Shahardan uzoq aeroport
Loukosterlar asosan shahardan uzoqda joylashgan aeroportlarga qo‘nadi. Bunday joydan shaharga yetib olish qiyin.
Masalan, 2026-yil 15-noyabr kuni Toshkent — Moskva yo‘nalishidagi eng arzon chipta Ural Airlines’da bor. Narxi 1 248 013 so‘m turadi, lekin samolyot Jukovskiy aeroportiga qo‘nadi. Pobeda kompaniyasi bilan Vnukovo aeroportiga uchish esa 1 376 297 so‘mga tushadi.

Vnukovo aeroportidan Moskvaga metro orqali borish mumkin. Chipta 90 rubl turadi, bu 13 000 so‘mdan sal ko‘proq. Jukovskiy aeroportidan esa “Kotelniki” metro bekatigacha avtobus qatnaydi. Yo‘lga taxminan bir soat ketadi. Ammo Ural Airlines samolyoti 03:30 da qo‘nadi, bu vaqtda avtobuslar hali yurmaydi. Shuning uchun ertalabgacha aeroportda kutish yoki taksiga chiqish kerak bo‘ladi. Moskva markazigacha taksi narxi taxminan 1 600 rubl, ya’ni 238 ming so‘m.
Chipta narxiga yo‘l xarajatlarini ham qo‘shsak, Pobeda bilan metroda borish jami 1 389 297 so‘mga tushadi. Ural Airlines bilan uchib, taksida borish esa taxminan 1 486 000 so‘m bo‘ladi. Natijada eng arzon chipta aslida qimmatroq bo‘lib chiqadi.
Tungi reys
Tunda reyslar arzonroq bo‘ladi. Ammo aeroportga tunda borishingizga, yetib kelganingizdan keyin esa mehmonxonaga joylashish vaqtini kutishingizga to‘g‘ri keladi. Odatda mehmonxonalarda joylashish soat 14:00 da boshlanadi.
Masalan, 2026-yil 6-dekabr kuni Toshkentdan Bokuga eng arzon reysni Azerbaijan Airlines amalga oshiradi. Chipta narxi 2 134 028 so‘m, uchish vaqti 03:30. Shu kuni soat 14:30 da uchadigan Uzbekistan Airways reysining chipta narxi 2 249 774 so‘m turadi. Ya’ni, 115 746 so‘mga qimmatroq.

03:30 dagi reysga ulgurish uchun aeroportga yarim tunda yetib borish kerak. Transport yoki bank kartasi orqali 2 500 so‘m to‘lanadigan shahar avtobuslari bu vaqtda qatnamaydi. Shuning uchun taksida borishga to‘g‘ri keladi. Toshkent markazidan aeroportgacha tungi taksi narxi taxminan 40 000 so‘m.
Bokuda aeroportdan shaharga tunda ham aeroekspress avtobusida borish mumkin. Yo‘l haqi 1,3 manat (taxminan 9 000 so‘m). Ammo avtobusga chiqish uchun oldin 2 manatga (14 000 so‘m) BakuCard transport kartasini olish kerak.
Toshkent markazidan aeroportgacha va Bokudagi aeroportdan shahargacha bo‘lgan yo‘l haqini qo‘shib hisoblasak, tungi reys 2 197 430 so‘mga, kunduzgi reys esa 2 275 676 so‘mga tushadi. Ya’ni, 78 000 so‘m tejaysiz. Buning uchun tun bo‘yi yo‘lda bo‘lish va ertalab mehmonxonaga joylashishni kutishga to‘g‘ri keladi.
Uzoq davom etadigan tranzit
Arzon aviachiptalarda ba’zan uzoq davom etadigan tranzit ham bo‘ladi. Tranzit vaqti yarim kun, hatto tun bo‘yi davom etishi mumkin.
Masalan, 2026-yil 17-noyabrda Toshkentdan Belgradga flydubai reysi 5 639 743 so‘m turadi. Yo‘nalish: Toshkent — Dubay — Belgrad. Dubaydagi kutish vaqti 12 soat 50 daqiqa. Shu kuni Turkish Airlines bilan ham uchish mumkin. Chipta 7 006 252 so‘m, Istanbuldagi kutish vaqti esa atigi 1 soat 15 daqiqa. Dubay orqali uchish 1 366 509 so‘mga arzonroq. Ammo aeroportda qolishga ovqat va tunash uchun ham pul ajratish kerak.

