Megogo
Ukrainada ochilgan xalqaro striming xizmati.
Qanaqa kinolar bor? Birinchidan, o‘zbek tilidagi 350 tadan ko‘p kinoni bepul ko‘rsa bo‘ladi — buning uchun obuna sotib olish shart emas. G‘arb va Koreya kinolari, Qozog‘iston hamda boshqa mamlakatlar filmlarini ham tomosha qilish mumkin.

Narxi qancha? Asosiy “TV va kino” paketi — oyiga 29 000 so‘m. Yangi foydalanuvchilar uchun aksiya bor. Birinchi 14 kun uchun 999 so‘m to‘lanadi, keyin standart tarifga o‘tadi. TV, kino va Setanta Sports sport translyatsiyalasi bo‘lgan paket ham bor. Birinchi 7 kuni — 999 so‘m, keyin oyiga 35 000 so‘m.
Yana, alohida faqat Setanta Sports translyatsiyalarini yoqtirsa yoki ayrim kinolarni sotib olsa bo‘ladi. Hamma kinolar ham paket ichida yo‘q. Xizmat uchun Humo, Uzcard, Visa yoki Mastercard kartalari orqali to‘lasa bo‘ladi.
Frame
O‘zbek tilidagi professional dublyajga asosiy urg‘u beradigan onlayn kinoteatr.
Qanaqa kinolar bor? O‘zbekcha dublyaj qilingan kinolar bazasi ancha katta. Masalan, “Drayv”, “Jon Uik”, “Bir paytlar…Gollivudda” filmlarini, “Shelbilar oilasi” (Peaky Blinders) va “Kalmar o‘yini” seriallarini tomosha qilsa bo‘ladi. Kinoteatrning asosan rus va ingliz tilidagi kino va seriallar bor.

Narxi qancha? Frame’da faqat bitta tarif bor — oyiga 32 500 so‘m turadigan Premium obuna. To‘lovdan keyin platformadagi hamma narsani ko‘rsa bo‘ladi. Tizimga faqat bank kartalari emas, balki payme to‘lov xizmatlari ham ulangan.
TVCOM
O‘zbekistonning mahalliy striming platformasi. Ba’zi boshqa loyihalar o‘xshab TAS-IX tarmog‘iga kiradi. Undagi kinolar xalqaro platformalarga qaraganda ancha tez va sifatliroq yuklanadi.
Qanaqa kinolar bor? O‘zbek va rus tillaridagi kino, multfilm, serial va telekanallarning katta to‘plami bor. Masalan, o‘zbek tilida “Jodugar” (The Witcher), “Doktor Xaus”, “Oppengeymer” va “Dyuna”larni tomosha qilsa bo‘ladi.

Narxi qancha? Tariflar oyiga 19 900 so‘mdan 59 000 so‘mgacha turadi. Paket qanchalik qimmat bo‘lsa, ichida telekanal va onlayn kinoteatrlar shuncha ko‘p bo‘ladi. Masalan, eng qimmat tariflarda Start, Premier, Megogo, Wink, Viju va Setanta Sports jonli translyatsiyalari bor. Alohida kinoteatrlarning o‘ziga oyiga 14 999–17 000 so‘mdan obuna bo‘lsa ham bo‘ladi. Agar birdaniga 90 yoki 180 kunga to‘lasangiz, oyiga 3000–5000 so‘mgacha tejab qolasiz.
Obuna uchun Humo, Uzcard kartalari yoki payme kabi to‘lov xizmatlari orqali to‘lasa bo‘ladi.
Yandex kinostriminglari
Yandex orqali ikkita striming xizmatidan foydalansa bo‘ladi. Bular — Allplay va “Kinopoisk”. Ulardagi kontentning asosiy qismi rus va ingliz tillarida. Allplay TAS-IX tarmog‘iga kiradi. Bu videolarni tezroq va sifatliroq yuklash uchun kerak.
Qanaqa kinolar bor? “Kinopoisk”da asosan o‘zlarining shaxsiy loyihalari va Rossiya kinolari bor. Bazada hali ham G‘arb xitlari, Qirg‘iziston va O‘zbekiston filmlari yetarlicha. Allplay turli onlayn kinoteatrlar — Start, Wink, Viju va boshqalarning mahsulotlarini bitta joyga yig‘gan platforma. Bu yerda har xil tillardagi kinolar to‘plami juda katta.

