o‘g‘irlash qiyinlashadi. Buni qanday bilsa bo‘ladi? Brauzerda ochilgan havola https bilan boshlanishi mumkin, manzil satrida yoki ulanish haqidagi ma’lumotlar menyusida qulf belgisini va ma’lumotlar himoyalangani haqidagi xabarni ko‘rasiz. Agar bunday belgilar bo‘lmasa, sayt ishonchli emas.

Lekin, HTTPS har doim ham tekshirilgan portal belgisi emas. U shunchaki bazaviy himoya. Soxta saytlar ham undan foydalanishi mumkin. Buning uchun SSL-sertifikatini istalgan xostingdan sotib olsa bo‘ladi.

Qulf belgisi bo‘lmasa ulanish xavfsiz emas. Agar u bo‘lsa, demak, ulanish himoyalangan bo‘ladi

Xulosa

Sayt shubhali ko‘rinsa, undan chiqing. Pala-partish dizayn, g‘alati rasmlar va matndagi xatolar ko‘pincha firibgarlar saytining belgisi bo‘ladi.

Tekshirilmagan havolalarni ochmang. Eng xavfsiz yo‘l — sayt manzilini qo‘lda kiritish yoki rasmiy mobil ilovadan foydalanish. Agar yuboruvchiga ishonmasangiz SMS, messenjerlar va elektron pochtadan kelgan havolalarga, e’tibor bermang.

O‘zbekistonda firibgarlar ko‘pincha Telegram orqali odamlarni aldashadi. U yerdagi har qanday shoshilinch xabarlar, havolalar va kod so‘rashlarga shubha bilan qarang. Masalan, tariqasida, "Telegramda akkauntimni qanday buzib kirishdi" maqolamizda Irinaning hikoyasini o‘qing. Bu yerda ushbu sxema qanday ishlashini tushuntirganmiz.

Tekshirilmagan manbalardan hech narsa yuklab olmang. Firibgarlar zararli faylni to‘lov cheki, chegirmalar dasturi yoki katta hajmdagi surat qiyofasiga yashirishadi. Bilmasdan virus yoki zararli dasturni yuklab olishingiz mumkin. Natijada qurilmangiz firibgarlar nazoratiga o‘tib qoladi yoki muhim ma’lumotlaringizni yo‘qotasiz. Ilovalarni faqat rasmiy do‘konlardan — Google Play yoki App Store’dan, yoki o‘zingiz ishonadigan rasmiy saytlardan o‘rnating.

Shubha tug‘ilganda karta ma’lumotlarini, ayniqsa uch xonali himoya kodini kiritmang. Xavf faqat pul yo‘qotishda emas. Firibgarlar karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, xabarnomalarni o‘chirib qo‘yishlari va undan boshqa odamlarni aldash uchun foydalanishlari mumkin.

Sug‘urtani yoqing. Ayrim hollarda pullarning bir qismini payme orqali qaytarish mumkin. Faqat pul ilova orqali yechilgan va payme+ "Hammasi kiritilgan" obunasi yoqilgan bo‘lsa. U yiliga 5 mln so‘mgacha bo‘lgan zararni qoplaydi, narxi esa oyiga 39 990 so‘m.

payme qo‘llab-quvvatlash xizmatiga yozish va pullarni qaytarishga harakat qilish mumkin

Shoshilmang. Agar sizni shoshiltirib, ma’lumotlarni tezroq kiritishni so‘rashsa, to‘xtab, hammasini yana bir bor tekshirib chiqing.