OSAGO
Bu qanday sug‘urta? Bu avtomobil egalari uchun majburiy fuqarolik javobgarligi sug‘urtasi. Qonunchilikda bu sug‘urta turi qisqacha OSGOVTS, ya’ni o‘zbekchasiga Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urtalash deb nomlangan. Ammo odamlar uni OSAGO deb atashadi. OSAGO avtomobilning o‘zini emas, balki egasining boshqa odamlar oldidagi javobgarligini qoplaydi.
YTHga sababchi bo‘lib, boshqa mashinaga zarar yetkazsangiz, sug‘urta jabrlanuvchining xarajatlarini belgilangan limit doirasida yopib beradi. Avariyada boshqa haydovchi aybdor bo‘lsa, zararni uning sug‘urta kompaniyasi sizga qoplashi kerak.
YTHga sababchi bo‘lsangiz, mashinangizni ta’mirlash xarajatlarini OSAGO to‘lamaydi.
Yangi va sovg‘a qilingan mashinani 10 kun ichida sug‘urtalash shart. Sug‘urtalanmagan mashinada yurish taqiqlanadi. Buning uchun 1 BHM, ya’ni 440 000 so‘m jarima bor.
Avtomobilni o‘z nomingizga rasmiylashtirish haqida “Mashinani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qanday hujjatlar kerak?” maqolasida yozganmiz.
OSAGO nimalarni qoplaydi? 2026-yil 1-yanvardan boshlab sug‘urta summasi 80 mln so‘mni tashkil etadi. U ikki qismga bo‘linadi:
1. Inson hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilsa, 52 mln so‘mgacha pul beriladi.
2. Mol-mulkka, masalan, avtomobilga zarar yetkazilsa, 28 mln so‘mgacha qoplanadi.
Bu sug‘urta bo‘yicha eng yuqori to‘lov miqdori. Ya’ni har bir avariyadan keyin aynan 80 mln so‘m berilmaydi. Sug‘urta kompaniyasi yetkazilgan haqiqiy zararni belgilangan limit doirasida qoplaydi.
Masalan, avariyada siz aybdorsiz va boshqa avtomobilga 40 mln so‘mlik zarar yetkazdingiz. OSAGO ko‘pi bilan 28 mln so‘mni qoplab beradi. Qolgan summani YTH sababchisi sifatida o‘zingiz to‘laysiz. Buni qilmasangiz, jabrlanuvchi pulni sud orqali undirishi mumkin.
OSAGO sug‘urtasidan foydalanganingizdan keyin sug‘urta kompaniyasiga bog‘lanib, shartnomani qanday yangilash kerakligini aniqlang. Yoki kompaniyaning xabarini kuting. Sug‘urtaning qolgan muddati uchun qo‘shimcha badal to‘lashingiz kerak bo‘ladi. Sug‘urta polisi haqidagi ma’lumotlarni davlat xizmatlari portalida tekshirish mumkin.
OSAGO narxi. Bu mashinani kimlar boshqarishiga bog‘liq. Sug‘urta polisini ma’lum haydovchilar uchun ochsa bo‘ladi. Bunda ularning ma’lumotlari polisga kiritiladi. Bitta polisga ko‘pi bilan besh kishini qo‘shish mumkin. Bu holda yengil avtomobil uchun sug‘urta Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 192 000 so‘m, boshqa viloyatlarda 160 000 so‘m turadi.
Yana bir variant — haydovchilar soni cheklanmagan polis. Uning narxi ikki baravar qimmat: Toshkent shahri va viloyatida 384 000 so‘m, boshqa joylarda 320 000 so‘m. Polisga har bir kishining pasport ma’lumotlarini kiritish shart emas. Mashinani boshqarayotgan har qanday haydovchi sug‘urtalangan hisoblanadi.
Oldin YTHga uchragan bo‘lsangiz, sug‘urta narxi oshishi mumkin. Oldingi 12 oy ichida bitta sug‘urta hodisasi yuz bergan bo‘lsa, polis narxi 1,3 baravarga oshadi. Masalan, narxi 192 000 so‘m bo‘lgan polis 249 600 so‘m turadi. Sug‘urta hodisalari soni ikkita bo‘lsa, narx ikki baravar, uchta yoki undan ko‘p bo‘lsa, uch baravarga oshadi.