Narxi qancha? Yandex Plus obunasi oyiga 15 999 so‘m turadi — uning ichida “Kinopoisk” bor, lekin Allplay yo‘q. Allplay’ni ham qo‘shish uchun oddiy obunaga yana 15 000 so‘m atrofida ustiga to‘lash yoki birdaniga ikkala xizmatni o‘z ichiga olgan Yandex Plus Multi’ni oyiga 29 999 so‘mga sotib olsa bo‘ladi. Yangi foydalanuvchilar uchun dastlabki 30 kun tekin bo‘ladi.
Obuna uchun Uzcard, Humo, Visa va MasterCard kartalari orqali to‘lasa bo‘ladi. Ucell’ning ba’zi tariflarida Yandex Plus obunasi tekinga beriladi — tekshirib ko‘rish zarar qilmaydi.
Netflix
Dunyodagi eng yirik xalqaro kino va seriallar striming xizmatlaridan biri.
Qanaqa kinolar bor? Platforma asosan o‘zining shaxsiy loyihalariga urg‘u beradi. Ularning juda katta bazasi yig‘ilgan. Eng mashhurlari “Juda g‘alati ishlar” (Stranger Things), “Toj” (The Crown), “Jodugar” (The Witcher) va “Kalmar o‘yini” seriallari. Kinolarni rus, ingliz, turk tillarida yoki ruscha, inglizcha subtitrlar bilan tomosha qilsa bo‘ladi.

Narxi qancha? Obuna narxi oyiga 7,99 yevrodan (taxminan 114 000 so‘m) boshlanadi, lekin bu tarifda sifat faqat 720p bo‘ladi. HD sifatdagi videolar uchun 9,99 yevro (taxminan 142 000 so‘m), 4K sifat uchun esa 11,99 yevro (taxminan 171 000 so‘m) to‘lash kerak. To‘lovni xalqaro Visa va MasterCard kartalari, yoki so‘mlik kartalar orqali qilish mumkin.
Kinom
Beeline aloqa operatorining O‘zbekistondagi striming xizmati.
Qanaqa kinolar bor? Platformada Start, Megogo, Premier va Wink’ga o‘xshaganyirik onlayn kinoteatrlar bazasi yig’ilgan. Bu yerda Netflix va Prime xalqaro servislarning ayrim kino va seriallarini topish mumkin. O‘zbek tilidagi kontentlar ham bor. Masalan, McDonald’s haqidagi “Asoschi” (The Founder) yoki Mads Mikkelsen bosh rolni ijro etgan “Yana bittadan” (Another Round) filmlari.

Narxi qancha? Ikkita asosiy paket bor: oyiga 30 000 so‘mlik Pro va 50 000 so‘mlik Premium tariflari. Ularning farqi ichidagi onlayn kinoteatrlar sonida. Qimmatrog‘ida servislar va kinolar ko‘proq. Har ikkala tarifda ham birinchi 30 kun tekin. To‘lovni Humo va Uzcard kartalari yoki balansdan (mobil operator hisobidan) qilsa bo‘ladi.
Beeline foydalanuvchilari Kinom’dan tekinga foydalanishlari mumkin, lekin hamma onlayn kinoteatrlar ham tekin emas. Ba’zilari uchun ustiga to‘lash kerak bo‘ladi. Bunda Beeline tarmog‘ida kino ko‘rganda internet trafiki (megabayt) ketmaydi.
ITV
Filmlarni onlayn ko‘rish uchun o‘zimizning mahalliy platforma. TAS-IX tarmog‘iga kiradi.
Qanaqa kinolar bor? Bu yerda turli mamlakatlarning telekanallari, seriallari, kinolari va o‘zbekcha dublyaj qilingan loyihalar bor. Mashhur kinolardan “Yashil maskan” (The Green Mile), “Shindler ro‘yxati” (Schindler’s List), “Joker”, “Terminator” va “Dyuna”larni o‘zbek tilida tomosha qilsa bo‘ladi.

