Rieltorni tekshiring

Ko‘pchilik uylarni rieltorlar orqali ijaraga beradi. Aslida vositachi yordam berishi mumkin: variantlarni topadi, uy egasi bilan gaplashadi, shartnomani tayyorlaydi. Lekin hammasi ham halol emas. Ba’zilari “avans bering” deb, keyin g‘oyib bo‘lib qoladi.

Duch kelgan odamga ishonmang. O‘zbekiston Rieltorlar gildiyasi yoki Rieltorlik tashkilotlari uyushmasi kabi professional rieltorlarda QR-kodli ID-karta bo‘ladi va uning haqiqiyligini tekshirish mumkin. Vositachidan uning Uyushma a’zosi ekanligi va guvohnomasi bor-yo‘qligini so‘rashdan tortinmang.

Agar rieltor hech qayerda ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa undan tavsiyalar so‘rang, tekshiruv o‘tkazing: Uning ishi haqida fikr-mulohazalarni topish uchun Google, Facebook yoki Telegramda uning familiyasi va ismini kiriting.

Agar tanishlardan biri ma’lum bir vositachi orqali uy-joyni ijaraga olgan bo‘lsa va bundan mamnun bo‘lsa — bu, oz bo‘lsa-da kafolatdir. Internetdagi notanish odam bilan tavakkal qilgandan ko‘ra, tavsiya bo‘yicha murojaat qilgan ma’qul. 

Kvartira va shartnomani ko‘rmay oldindan to‘lovni amalga oshirmang. Haqiqiy rieltorlar ijara shartnomasi tuzilganidan so‘ng faqat natija uchun haq olishadi.

Rieltor orqali pul bermang. Kvartira ijarasi va boshqa to‘lovlar uchun pulni faqat uy egasiga  berishingiz kerak. Agar rieltor u orqali pul berishingizni so‘rasa — ehtiyot bo‘lish kerak.

Kvartira hujjatlarini tekshiring

Uyni egasidan yoki rieltor orqali olishingizdan qat’i nazar, hujjatlarni ko‘rmasdan pul bermang.

Mulk huquqi guvohnomasi yoki kadastrdan ko‘chirma. Ushbu hujjatlar kvartira aslida uni ijaraga bergan shaxsga tegishli ekanligini tasdiqlaydi.

Firibgarga tushib qolmaslik uchun ushbu hujjatlarni tekshirish kerak. Ba’zida firibgarlar kvartirani qisqa muddatga ijaraga olib, soxta hujjatlar tayyorlab, boshqa odamlarga ijaraga berishadi. Bunday holda siz, pulni to‘lab uyga kirishingiz mumkin va bir necha kundan so‘ng haqiqiy uy egasi kelib, uyni bo‘shatishni talab qiladi. Bu holda na uy qoladi, na pul.Kvartira bir necha kishiga tegishli bo‘lishi ham mumkin. Bunday holda, barcha ulushdorlar kvartira ijaraga berilayotganidan xabardor bo‘lishlari va bu borada ularning yozma roziligi bo‘lishi shart.

Bu KMYDRdan (Ko‘chmas mulkning yagona davlat reyestri) ko‘chirma namunasi, uning haqiqiyligini QR-kod orqali tekshirish mumkin

ID-karta yoki pasport. Ijarachi oldida haqiqatan ham xonadon egasi bo‘lgan shaxs turganligini tasdiqlaydi. ID-kartaning haqiqiyligini davlat xizmatlari portalidagi JSHSHIR orqali tekshirish mumkin.

Bu muhim: ba’zida firibgarlar kvartiralarni ijaraga olishadi, mulkdorlarning pasportlarini soxtalashtirishadi va uyni kattaroq summaga qayta ijaraga berishadi.

Uyni boshqa shaxs ijaraga bersa, ishonchnoma kerak. Agar uy egasi emas, boshqa odam ijaraga berayotgan bo‘lsa, ishonchnoma bo‘lishi kerak. Hatto “ona o‘g‘liga ishonib topshirgan” holatlarda ham hujjat rasmiylashtirilgani ma’qul. Amalda esa qarindoshlar orasida bu kamdan-kam qilinadi.

Shunday paytda hech bo‘lmasa, ijara haqini to‘g‘ridan-to‘g‘ri uy egasining hisob raqamiga o‘tkazishga kelishib oling. Shunda nizo chiqqanda, pul to‘g‘ri manzilga borganini isbotlash oson bo‘ladi.

