Avvalo hujjatlarni tekshiring
Ham mashinaniki, ham sotuvchinikini. Bu yerda eng muhim narsa: sotuvchi va mashina egasi bir odam bo‘lishi kerak. Texpasportda kim ko‘rsatilgan bo‘lsa, oldingizda ham o‘sha odam o‘tirgan bo‘lishi kerak. Agar mashina boshqa birov nomida bo‘lsa, sotuvchida notarial ishonchnoma bo‘lishi shart. Bo‘lmasa, oldi-sotdi rasmiylashtirib bo‘lmaydi.
Yana bir narsa: agar mashinada gaz uskunasi (GBO) o‘rnatilgan bo‘lsa, uning ham sertifikati bo‘lishi kerak. Ya’ni bu uskuna rasmiy tarzda o‘rnatilganini tasdiqlovchi hujjat. Aks holda, mashinani YXHH ro‘yxatdan o‘tkazmay qo‘yishi mumkin — xavfsizlik talablariga to‘g‘ri kelmaydi, deb.
Raqamlar o‘zgarmasligi kerak: VIN va dvigatelni tekshirib chiqing
Mashinaning hujjatida ko‘rsatilgan raqamlar — dvigatel, VIN, ba’zida hatto shassi yoki rama raqami (ayniqsa yo‘ltanlamas mashinalarda) — hammasi mashinaning o‘zida bo‘lishi kerak. Va eng muhimi — ular bir xil bo‘lishi kerak. Raqamlar qayerda joylashganini oldindan bilsangiz, ko‘rish osonroq bo‘ladi.
VIN-kod — bu 17 raqamli noyob raqam, odatda old oynaning pastki burchagida, haydovchi eshigi ochilganda ko‘rinadigan joyda yoki kapot ostida yozilgan bo‘ladi. VIN orqali mashina haqida ko‘p narsa bilsa bo‘ladi: qayerda yig‘ilgan, qachon ishlab chiqarilgan, nechta egasi bo‘lgan, avariyaga uchraganmi yo‘qmi va qidiruvda emasmi. Bularning barchasini internetda tekshirib olish mumkin. Google'ga shunchaki “VIN: raqam” deb yozsangiz kifoya — ochiq manbalarda kerakli ma’lumot chiqadi.

Dvigatel raqami – bu raqam odatda dvigatelning yonida yoki yuqori qismida, moy cho‘michining yaqinida bo‘ladi. Cobalt yoki boshqa mashinalarda joylashuvi biroz farq qilishi mumkin, joylashuvini internetdan qarab topib olasiz.

Rama yoki shassi raqami – agar mashina ramali bo‘lsa (masalan, pikap yoki yo‘ltanlamas), bu raqam pastda, mashinaning tagida bo‘ladi.
Har bir raqam aniq, o‘chmagan, toza va tekis yozilgan bo‘lishi kerak. Agar raqam o‘chgan, bo‘yalgan, noto‘g‘ri yoki silliqlangan temir ustiga urilgan bo‘lsa — bu yaxshi belgi emas. Bunday hollarda YXHH mashinani ro‘yxatdan o‘tkazishni rad qilishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘tmagan mashinada esa, yura olmaysiz.
Mashinaga diqqat bilan qarang: eshiklar, kapot, faralar — hammasi bir tekis turish kerak
Mashinani aylanib ko‘rayotganda birinchi ko‘zga tashlanadigan narsa — tana (kuzov) detallari qanday joylashgani. Eshik bilan qanot orasidagi, kapot bilan fara orasidagi, bagaj qopqog‘i bilan orqa faralar orasidagi masofa bir xil bo‘lishi kerak. Ya’ni har tomondan qaralganda bo‘shliqlar (zazorlar) tekis va simmetrik bo‘lsa yaxshi.
Agar bir tomonda oraliq tor, boshqa tomonda esa keng bo‘lsa yoki u “to‘lqin” bo‘lib o‘tgan bo‘lsa — demak, bu joylar avval ta’mirlangan bo‘lishi mumkin. Masalan, eshik bilan qanot orasidagi chiziq egri bo‘lsa yoki bagaj bir urinishda yopilmasa, biroz “tishlab” tursa — bu odatda avariyadan keyin qo‘lda tuzatilgan mashinalarda bo‘ladi. Tashqaridan qaraganda silliqdek tuyulishi mumkin, lekin tana tuzilmasi (kuzov geometriyasi) o‘zgargan bo‘ladi.

Bu faqat chiroy masalasi emas. Geometriya buzilgan mashina to‘qnashuvda o‘zini qanday tutishini oldindan aytib bo‘lmaydi. Ya’ni xavfsizlikka ta’siri bor. Qolaversa, bunday mashinalarning narxi ham pastroq bo‘ladi — hatto faqat tashqi ta’mir bo‘lgan bo‘lsa ham.
Rangiga qarang
Mashinani kun yorug‘ida ko‘ring. Chunki yorug‘likda har xil bo‘yalgan joylar yaqqol ko‘rinadi. Masalan, bir qanot ko‘proq yaltirab tursa, lekin yonidagi eshik biroz xiraroq bo‘lsa — demak, u bo‘yalgan. Bu yomon degani emas: agar egasi “shundoq chizilib qolgan edi, biroz bo‘yattirdim” desa, mayli. Lekin agar, “butun mashina zavod bo‘yoq, hech qayeri tegilmagan” desa, lekin ranglar farq qilsa — bu savollar paydo qiladi. Aniq so‘rash kerak: qayeri, qachon, nega bo‘yalgan?