OSAGO qanday rasmiylashtiriladi? Buni my.gov.uz’da sug‘urta kompaniyasining sayti yoki ofisida qilish mumkin. Sug‘urta narxi yagona belgilangan formulada hisoblanadi va hamma joyda bir xil bo‘ladi.
my.gov.uz’da ro‘yxatdan o‘tib, sug‘urta turini tanlaysiz, haydovchilarni qo‘shib, polis uchun to‘lov qilasiz. Hujjatlarning alohida yuklash shart emas. Portal kerakli ma’lumotlarni davlat tizimlaridan oladi. To‘lovdan keyin, elektron polis avtomatik shakllanadi.
Sug‘urta shartnomasi bir yilga tuziladi. Rasmiylashtirilgan polisni my.gov.uz saytida tekshirish mumkin.

KASKO
Bu qanday sug‘urta? Bu ixtiyoriy sug‘urta. U birinchi o‘rinda sug‘urta egasini himoya qiladi.
KASKO nimalarni qoplaydi? Sug‘urta kompaniyasi to‘liq sug‘urta dasturini yoki faqat ayrim holatlarni qoplaydigan arzonroq paketni taklif qilishi mumkin.
KASKO qoplashi mumkin holatlar:
- YTH;
- avtomobilning o‘g‘irlanishi;
- yong‘in;
- tabiiy ofatlar;
- avtomobil ustiga turli buyumlarning tushishi;
- boshqa odamlarning zarar yetkazish holatlari.
KASKO baxtsiz hodisalardan ham sug‘urtalashi mumkin. Bunda haydovchi yoki yo‘lovchilarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar qoplanadi.
Ba’zi KASKO dasturlariga fuqarolik javobgarligi ham kiradi. Ya’ni siz boshqa odamga yoki uning mol-mulkiga zarar yetkazsangiz, sug‘urta xarajatlarni qoplaydi. Bunday polis OSAGO o‘rnini bosmasa ham, lekin u qoplamaydigan xarajatlarning bir qismini yopishi mumkin.
KASKO dasturlari cheklovlar, to‘lov miqdori va zararni qoplash tartibi bilan farq qiladi. Shuning uchun shartnomani diqqat bilan o‘qing. Sug‘urtani olishdan oldin qaysi holatlar qoplanishi, nimalar sug‘urtaga kirmasligi va kompaniya zararni qanday qoplashini tekshiring.
KASKO narxi. KASKO’da OSAGO’dek bitta belgilangan narx yo‘q. Tarifni sug‘urta kompaniyasi belgilaydi. KASKO narxi mashina egasining yoshi, sug‘urta tarixi, mashina rusumi va tanlangan dasturga bog‘liq.
Gross Insurance ma’lumotlariga ko‘ra, bir yillik KASKO polisi avtomobil narxining taxminan 1,2–1,5 foizini tashkil qilishi mumkin. Masalan, mashina 200 mln so‘m tursa, uning 1,5 foizi 3 mln so‘m bo‘ladi. Bu faqat taxminiy narx. Oxirgi summa sug‘urta kompaniyasiga qarab farq qilishi mumkin.
Sug‘urta narxini kamaytirishning yana bir yo‘li bor. Bu franshiza deb ataladi. Franshiza — mashina egasi zararning o‘zi to‘lashga rozi bo‘lgan qismi. Masalan, polisdagi franshiza 1 mln so‘m, YTHdan keyingi ta’mirlash xarajati esa 6 mln so‘m bo‘lsa, sug‘urta kompaniyasi 5 mln to‘laydi. Franshiza qancha yuqori bo‘lsa, polis narxi shuncha arzon bo‘lishi mumkin.
Rasmiylashtirish. Sug‘urtani kompaniyasi ofisida, saytida yoki mobil ilovasida rasmiylashtirasiz.
Sug‘urta kompaniyasi avtomobil va uning narxi haqidagi ma’lumotlarni so‘raydi. Ayrim sug‘urta dasturlarida mashinani ko‘zdan kechirish ham talab qilinishi mumkin. Shundan keyin sug‘urta tarifi hisoblanib, qaysi xavflar sug‘urta bilan qoplanishi belgilanadi.
Kompaniya mashina va uning qiymati haqida ma’lumot so‘raydi. Ayrim sug‘urta dasturlarida mashina ham tekshiriladi. Shundan keyin sug‘urta narxi hisoblanadi va qaysi xavflar polisga kiritilishi tanlanadi.
OSAGO va KASKO: farqi nimada?