Shartnomani imzolashdan oldin shartlarni muhokama qiling

Ko‘pincha ayrim shartlar og‘zaki gaplashiladi. Yaxshisi, bularni oldindan aniq qilib oling — keyin pul, muddat yoki majburiyatlar bo‘yicha tushunmovchilik va tortishuv bo‘lmasin. Qaysi shartlarda yashaysiz, nimalar sizdan, nimalar uy egasidan — buni shundoq boshidayoq kelishib oling.

Ijara haqini qanday to‘lash kerak? Qanday to‘laysiz — naqdmi yoki hisob raqamiga o‘tkazibmi, muddatlar qanaqa — bularni uy egasi bilan aniq kelishib qo‘ying. Pul o‘tkazib to‘lasangiz, skrinshot yoki cheklar saqlansin. Naqd bo‘lsa, uy egasidan sana, summa va imzosi bor tilxat oling. Keyin “kimga, qachon va qancha berdingiz?” degan savol tug‘ilsa, isbot topilishi oson bo‘ladi.

Kommunal xizmatlar uchun to‘lov. Odatda, kommunal xizmatlar va internet uchun ijarachi to‘laydi. Adashib qolmaslik hamda boshqalarning qarzlarini olmaslik uchun, uyga ko‘chib o‘tishda uy egasidan quyidagilarni so‘rang:

Payme mobil ilovasi orqali to‘lovlarni amalga oshirish va uy-joy kommunal xizmatlari uchun to‘lovlarni nazorat qilish qulay - Android va iOS uchun mavjud. “Mening uyim” bo‘limida shaxsiy hisoblarni qo‘shing, shunda barcha hisob-kitoblar avtomatik ravishda ko‘rsatiladi.

Lekin ehtiyot bo‘ling: agar hisoblagich ko‘rsatkichlari har oyda yuborilmasa, yetkazib beruvchilar to‘lovni o‘rtacha deb hisoblaydilar va vaqt o‘tishi bilan qarz yoki ortiqcha to‘lov to‘planishi mumkin. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun ko‘rsatmalarni shaxsan bering. Chiroq uchun: “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ ilovasi orqali - Android va iOS uchun mavjud. Issiqlik va suv uchun:O‘zsuvta’minot” sayti yoki boti, Veolia Energy boti.

Maishiy buzilishlarga kim javob beradi? Kapital ta’mirlash — mulkdorning majburiyati. Ijarachi faqat o‘zi sabab bo‘lgan zararga javobgar: masalan, oynani sindirib qo‘ysa yoki mebelni buzsa. Agar texnika yoki quvurlar eskirishdan buzilsa — bu uy egasining zimmasida. Keyin bahs chiqmasligi uchun bu vaziyatlarni oldindan muhokama qiling va hech bo‘lmaganda yozishmalarda yoki shartnomada yozib qo’ying.

Ko‘chib kelishda kvartirada nimalar qoladi? E’londagi surat va ta’rif har doim ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Masalan, rasmda mikroto‘lqinli pech bor, aslida esa allaqachon olib ketilgan bo‘lishi mumkin. Xuddi shuningdek gilam, parda, idish-tovoq va “keraksiz” deb o‘ylanishi mumkin bo‘lgan mayda narsalarni ham muhokama qiling. Eng to‘g‘risi — uyni birga aylanib chiqib, nimalar ijaraga kiradi, nimalar kirmaydi — bularni aniq kelishib olish.

Uy hayvonlari bilan yashash mumkinmi? Agar it, mushuk yoki boshqa uy hayvoningiz bo‘lsa, bu haqda oldindan ayting. Hamma uy egalari bunga tayyor emas. Ba’zida rozi bo‘lishadi, lekin mebel yoki polga zarar bo‘lishi ehtimoliga qarshi garov miqdorini oshirishni so‘rashadi. Qanday bo‘lmasin, kelishilgan shartlarni hech bo‘lmaganda yozishmalarda qayd etib qo‘ying.

Uydan ko‘chib chiqish uchun qanday shartlar bor? Qachon ogohlantirasiz, qancha muddat oldin aytasiz, uyni qanday holatda topshirasiz — bularni ham oldindan kelishib oling. Aks holda, “ istak bilan” uch kun ichida, hatto pulni qaytarmasdan chiqib ketishingiz talab qilinishi mumkin. Shuning uchun hammasini kamida yozishmalarda qoldirish kerak — eng yaxshisi elektron pochta orqali, chunki messenjerda xabarlar o‘chirilishi mumkin. Bu rasmiy bo‘lmasa ham, tortishuv paytida foyda beradi.