Dubay aeroportida Sleepover kapsulasida uxlab olish mumkin. 8 soatlik dam olish narxi 141 dollar (taxminan 1,3 mln so‘m). Yana bir yo‘li — bu launj. Bu qulay kreslolar, ovqat, ichimliklar, dush va Wi-Fi bor alohida kutish zali. Premium zalda 3 soat dam olish 260 dirham (850 000 so‘m), 6 soat esa 400 dirham (1,3 mln so‘m) turadi.
Aeroportda ovqatlanish va dam olish xarajatlarini qo‘shib hisoblaganda, Istanbul orqali uchish arzonroq tushadi. Ammo dam olish zaliga bepul kirish imkoningiz bo‘lsa, Dubay orqali uchish ham o‘zini oqlashi mumkin. Buning uchun TBC Salom Visa kartasini ochib, 35 kun ichida kamida 2 mln so‘mlik xarid qilsangiz, dunyo bo‘ylab DragonPass biznes zallaridan foydalansa bo‘ladi. Ular orasida Dubaydagi Plaza Premium Lounge ham bor.
Bagaj uchun alohida to‘lash kerak
Loukosterlarning eng arzon tarifiga odatda faqat qo‘l yuki kiradi. Masalan, 2027-yil 12-yanvar kuni Pobeda aviakompaniyasining Toshkentdan Moskvaga reysi “Bazaviy” tarifda 2 910 106 so‘m turadi. Bu narxga faqat bitta qo‘l yuki kiradi. Uning o‘lchami 36×30×27 sm dan oshmasligi kerak. Ya’ni, o‘zingiz bilan kichik ryukzak yoki portfel olishingiz mumkin.
Bagaj uchun qo‘shimcha pul to‘lashga to‘g‘ri keladi. Buning uchun “Foydali” tarifini 3 407 174 so‘mga olish yoki aeroportda bagaj uchun 75 yevro (1 mln so‘m) to‘lash mumkin. Shunda chipta narxi jami 3,9 mln so‘m atrofida bo‘ladi.
Pobeda reysi faqat kam yuk bilan sayohat qiladiganlar uchun foydali. Chamadon bilan uchmoqchi bo‘lsangiz, Aeroflot'dan 3 134 516 so‘mga chipta olgan ma’qul. Bu narxga 10 kg qo‘l yuki va 23 kg bagaj ham kiradi.

Pullik xizmatlar
Loukosterlarning eng arzon tarifiga odatda faqat parvozning o‘zi kiradi. Samolyotda joy tanlash, ovqat va hatto suv uchun ham qo‘shimcha pul to‘lash kerak.
Masalan, 2026-yil 17-noyabr kuni Air Arabia Toshkentdan Sharjaga uchadi. “Basic” tarifidagi chipta 2 789 786 so‘m, “Value” tarifidagi chipta esa 2 994 526 so‘m turadi. Ya’ni, ikkinchi tarif 204 740 so‘m qimmatroq.
Air Arabia qoidalariga ko‘ra, “Basic” tarifini tanlasangiz, bagaj, ovqat va o‘rindiq tanlash uchun qo‘shimcha pul to‘laysiz. “Value” tarifida esa bu xizmatlar chipta narxiga kiritilgan. Samolyot bortida ovqatlanish ancha qimmat. Masalan, Air Arabia’da tovuqli sendvich 17 dirham (taxminan 55 000 so‘m), 0,5 litr suv 3 dirham (9 700 so‘m atrofida), tovuqli biryani 28 dirham (91 000 so‘m) turadi.
Bagaj, ovqat va yonma-yon o‘rindiqlar uchun alohida pul to‘lamaslikni istasangiz, “Value” tarifini tanlang.

Chiptani qaytarib bo‘lmaydi
Rejalaringiz o‘zgarib qolsa, chipta puli kuyadi.
Masalan, 2026-yil 24-noyabr kuni flydubai Toshkentdan Dubayga uchadi. Aviakompaniyada qaytarish shartlari har xil bo‘lgan uchta tarif bor:
- “Lite” — 3 271 561 so‘m. Chiptani qaytarish yoki sanasini o‘zgartirish mumkin emas. Faqat aeroport yig‘imlari qaytariladi, uning o‘rniga ham pul emas, flydubai vaucheri beriladi.
- “Value” — 3 528 943 so‘m. Chiptani uchishdan kamida 24 soat oldin 200 dirham (650 000 so‘m) to‘lab qaytarish mumkin. Uchish sanasini o‘zgartirish esa 150 dirham (490 000 so‘m) turadi.
- “Flex” — 3 922 301 so‘m. Uchishdan kamida 24 soat oldin chiptani bepul qaytarish yoki uchish sanasini o‘zgartirish mumkin.
Borish kuningiz aniq bo‘lsa, qaytarilmaydigan chipta olish orqali pul tejashingiz mumkin. Ammo rejalaringiz o‘zgarib qolish ehtimoli bo‘lsa, qaysi tarifni tanlash foydaliroq ekanini oldindan ko‘rib chiqing.