Narxi qancha? Obuna narxi oyiga 19 000 so‘mdan boshlanadi. Premium+ tarifi 59 000 so‘m turadi, lekin unda kinolar ikki barobar ko‘proq. To‘lovni Humo, Uzcard, Visa, Mastercard kartalari yoki payme kabi to‘lov xizmatlari orqali qilsa bo‘ladi.
Cinerama
Turon Telecom internet provayderining O‘zbekistondagi onlayn kinoteatri. Bu ham TAS-IX tarmog‘iga kiradi.
Qanaqa kinolar bor? Bazada har xil janrdagi mashhur kinolar, o‘zbekcha dublyaj qilingan filmlar yig‘ilgan. Oxirgi qo‘shilganlari orasida “Shoushenkadan qochish” (The Shawshank Redemption), “Uzuklar hukmdori” (The Lord of the Rings), “Oppengeymer”, “Manfur kimsalar” (Inglourious Basterds) va “Interstellar” bor.

Narxi qancha? Sinov muddati dastlabki 30 kun uchun 900 so‘m, oddiy obuna oyiga 20 000 so‘m turadi. Kengaytirilgan paketlar narxi — 40 000 va 49 000 so‘m. Uyingizda Turon Telecom interneti bo‘lsa, Cinerama obunasi tarifingiz ichida tekinga beriladi.
Prime Video
Amazon kompaniyasining xalqaro striming xizmati.
Qanaqa kinolar bor? Kino va seriallarning juda katta bazasi yig’ilgan. Bu yerda platformaning shaxsiy loyihalari ham, yirik xalqaro premyeralar ham bor. Turli yillarda nchiqqan Gollivud filmlari to‘plamini topasiz. O‘zbekcha dublyaj yo‘q. Asosiy til — ingliz tili, lekin nemis, fransuz va ispan tillaridagi dublyaj variantlari ham bor. Ayrim kinolarni ruscha subtitr bilan tomosha qilsa bo‘ladi.

Narxi qancha? Birinchi 30 kunlik tekin muddatdan keyin oylik obuna 14,99 dollarni (taxminan 182 000 so‘m) tashkil qiladi va puli avtomatik yechiladi. Bir yillik obunani birdaniga sotib olsa bo‘ladi. Bu 139 dollarga (taxminan 1,7 mln so‘m) tushadi. Xalqaro Visa va Mastercard kartalari, yana so‘mlik kartalar orqali to‘lasa bo‘ladi.
Pirat saytlarda kino ko‘rmang
Ular xavfli. Bu saytlar kinodan emas, reklama va ma’lumotlarni yig‘ish ortidan pul topadi. Masalan, “Play” tugmasini bossangiz, boshqa saytga otib yuborishi yoki ichida virus bo‘lgan shubhali “pleyer”ni yuklab olishni so‘rashi mumkin.
Shubhali narsalar reklama qilinadi. Masalan, onlayn-kazino, oson pul topish sxemalari va boshqa taqiqlangan yoki zararli narsalar ko‘p chiqadi. Oqibatda odam tinchgina kino ham ko‘rolmaydi: reklama kino boshlanishidan oldin ham, eng qiziq joyida ham chiqib qolishi mumkin.
Rasmiy xizmatlar kundan kunga arzonlashmoqda. O‘zbekistondagi ayrim striminglarda oylik obuna narxi bir porsiya oshdan ham arzon turadi. Har bir kino va serial ortida o‘nlab odamlarning mehnati yotadi. Pirat saytlarda tomosha qilinganda bu mehnat kuydi degani. Oqibatda ijodkorlarda sifatli narsalar qilish ishtiyoqi qolmaydi.

