Identifikatsiya o'zi nima?

Identifikatsiya — bu shaxsni tasdiqlash jarayoni. Ilova sizdan pasport ma’lumotlari va selfi so‘raydi. Hamda bu siz ekaningizga ishonch hosil qiladi.

Nega bu kerak bo'lib qoldi?

Bu firibgarlikning oldini olish uchun kerak bo’lgan xavfsizlik chorasi. Davlat fuqarolarni himoya qilish uchun buni talab qilmoqda.

Ilgari, ilovani istalgan odam yuklab olib, shaxsiy ma’lumotni kiritmasdan foydalanishi mumkin edi. Afsuski, bundan firibgarlar foydalanib, odamlarning pullarini o‘g‘irlashgan.

Yangi tartibga ko‘ra, faqat shaxs tasdig’idan o’tganlar ilovaning barcha xizmatlaridan foydalanishi mumkin.

Bu mening harakatlarimni kuzatishadi degani emasmi?

Yo‘q. Identifikatsiya jarayoni faqat sizni firibgarlardan himoya qiladi. Masalan, telefon yo‘qolsa yoki parolni kimdir bilib olsa, hech kim pulni o‘g‘irlay olmaydi.

Ma’lumotlarga faqat rasmiy idoralar kirishga ruxsat olishi mumkin — u ham faqat qonunda ko‘rsatilgan holatlarda. Masalan, hisob egasiga jiddiy ayblovlar qo‘yilib, sud jarayoni ketayotgan bo‘lsa. Kundalik hayotda hech kim hisobingizni kuzatmaydi.

Identifikatsiyadan o‘tgach, nima o‘zgaradi?

Identifikatsiyadan o‘tgach, ilovadagi barcha imkoniyatlar ochiladi: pul o‘tkazish, to‘lovlar, kredit olish va boshqa xizmatlardan bemalol foydalanasiz.

Agar hisobingizda shubhali faoliyat aniqlansa, masalan, pul o‘tkazishga urinishlar bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlash xizmati sizga tezda yordam beradi.

Agar identifikatsiyadan o‘tmasam, nima bo‘ladi? 

Agar identifikatsiyadan o‘tilmasa, faqat balansni ko‘ra olasiz. To‘lovlar, pul o‘tkazmalarini yuborish, kommunal xizmatlarni to‘lash yoki boshqa har qanday operatsiyalar vaqtincha ishlamaydi.

Bizda yana nimadir o‘ylab topishibdi. Boshqa mamlakatlarda bu yo‘q bo‘lsa kerak?

Bor. Identifikatsiya dunyoning ko‘plab davlatlarida, jumladan Yevropa, Osiyo va AQSHda qo‘llaniladi. Bu xavfsizlik chorasi sifatida keng qabul qilingan.

Masalan, Rossiyada T-Bank ilovasida shaxsni tasdiqlash uchun bir nechta oddiy bosqichdan o‘tish kerak: parolni kiritasiz, kartangizdagi oxirgi raqamlarni aytasiz va videoqo‘ng‘iroqqa javob berasiz. Bu hisob egasi uchun oson, firibgar esa bu ishni qila olmaydi.

Qanday qilib identifikatsiyadan o‘tish mumkin? 

Identifikatsiyadan ilovaning o‘zida o‘tish mumkin, bu juda oson. Masalan, payme’da bu quyidagicha ishlaydi:

  1. "Profil" bo‘limiga o‘ting va "Shaxsni tasdiqlash" tugmasini bosing. Havola orqali ham o‘tish mumkin.
  2. Pasport ma’lumotlarni yoki JSHSHIRni kiriting. Agar hujjat yoningizda bo‘lmasa, ma’lumotlarni Soliq yoki MyGov ilovasidan topish mumkin. "Davom etish" tugmasini bosing.
  3. Yuzingizni skanerlang. Ko‘zoynak bo’lsa, uni yechish kerak. Ro‘molni yechish shart emas. Jilmaymasdan, kameraga 3-5 soniya qarab turing.
Slide 1
Slide 2
Slide 3

Tayyor! Endi ilovadan avvalgidek foydalana olasiz, pullaringiz esa yanada ishonchliroq himoyalangan bo‘ladi.