Bunday holatlar — narxni pasaytirish uchun bahona ham bo‘ladi. Hatto bo‘yash sifati yaxshi bo‘lsa ham, mashina zavoddan chiqqan holatda emas — bu esa, odatda, arzonroq bahoni degani.
Kapot va bagajni ochib, choklarga qarang — ular tekis bo‘lishi kerak
Kapot ostidagi, bagaj ichidagi va orqa qanotlar atrofidagi kuzov choklarini diqqat bilan tekshiring. Zavod yig‘ilishi — bu tartibli nuqtali svarka va tekis, silliq surtilgan germetik bo‘ladi.
Agar choklar qiyshaygan bo‘lsa, svarka nuqtali emas, balki uzluksiz yoki tartibsiz bo‘lsa, germetik esa betartib surtib tashlangan, juda qalin yoki yirtilgan bo‘lsa — bu mashina ta’mirdan o‘tganini bildiradi. Odatda bu katta YTHdan keyin, kuzovning bir qismini kesib olib, qayta payvand qilganda shunday bo‘ladi.

Zavoddagi geometriya buzilgan bo‘lsa, kuzov mustahkamligi kamayadi. Yana bir YTHda bunday mashina haydovchi va yo‘lovchilarni avvalgidek himoya qila olmaydi. Bunday avtomobillar yana narxda ham yutqazadi, chunki ta’mirdan keyin zavod sifatini qaytarib bo‘lmaydi.
Boltlarni tekshiring — ular mashina ta’mirlanganini ko‘rsatadi
Kapot, eshik, qanot, bagaj va faralarni ushlab turadigan boltlarni qarang. Zavod boltlariga odatda bo‘yoq surtilgan bo‘ladi va ular silliq, tirnalishsiz ko‘rinadi.
Agar bo‘yoq o‘chgan, kalit izi qolgan yoki rezbasi shikastlangan bo‘lsa — bu detallar yechilganini bildiradi. Bu yomon emas: balki faqat fara yoki eshik qulfini almashtirishgan bo‘lishi mumkin. Lekin sotuvchi buni ochiq aytishi kerak. Agar u hech narsa demasa, lekin boltlar aniq ochilgan bo‘lsa — shubhalanish va narxdan tushirishni so‘rashga sabab bo‘ladi.
Korroziya bor-yo‘qligini tekshiring
Mashinalarda zang bo‘lishi ajablanarli hol emas, ayniqsa u 10 yildan oshgan bo‘lsa. Pastki qism, g‘ildirak o‘ralari, boltlar yoki glushitel ustidagi kichik dog‘lar normal holat va haydashga xalal bermaydi.
Ammo ba’zan ta’mirdan keyingi zang ham bo’lishi mumkin: mashinani svarka qilganda, yangi detal qo‘yganda yoki avariyadan keyin metallni yomon ishlov berilganda shunday bo‘ladi.
Yoshga bog‘liq zang bilan ta’mirdan keyingi zangni ajratish mumkin:

Panel shakliga qarang — temir tekis va qattiq bo‘lishi kerak
Agar mashina katta avariyaga uchragan bo‘lsa, temir qismi cho‘zilgan, qizdirilgan yoki qo‘lda tekislangan bo‘lishi mumkin. Shunday bo‘lganda, panellar zavoddagidek qattiq bo‘lmaydi, shaklini yo‘qotadi. Buni maxsus asbobsiz ham payqash mumkin — shunchaki qarang va qo‘lingiz bilan tekshirib ko‘ring.
Eshik yoki qanot ustidan qo‘lingizni yurgizing: temir qo‘l ostida “o‘ynab” turmasligi kerak, panel qattiq va tekis bo‘lishi lozim. Kuzov bo‘ylab qaraganingizda esa aks silliq va tiniq ko‘rinishi kerak. Agar chiziqlar egilib ko‘rinsa, “yuzib” ketsa yoki yuzasi to‘lqin-to‘lqin bo‘lsa — bu, ehtimol, kuzov ta’miridan dalolat beradi.

Qisqa qilib: mashinani o‘zingiz qanday tekshirishingiz mumkin
Avvalo, hujjatlardan boshlang. Texpasport, VIN va dvigatel raqamini tekshirib chiqing. Sotuvchi mashina egasi bo‘lishi yoki rasmiy ishonchnomaga ega bo‘lishi kerak. Agar avtomobil gaz uskunasi bilan bo‘lsa, unga sertifikat so‘rang.
Belgilarni solishtiring. Kuzovdagi raqamlar hujjatlardagiga mos kelishi va o‘qilishi kerak. Agar o‘chgan yoki shubhali ko‘rinsa — ro‘yxatdan o‘tkazishda muammo chiqishi mumkin.
Kuzovga e’tibor bering. Detallar orasidagi tirqishlar bir xil bo‘lishi kerak. Choklar, germetik va boltlarni tekshirib chiqing — egri chiziqlar, svarka izlari yoki ochilgan boltlar ta’mirdan darak beradi.
Bo‘yoqqa qarang. Agar biror detal rangi yoki yaltirashi boshqalardan farq qilsa — uni bo‘yashgan bo‘lishi mumkin. Bu yomon emas, lekin sotuvchi aytmasa — yaxshi ham emas.
Temirni tekkizib ko‘ring. Panellar qattiq bo‘lishi kerak. Qo‘l ostida “o‘ynasa” yoki shakli o‘zgargan bo‘lsa — demak, katta deformatsiya bo‘lgan.
Qayerda zang chiqayotganini ko‘ring. Pastki qismdagi kichik zang normal holat. Ammo kapot ostida, choklarda yoki eshik oralig‘ida bo‘lsa — bu odatda avariyadan keyin paydo bo‘ladi.
Agar biror narsa shubha uyg‘otsa, yaxshisi, mashinadan voz keching yoki yoningizga mutaxassisni oling. Chunki bitta shubhali belgi ham keyin qimmat ta’mirga aylanib ketishi mumkin.