Shartnoma tuzing

Kvartirani shartnoma bilan ijaraga olish — eng to‘g‘ri yo‘l. Shartnoma ikkala tomonni ham himoya qiladi: siz aniq bilasiz — qancha to‘laysiz, qanday sharoitda yashaysiz, uy egasi esa — kvartirasida kim borligini va agar nimadir buzilsa, qanday yo‘l tutishini tushunib oladi. 

Shartnomada nimalarni qayd etish kerak:

Shartnomada yoki unga ilovada mol-mulkning kamchiliklari ko‘rsatilgan ro‘yxatni tuzing. Bu ixtiyoriy shaklda amalga oshiriladi: “ko‘k divan, tirsak suyanchig’ida eskilik alomatlari bor,” “oshxonaga qo‘yilgan yog‘och stul, chayqalib turibdi” va hokazo.

Timemark Camera kabi maxsus ilova yordamida butun kvartirani suratga oling, u suratga geolokatsiya, sana va vaqtni qo‘yishni biladi. Nuqsonlarga alohida e’tibor bering — avval buyumni yirikroq, keyin esa nuqsonni alohida suratga oling. Agar mulkdor sizni zarar yetkazgan deb hisoblasa bu, suratlar sudda sizning haqligingizni isbotlashga yordam beradi. Olingan suratlarni o‘zingizga saqlab qo‘ying va kvartira egasining elektron pochtasiga yuboring.

Shartnoma, agar u soliq organida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, rasman tuzilgan hisoblanadi. Nizo chiqqanda, ro‘yxatdan o‘tmagan shartnoma bilan haqligingizni isbotlash qiyin bo‘ladi.

Shartnomani Soliq ilovasi orqali rasmiylashtirish eng oson yo‘ldir —  shunchaki ijarachilarning pasport ma’lumotlarini kiriting va avtomatik ravishda ijara rasmiy deb hisoblanadi, shartnoma ham avtomatik ravishda tuziladi. Lekin, shartnomani shunchaki qog’ozda rasmiylashtirish hamda uni soliq organida ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.

Slide 1
Bu, qayta tahrirlash mumkin bo‘lgan eng oddiy ijara shartnomasi. Andozani yuklab oling va vaziyatingizga moslab tuzating — qo‘shimcha bandlarni kiriting yoki keraksizlarini olib tashlang
Slide 2
Bu, qayta tahrirlash mumkin bo‘lgan eng oddiy ijara shartnomasi. Andozani yuklab oling va vaziyatingizga moslab tuzating — qo‘shimcha bandlarni kiriting yoki keraksizlarini olib tashlang

Lekin, mulkdorlar ko‘pincha rasmiylashtirmasdan ishlashga harakat qilishadi, chunki kvartirani ijaraga berish uchun ular ijara narxining 12% miqdorida soliq to‘lashlari kerak. Kvartirani shartnomasiz ijaraga olish yoki olmaslik sizning ixtiyoringizda lekin, rasmiylashtirmasdan deyarli huquqsiz ekanligingizni unutmang. Agar siz, norasmiy ijaraga rozi bo‘lsangiz — hech bo‘lmaganda qog’ozli shartnoma, tilxatlar, yozishmalar va pul o‘tkazmalarining skrinshotlari bilan o‘zingizni himoya qiling. 

Qisqacha: kvartirani qanday qilib to‘g‘ri ijaraga olish:

Hujjatlarni tekshiring — kvartira, sizga kvartirani ijaraga bergan odamga tegishli bo‘lishi kerak. Boshqa odam topshirsa - mulk egasidan ishonchnoma kerak.

Kvartirani ko‘zdan kechirmay pul o‘tkazmang. Firibgarning qo‘liga tushish xavfi bor.

Ijara shartnomasini tuzing. U, nizo chiqqan taqdirda sizni himoya qiladi.

Kvartiraga ko‘chib o‘tishdan oldin uni suratga oling va nuqsonlarni qayd eting. Ayniqsa, mebel va texnika — bu, kvartiradan chiqib ketayotganda foydali bo‘lishi yoki yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararda aybdor emasligingizni isbotlashi mumkin.