Turistik keshbek nima o’zi?
Bu — sayohat uchun sarflagan pulingizni bir qismini qaytarish imkoniyati. Xaridlar uchun 1% keshbek olgandek, bu yerda ham xuddi shunday. Bu uchun safarga chiqishdan oldin “Soliq” ilovasida ro‘yxatdan o‘ting, sayohat davomida esa cheklarni yig‘ib, skanerlang.
Kimlar olishi mumkin?
JSHSHIR bor bo‘lsa, “Soliq” ilovasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsangiz – bo‘ldi. O‘zbekiston fuqarosi bo‘lasizmi, xorijlik mehmonmi — farqi yo‘q, bu barcha uchun ochiq.
Cheklar safardan so‘ng 10 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Cheklarni yil bo‘yi yig‘ib, oxirida bitta qilib topshirib bo‘lmaydi.
Nimalarga pul qaytadi?
Sayohatda sarflagan quyidagi pulning bir qismi qaytariladi.
Xarajatlardan 15 foizi qaytariladi:
- Aviachiptalar (borish – qaytish)– 150 000 so‘mgacha;
- Poyezd chiptalari (borish –qaytish) – 80 000 so‘mgacha;
- Mehmonxona – 80 000 so‘mgacha.
Muzey, teatr, sirk va san’at galereyasi chiptalari – narxining 50 foizi qaytadi, lekin 20 000 so‘mdan oshmasa. Masalan, Registonga chipta olganmisiz? O‘sha summa uchun ham keshbek beriladi.
Qanday olish mumkin?
- Sayohatga chiqishdan oldin “Soliq” ilovasidagi “Sayohat uchun keshbek” bo‘limida ariza yarating.
- Sayohat davomida har bir chekni (chipta, mehmonxona, muzey) ilova orqali skan qiling. Chek bo‘lmasa – keshbek ham bo‘lmaydi.
- Sayohatdan keyin ilovada qancha keshbek bo‘lsa — uni kartangizga tushirib olasiz.

Agar tayyor tur paket olgan bo‘lsangiz, faqat bitta QR-kodli chekni skanerlash — yetarli. Barcha xarajatlar avtomatik ravishda hisobga olinadi.